FOND MABLAG‘LARI NIMAGA SARFLANYAPTI?
2022 yilda "Mahalla" xayriya jamoat fondi Xorazm viloyat bo‘limi va uning hududiy bo‘linmalar hisob raqamiga umumxalq xayriya hasharidan kelib tushgan xayriya mablag‘lari qanday tasarruf qilindi?
–Umumxalq bayramlari va shonli sanalar munosabati bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam taʼminlangan oilalarga 120 million 400 ming so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi, – deydi fondning Xorazm viloyati boshqaruvi raisi Altiboy Rajapov.– Ehtiyojmand, ota-ona qarmog‘idan mahrum bo‘lgan, og‘ir sharoitda bo‘lgan bolalar, yakka yolg‘iz qariyalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash va sog‘lig‘ini tiklash uchun 122 million 500 ming so‘m, mahallalardagi kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlarini yoz mavsumida oromgohlarda sog‘lomlashtirish uchun 32 million so‘mdan ziyod pul mablag‘lari ajratildi. "Muruvvat" va "Saxovat" uyidagi hamda mahallalardagi ehtiyojmand fuqarolarga 20 million so‘mlik kiyim-kechak mahsulotlari yetkazib berildi.
Bundan tashqari, fond hisobidan ko‘zi ojiz nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksalarni O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyatining "Yangiyo‘l" yurak-asab kasalliklari sihatgohida sog‘lomlashtirish uchun 50 million so‘m, fuqarolar yig‘ini faoliyatida faol ishtirok etib kelayotgan fuqarolar va "Mahalla" fondi tizimida yuqori ko‘rsatgichlarga erishgan xodimlar hamda ehtiyojmand oilalarni "Navbahor” sihatgohida dam olishi va sog‘lig‘ini tiklash uchun 50 million so‘m pul mablag‘lari ajratilgan.
Shuningdek fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari majmualarini mebel, texnika, boshqa uskuna va jihozlarga bo‘lgan ehtiyojini qoplash va taʼminlash maqsadida 261 million 300 ming so‘m pul mablag‘i hisobiga 9 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga kompyuterlar jamlanmasi, 38 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga mebellar jamlanmasi olib berilgan.
Mahalla" xayriya jamoat fondi Xorazm viloyati bo‘limi matbuot xizmati
Бош саҳифага қайтиш