O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6166-son Farmoni, 2021-yil 31-maydagi “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5132-sonli qarori hamda 2025-yil 25-iyuldagi “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-117-sonli Farmonida belgilangan topshiriqlar asosida Xorazm viloyati hokimligida “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo elektron tizimi orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari hamda majlis bayonlarida berilgan topshiriqlari o‘z vaqtida ijroga qaratilib, sifatli bajarilishi qat’iy nazoratga olingan.
Haftaning har dushanba kuni viloyat hokimi rahbarligida, haftaning juma kunlari hokimning birinchi o‘rinbosari huzurida ijro intizomi holati tanqidiy muhokama qilib kelinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari ijrosi kunbay qat’iy nazorat qilinmoqda.
“Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo elektron tizimiga kiritilgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar Adliya vazirligi, Vazirlar Mahkamasi hamda Hisob palatasi tomonidan ekspertizadan o‘tkazilganidan so‘ng nazoratdan yechilishi belgilanganligini inobatga olgan holda, viloyat hokimligi apparatida ushbu topshiriqlar belgilangan muddatlarda va puxta bajarilishini ta’minlash maqsadida oldindan ogohlantirish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Ya’ni, joriy yil yakuniga qadar muddati keladigan topshiriqlarning sifatli bajarilishi, shuningdek, bajarilmaslik xavfi mavjud topshiriqlarni bajarish choralarini ko‘rish maqsadida har hafta 2 marotaba kelgusi oy hamda joriy yil yakuniga qadar ijro muddati keladigan topshiriqlar ro‘yxati eslatma sifatida hokimning o‘rinbosarlari, maslahatchilari, bo‘linma rahbarlariga hamda tuman va shahar hokimliklariga yetkazilmoqda. Hokimlik apparatida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlari ijrosi haqidagi ma’lumotlarni ijro muddati yakunlanishini kutmasdan elektron dasturga oldindan kiritib borish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Viloyat hokimligi apparati mas’ul xodimlari tomonidan har oyda tasdiqlangan grafik asosida tuman, shahar hamda viloyat boshqarmalar, korxona va tashkilotlarida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlari ijrosi maqsadli o‘rganilmoqda. Jumladan, joriy yilning iyun-iyul oylari davomida 8 ta (Gurlan, Yangibozor, Shovot, Yangiariq, Hazorasp, Qo‘shko‘pir, Tuproqqal’a va Bog‘ot) tuman hokimliklarida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlari ijrosi holati o‘rganilib, topshiriqlar ijrosini tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatildi.
2025-yilning 7 oyi davomida viloyat hokimligi apparati va tegishli boshqarma tashkilot rahbarlari ishtirokida ijro intizomining holati 69 marotaba muhokama qilindi.
2023-yil 21-noyabr kuni Prezidentimiz rahbarliklarida kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, har bir topshiriqqa “temir intizom” bilan jiddiy yondashib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatning topshiriqlarini o‘z vaqtida, samarali hamda to‘liq bajarishda viloyat hokimining o‘rinbosarlari, viloyat korxona tashkilotlar rahbarlari, tuman va shaharlar hokimlarining roli hamda shaxsiy javobgarligini oshirish choralari ko‘rilib, sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mas’ul rahbarlarga nisbatan intizomiy jazo choralari ko‘rib borilmoqda.
“Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimida 2025-yilning o‘tgan davri davomida viloyatga daxldor 2576 ta topshiriq kelib tushgan bo‘lib (2024 yilga nisbatan 923 taga yoki 35 % ga oshgan), ushbu topshiriqlarning 1061 tasida viloyat hokimligi asosiy ijrochi hamda 1515 tasida hamijrochi sifatida belgilangan. Ushbu topshiriqlarning 2576 tasi (100%)ning ijrosi ta’minlanib, nazoratdan yechilgan. “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimida Xorazm viloyatiga daxldor 2 922 ta topshiriqning (1 ta qonunda 5 ta, 95 ta Farmonlarda 676 ta, 273 ta qarorlarda 1 797 ta, 4 ta farmoyishlarda 11 ta, 110 ta bayonlarda 433 ta) ijrosi davom etmoqda.
Joriy yilning iyul oyida “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimida Prezidentimizning viloyat hokimligiga daxldor 228 ta topshiriqlar kelib tushgan bo‘lib, barchasining ijrosi ta’minlandi.
Shuningdek, ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimining Vazirlar Mahkamasi topshiriqlari modulida Hukumatimizning viloyat hokimligiga daxldor 282 ta topshirig‘i kelib tushgan bo‘lib, ularning barchasining ijrosi ta’minlandi. Joriy yilning avgust oyida Prezidentmizning viloyatga daxldor 153 ta hamda Vazirlar Mahkamasining 74 ta topshiriqlarining ijro muddati belgilangan bo‘lib, mazkur topshiriqlarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha kunbay kalendar grafik ishlab chiqildi.
Viloyat hokimi rahbarligida 2025-yilning 25-iyulda o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilinib, har bir hokim o‘rinbosarlari kesimida “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqilib, tasdiqlandi hamda ijroga qaratildi. Avgust oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 153 ta topshiriqlaridan 63 tasining hamda Hukumatning 74 ta topshiriqlaridan 46 tasining barvaqt ijrosi ta’minlandi hamda qolgan topshiriqlar ijrosini belgilangan muddatlarda va sifatli ta’minlash bo‘yicha barcha zaruriy chora-tadbirlar ishlab chiqildi.