Urganch shahar o‘quv sport texnika klubi bazasida O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Xorazm viloyati texnik va amaliy sport turlari markazi va "Mahalla" xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi hamkorligida pnevmatik quroldan o‘q otish sporti bo‘yicha viloyat kubogining birinchi bosqichi o‘tkazildi.
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida sportning texnik va amaliy turlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan musobaqada shahar va tumanlarning 2005-yilda tug‘ilgan va undan kichik yoshdagi 60 nafardan ziyod sportchilari merganlik mahoratini namoyish etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra umumjamoa hisobida Urganch shahar o‘quv sport texnika klubi birinchi, Urganch tumani o‘quv sport texnika klubi ikkinchi va viloyat texnik va amaliy sport turlari markazi jamoasi uchinchi o‘rinni egalladilar.
Musobaqa g‘oliblari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
"Mahalla" xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi matbuot xizmati