Bugun viloyatimizda oʼzlarining koʼp yillik fidokorona mehnatlari bilan el-yurt hurmatini qozongan nuroniylar, Yangi Oʼzbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qoʼshib kelayotgan oʼrta avlod vakillari hamda faol yoshlar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri oʼtkazildi. Tadbir ishtirokchilari dastavval Xiva shahrida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tashkil qilingan koʼchat ekish tadbirida qatnashdilar.
Uchrashuv Urganch shahrida bir piyola choy ustida dildan suhbatlar bilan davom etdi. Tadbirda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Joʼrabek Raximov, Respublika “Nuroniy” jamgʼarmasi boshqaruvi raisi Sodiqjon Turdiev soʼzga chiqib, mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz boshchiligida “Inson qadri uchun” gʼoyasi asosida amalga oshirilayotgan tub oʼzgarishlar haqida toʼxtaldilar. Yangi Oʼzbekistonning taraqqiyot sari dadil odimlari uch avlod vakillarining samimiy suhbatlari, muloqotlarining asosiy mavzusi boʼldi. Shu zaminda tugʼilib oʼsib, halol mehnati bilan xalqimiz eʼzozi, davlatimiz eʼtiboriga sazovor boʼlgan eldoshlarimizning hayot yoʼllari haqidagi tarixiy videolavhalar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Viloyat sanʼat ustalari ijrosidagi madaniy dastur barchaga xush kayfiyat bagʼishladi.
Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati