
Xorazm viloyati er tuzilishi jihatidan ikki qismga. Dengiz satxidan 100-110 m baland bo‘lgan katta shimoliy qismga va dengiz satxidan 120-150 metrgacha baland bo‘lgan chekka janubiy qismga bo‘lish mumkin.
Viloyat iqlimi keskin kontinental bo‘lib, hududining qumlar bilan o‘ralganligi sababli yoz kunlari harorat +43°+45° C darajaga ko‘tariladi. Xorazm viloyati ma’muriy xududiy tuzilishi bo‘yicha 11 ta tuman hamda Urganch va Xiva shaharlariga ajratiladi.
Viloyatda xalqaro klassdagi aeroport bo‘lib, hozirda turli yo‘nalishlar bo‘yicha havo yo‘llari bilan bog‘langan.
Viloyat hududida ko‘plab tarixiy yodgorliklar mavjud. Ayniqsa, Xiva shahridagi me’moriy obidalar bugun dunyo ahlining e’tiborini tortib kelmoqda. Bu erda Ark, Kaltaminor, Pahlavon Mahmud maqbarasi, Deshanqal’a yodgorliklari alohida ajralib turadi. Xivadagi Ichanqa’la yodgorlik majmui esa YuNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Sharq durdonasi bo‘lgan qadimiy Xiva shahrining 2500 yilligi 1997 yilda xalqaro miqyosda keng nishonlandi.
Xorazm viloyati mustaqil o‘zbek davlatchiligini qayta tiklash, istiqlolimizni mustahkamlash, yurtimiz salohiyatini yanada oshirish, milliy qadriyatlarimizni ko‘z qorachigidek asrash va boyitish, yosh avlodni milliy istiqlol g‘oyasi ruhida tarbiyalash ishiga qo‘shgan hissasi uchun 2003 yilda Vatanimizning yuksak mukofoti - Jaloliddin Manguberdi ordeni bilan taqdirlangan.
Ma’lumki, Xorazm diyori dunyo tsivilizatsiyasining eng qadimiy beshiklaridan biri hisoblanadi. Olimlarning xulosalariga ko‘ra, milliy davlatchiligimizning asoslari ham dastlab mana shu erda yaratilgan.
Xalqimiz manaviyatining noyob yodgorligi bo‘lgan «Avesto» kitobi ham Xorazm tuprog‘ida yaratilgani bugungi kunda ko‘pchilikka yaxshi ma’lum. «Xorazm» so‘zi ham ilk bor ana shu noyob kitobda uchraydi. Xorazm so‘zi forscha «xvar» - quyosh va «azm» - o‘lka, er, yurt so‘zlarining birikmasidan kelib chiqqan bo‘lib, «quyoshli o‘lka» degan ma’noni anglatadi.
Bu ko‘hna zamin dunyoga algebra, algoritm kabi fanlarga asos solgan Muhammad Xorazmiy, Xristofor Kolumbdan besh yuz yil oldin Atlantika ummoni ortida quruklik, noma’lum qit’a borligini aytib, erning aylana shakldagi xaritasini yaratgan Abu Rayhon Beruniy, arab tilining mukammal qonun-qoidalarini ishlab chiqqan, butun musulmon olamida Jorulloh, ya’ni Ollohning qo‘shnisi degan nomga sazovor bo‘lgan Mahmud Zamahshariy singari allomalarni bergan. Xorazm viloyati Paxlavon Mahmud, Sulton Uvays, Nosiriddin Rabg‘uziy, Sulaymon Boqirg‘oniy, Bahouddin Valad va uning buyuk o‘g‘li Jaloliddin Rumiy, Abulqosim Ali Xorazmiy, Ismoil Jurjoniy, Sirojiddin Sakkokiy, Munis, Bayoniy, Chokar, Hojixon Boltaev, Komiljon Otaniyozov singari ko‘plab mutafakkir, ilm-fan va san’at namoyandalarining vatani hisoblanadi.