Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Joʼrabek Raximov Urganch tumanidagi “Ulli hovli” turistik majmuasi hamda “Oʼzbek-Turkman doʼstlik uyi”da boʼlib, ushbu tarixiy maskanga xorijiy va mahalliy sayyohlarni jalb qilish, turizm eksportini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Gʼoybu qishlogʼida 1650-1690 yillar oraligʼida qurilgan ushbu qadimiy qoʼrgʼon Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2017-2018 yillarda restavratsiya qilinib, bu yerda hunarmandchilik markazi, restoran, 15 oʼrinli mehmonxona, muzey, kinozal, fotogalereya, mashhur axaltaka zotli otlar, nortuyalar boqiladigan maxsus joylar tashkil etildi. “Ulli hovli” turistik markazi rahbari Davlatnazar Rajabov ushbu tarixiy majmuaga sayyohlar oqimini yanada koʼpaytirish, buning uchun yangi xizmat turlarini tashkil qilish va dunyo miqiyosida targʼibotini kuchaytirish boʼyicha rejalari bilan tanishtirdi.
Viloyat rahbari majmuaga yondosh hududda barpo etilgan “Oʼzbek-Turkman doʼstlik uyi”da ham boʼldi. Bu yerda oʼzbek va turkman xalqlari doʼstligining teran tarixiy ildizlarini aks ettiruvchi muzey, ikki mingdan ortiq kitob fondiga ega kutubxona va turli toʼgaraklar faoliyat koʼrsatmoqda.
Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati