Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Raximovning hokimlik jamoalariga M U R O J A A T I
Bugungi kunda mamlakatimizda davlat va jamiyat boshqaruvining turli sohalarida korrupsiyaviy holatlarning oldini olish hamda unga qarshi kurashish borasida keskin va murosasiz kurash olib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinishi, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasining tashkil etilishi mamlakatimizda korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Korrupsiya mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlashga to‘sqinlik qiladi, jamiyatda ijtimoiy keskinlik, davlat hokimiyat organlariga ishonchsizlikni keltirib chiqaradi, iqtisodiyotni izdan chiqaradi.
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Davlat tizimini ichidan yemiradigan, ijtimoiy barqarorlik kushandasi bo‘lgan korrupsiya balosiga qarshi, byurokratiyaning har qanday ko‘rinishlariga, odamlarni mensimaslik, mahalliychilik va guruhbozlik illatlariga qarshi barchamiz keskin kurash olib borishimiz kerak”, deya alohida ta’kidlaganlari korrupsiyaning jamiyat uchun naqadar xavfli illat ekanligini ko‘rsatadi.
Xalqimiz farovonligi, yurtimizning rivoji va gullab yashnashini, obod bo‘lishini istagan har bir fuqaro, har bir davlat xizmatchisi bu illatlardan xalos bo‘lishi, bir so‘z bilan aytganda, “halollik vaksinasi” bilan emlanishi zarur.
Ayrim davlat xizmatchilari faoliyatlari davomida o‘z manfaatlarini ko‘zlab, noqonuniy ishlarga qo‘l urayotgan holatlar uchrab turibdi. Xalqimiz “Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yilda ham chiqadi”, deb bejiz aytmagan. Sodir etilgan har qanday korrupsiyaviy jinoyat sirligicha qolmaydi, albatta, oshkor bo‘ladi va qonuniy chora ko‘riladi.
Davlat xizmatchisi – bu oddiy xodim emas, uning zimmasiga juda ulkan mas’uliyat yuklangan, davlat va xalq manfaatlarini himoya qiluvchi shaxsdir. Davlat xizmatchisi degan sharafli nomga dog‘ tushirmaslik uchun, eng avvalo, halol bo‘lish, barcha vazifalarni vijdonan, yuksak vatanparvarlik tuyg‘usi bilan bajarish talab etiladi. Bu talablar O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 8-avgustda qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunida ham mustahkamlab qo‘yilgan.
Ish faoliyatimizda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga murosasiz munosabatda bo‘lish, xalqimizga halol va sadoqat bilan xizmat qilishni asosiy burchimiz va vazifamiz deb bilaylik.
Faoliyatimizni qaytadan xolis tahlil qilib, mahalliy ijro hokimiyati oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalarni sidqidildan bajarishga barcha kuch va salohiyatimizni safarbar etaylik.
Go‘zal va betakror yurtimizning bugungi va ertangi kuni, buyuk kelajagi uchun, avvalambor, o‘zimiz mas’ul ekanligimizni unutmaylik!
Davlatimiz rahbari tomonidan Taraqqiyot strategiyasi hamda
2022-yil 20-dekabrdagi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida belgilab berilgan maqsad va vazifalarning ijrosini so‘zsiz va og‘ishmay bajarilishini ta’minlaylik!
Barchangizni birgalikda jamiyat taraqqiyoti uchun eng xavfli illat - korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borishga da’vat qilaman!
Бош саҳифага қайтиш