Gerb Bayroq Madhiya Davlat mukofotlari Bosh sahifa Mobil versiya Sayt xaritasi Forum
Белгиланган матнни тинглаш учун ушбу тугмани босинг Матнни тинглаш!
0(362) 223-00-06
Ish tartibi 900 - 1800
  • xorazm.uz

    Yurtboshimizning tabiri bilan aytganda, Xorazm «O‘zbek davlatchiligining ilk tamal toshi qo‘yilgan muqaddas zamin!». Insoniyat tamadduni o‘choqlaridan hisoblanmish bu ko‘hna yurtdan ne-ne buyuk allomalar, qomuschi olimlar, ahli donishlar, avliyo-anbiyolar yetishib chiqgan.

  • xorazm.uz

    Istiqlol tufayli yurtimizdagi qadim shaharlar va qal’alar, madaniyat o‘choqlarini ko‘rish, ziyorat qilish uchun yetti iqlimdan kelayotgan sayyohlarning soni yildan-yilga oshmoqda. Jahon bizning mo‘tabar yurtimizni ko‘rishga orzumand!

  • xorazm.uz

    Prezidentimizning “2013-2015 yillarda Xorazm viloyati sanoati salohiyatini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi tarixiy qaroridan keyin amaliyotga allaqachon tatbiq qilinayotgan ulkan qurilishu ta‘mirlash, eng zamonaviy asbob-uskunalar keltirish, kerakli mutaxassislarni o‘qitish, o‘rgatish jarayoni jadal yo‘lga qo‘yildi.

  • xorazm.uz

    Xalqimiz dasturxonining fayziyobligi, bozorlarimizning to‘kinligiyu oziq-ovqat mahsulotlarining serobligi, arzonligi, bir so‘z bilan aytganda yurtimiz farovonligi bobodehqonlarimizning mehnati mahsulidir. Xorazm voxasi qishloq xo‘jaligi soxasida xam yetakchilardan hisoblanadi.


Xorazm viloyati hokimligining reglamenti (120kb)
Xorazm viloyati hokimligining
R E G L A M E N T I

Umumiy qoidalar
1. Ushbu Reglament O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 100, 101-moddalari, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari, farmoyishlari hamda Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 12-yanvar 12-sonli “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori talablari asosida viloyat hokimligining faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Viloyat hokimligi viloyatni ijtimoiy - iqtisodiy rivojlantirish vazifalari amalga oshirilishini, hududlarda O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari, Oliy Majlisning palatalari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, xalq deputatlari viloyat Kengashi hamda viloyat hokimining qaror va farmoyishlari, bayonnomalari, topshiriqlari ijrosini ta’minlaydi.
Davlat boshqaruvi organlarining o‘zini-o‘zi boshqarish organlari hamda nodavlat tashkilotlar bilan aloqalarini muvofiqlashtiradi, aholini viloyat, tuman va shaharni boshqarishga jalb etishni ta’minlaydi.
3. Viloyat hokimligi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashi oldida hisob beradi.
4. Viloyat hokimligi vakolatlarining amalga oshirilishi viloyat hokimi, hokim o‘rinbosarlari, mahalliy davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, tuman va shahar hokimlari, viloyat hokimligining doimiy, muvaqqat komissiyalari, tegishli qarorlar bilan tashkil etilgan boshqa ishchi organlarning hamda viloyat hokimligi apparatining tashkiliy-amaliy ishi bilan ta’minlanadi.
5. Viloyat hokimligi faoliyati viloyat hokimi tomonidan tashkil etiladi.
Viloyat hokimi qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlar doirasida hududdagi barcha organlar, korxonalar va tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlar chiqaradi.
Viloyat hokimining me’yoriy tusdagi yoki muhim ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlari qaror shaklida qabul qilinadi.
Viloyat hokimining tezkor va boshqa joriy masalalar bo‘yicha hujjatlari farmoyish shaklida qabul qilinadi.
6. Viloyat hokimligi apparati o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘isida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 29 mart 140-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi viloyatlari, shaharlari va tumanlari hokimliklari apparatlarida ish yuritish va xujjatlar ijrosini nazorat qilishni tashkil etish bo‘yicha yo‘riqnoma” hamda ushbu reglamentga amal qiladi.
Maxfiy hujjatlar bilan ishlash tartibi maxsus yo‘riqnomalar bilan belgilanadi.
Fuqarolarning takliflari, arizalari va shikoyatlari bo‘yicha ish yuritish “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni asosida amalga oshiriladi.
7. Hokimlik apparatining umumiy bo‘limi viloyat hokimi  ko‘rsatmasiga binoan hokimlik apparati xodimlarini O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda hokimlikka kelgan boshqa me’yoriy hujjatlar hamda mazkur reglament bilan tanishtiradi.

Viloyat hokimligi apparatining tuzilmasi

1. Viloyat hokimligi apparatiga hokim rahbarlik qiladi. Hokim O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan mikdorda birinchi o‘rinbosar va o‘rinbosarlarga ega bo‘ladi.
Viloyat hokimi o‘rinbosarlari hokim tomonidan belgilangan vazifalar taqsimotiga muvofiq ish bajaradilar.
2. Viloyat hokimligi apparati hokim tomonidan Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan namunaviy tuzilma asosida xalq deputatlari viloyat Kengashi tasdiqlagan byudjet doirasida shakllantiriladi.
Viloyat hokimligi apparati bo‘limlar, guruhlar, hokim o‘rinbosarlari kotibiyatlari va ishlar boshqarmasi singari tarkibiy bo‘linmalardan iborat bo‘ladi. Ushbu bo‘linmalar faoliyati ularning rahbarlari tomonidan viloyat hokimining qarori bilan tasdiqlangan Nizomlar asosida tashkil etiladi. 
Viloyat hokimligi apparati:
-sohalar va hududlarda o‘tkazilayotgan islohotlarni chuqurlashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan maqsadli dasturlarning amalda bajarilishini ta’minlaydi;
-hokimlik muhokamasiga kiritilayotgan hujjatlar loyihalarini belgilangan muddatda ishlab chiqilishini tashkil qiladi. Yuqori tashkilotlar hamda hokim qaror va farmoyishlarining mahalliy boshqaruv organlari hamda idoralari tomonidan o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlaydi va nazoratini tashkil qiladi;
- bo‘lim, guruh va kotibiyat vakolatiga taalluqli masalalar bo‘yicha tahliliy hujjatlarni tayyorlaydi va hokimlikka tushgan axborot, taklif va muloxazalarni umumlashtiradi.

Viloyat hokimligi apparati ishini rejalashtirish

1. Viloyat hokimligi apparati faoliyati hududni iqtisodiy - ijtimoiy rivojlantirishning istiqbolga va bir yilga mo‘ljallangan maqsadli dasturlari asosida tuziladigan yarim yillik ish rejalari hamda viloyat hokimi qarori bilan tasdiqlanadigan asosiy tadbirlar jadvaliga muvofiq olib boriladi.
2. Viloyat hokimligi Ish rejasida qo‘yidagi masalalar nazarda tutiladi:
- kadrlar bilan ishlash (rahbarlik lavozimlariga kadrlar tayyorlash va ehtiyoj asosida mutaxassis kadrlar tayyorlash);
O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Oliy Majlis palatalari qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, farmoyishlari, xalq deputatlari viloyat Kengashi va viloyat hokimi qarorlari ijrosini tashkil etish hamda nazoratini amalga oshirish;
- Davlat dasturlari hamda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan maqsadli dasturlar  ijrosini tashkil etish;
- viloyatda, hududlarda iqtisodiy islohotlarning borishini tahlil qilish;
- viloyat hokimligi huzuridagi komissiyalar, kengashlar va ishchi guruhlar faoliyatini tashkil etish va majlislarini o‘tkazish;
- viloyat hokimlik soati yig‘ilishlarini o‘tkazish;
- nazorat va ijro;
- fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish uchun qarorlar loyihalarini tayyorlash 

1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Reglamentining 18-bandiga muvofiq Vazirlar Mahkamasiga ko‘rib chiqish uchun masalalar viloyat hokimi, istisno hollarda esa viloyat hokimining ruxsati bilan hokimning birinchi o‘rinbosari tomonidan kiritilishi mumkin. 
Hujjatlar loyihasining asoslanganligi va sifati, keltirilgan ma’lumotlar va boshqa materiallarning to‘g‘riligi, shuningdek ularning tegishli organlar va tashkilotlarda kelishib olinishi uchun javobgarlik  viloyat hokimi, istisno hollarda esa viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari zimmasiga yuklanadi. 
Kelishib olish uchun yuborilgan hujjatlar loyihalariga tegishli organlar va tashkilotlarning birinchi rahbarlari tomonidan: 
Qonun loyihalari bo‘yicha-7 kalendar kun mobaynida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari loyihalari bo‘yicha-3 kalendar kun, Vazirlar Mahkamasi farmoyishlari loyihalari bo‘yicha ko‘pi bilan 2 kalendar kun mobaynida rozilik imzosi qo‘yiladi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamentining 34-bandiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlaridan yuborilgan topshiriqnomalarga muvofiq yoxud tashabbus ko‘rsatish tartibida viloyat hokimligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari loyihalari tayyorlanishi mumkin.
Ishlab chiqilgan hukumat qarorlari va farmoyishlarining loyihalari belgilangan tartibda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan hamda majburiy tartibda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishib olingandan keyin viloyat hokimi, istisno hollarda esa viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari tomonidan Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Loyihalarga mazkur qarorni qabul qilish zururiyatini asoslashdan iborat bo‘lgan viloyat hokimi tomonidan imzolangan tushuntirish xati, zarur hisob-kitoblar va ko‘rib chiqish materiallari, taqdim etilayotgan loyihalarni amalga oshirish natijalari, qiymati ilova qilinadi. 

Viloyat hokimining qaror va farmoyishlari loyihalarini tayyorlash, rasmiylashtirish va tarqatish

a) Qaror va farmoyish loyihalarining tayyorlanishini tashkil etish.
1. Viloyat hokimining qaror va farmoyishlari hokim tomonidan, u bo‘lmagan hollarda imzo qo‘yish vakolatiga ega bo‘lgan hokimning birinchi o‘rinbosari yoki hokim qaror yoki farmoyish bilan belgilagan o‘rinbosar tomonidan imzolanadi.
2. Qaror va farmoyish loyihalari viloyat hokimi o‘rinbosarlarining kotibiyatlari, apparatning bo‘lim va guruhlari tomonidan bir nusxada tayyorlanadi. 
Iqtisodiyotning alohida tarmoqlari, davlat boshqaruvining boshqa sohalariga doir qaror va farmoyish loyihalarini tayyorlashga tegishli tarmoqlar va boshqaruv sohalarining holati va rivojlanishi uchun mas’ul bo‘lgan idoralar jalb etiladi.
3. Normativ xususiyatiga ega bo‘lgan qaror loyihasini tayyorlash uchun qoida tariqasida komissiya tuziladi. Loyihani tayyorlashga manfaatdor davlat organlari, ilmiy muassasalar va ayrim fuqarolar jalb etilishi mumkin.
4. Qaror va farmoyish loyihasida mavjud imkoniyatlarni hisobga olgan holda muhokama qilinadigan masalalarga to‘liq baho berilishi, amaldagi qonunchilikka mos bo‘lishi, chuqur tahlil qilinib, ahvol ob’ektiv ravishda talqin qilinmog‘i lozim. Takliflarda muammoni hal qilish bo‘yicha aniq masalalar va tadbirlar davlat tilida bayon etilishi, ijrochilar tomonidan bajarilishining, shuningdek, qaror va farmoyishlarni to‘liq ijro etilishining aniq muddatlari va nazoratga oluvchi shaxs ko‘rsatilmog‘i zarur.
5. Qaror va farmoyishlar loyihalari, uni tayyorlovchi kotibiyat mudiri, tegishli hokim o‘rinbosarlari, mazkur hujjatni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha tashkilotlar rahbarlari, axborot-tahlil va tashkiliy-nazorat guruhlari rahbarlari, umumiy bo‘lim mudiri, bosh mutaxassis-huquqshunos, ishlar boshqaruvchisi tomonidan vizalanishi lozim. Qaror va farmoyishga ilovalar, uni tayyorlovchi kotibiyat, bo‘lim va guruh rahbari tomonidan imzolanadi, tegishliligiga qarab viloyat hokimi o‘rinbosari vizasi olinadi. Qaror va farmoyish loyihasiga vizalar hujjatning oxirgi betida o‘ng tomonida mavzudan bo‘sh joyda qo‘yilib, familiyasi, lavozimi va imzo chekkan vaqti ko‘rsatilishi lozim. Qaror, farmoyish loyihasi yoki uning alohida bandlari to‘g‘risida boshqacha fikrlar bo‘lsa, ularni asoslovchi ma’lumotnoma taqdim qilinadi. Qaror va farmoyish loyihasiga ushbu hujjatni tarqatish varaqasi tegishli hokim o‘rinbosari imzosi bilan ilova qilinadi. Barcha vizalar qo‘yilgan qaror yoki farmoyish loyihasi umumiy bo‘lim mudiri tomonidan viloyat hokimiga imzo uchun kiritiladi. 
6. Viloyat hokimligida tayyorlanadigan barcha qaror va farmoyishlar loyihalari tegishli rahbarlarga vizalashga kiritilishidan oldin, hujjatni ekspert baholash uchun axborot-tahlil guruhi rahbari va huquqiy baho berish uchun bosh mutaxassis-huquqshunosning imzolari olinishi shart.
Loyihada huquqiy aktlarni qabul qilinishi uchun asos bo‘ladigan barcha me’yoriy va tegishli hujjatlar ilova qilingan bo‘lishi lozim.
Bosh mutaxassis-huquqshunos hujjatlarni atroflicha tahlil qilgach, huquqiy baho bergan holda o‘z vizasini qo‘yadi yoki qayta ishlash uchun yuboradi.
7. Xalq deputatlari viloyat Kengashida tasdiqlanishi nazarda tutilgan viloyat hokimi qarorlari loyihalarini tayyorlash Kengashning tegishli doimiy komissiyalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

b) Viloyat hokimining qaror va farmoyishlari loyihalarining ekspertizasi.

Viloyat hokimining normativ xususiyatga ega bo‘lgan qarorlari loyihalarining yuridik ekspertizasi viloyat adliya boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi. Loyiha sifatiga baho berish uchun hujjat boshqa xil (iqtisodiy, moliyaviy, ilmiy-texnikaviy, ekologiya va o‘zga) ekspertizadan ham o‘tkazilishi mumkin. Ekspertlar sifatida tegishli loyihani tayyorlashda ilgari bevosita ishtirok etmagan tashkilotlar va shaxslar jalb etiladi.

v) Viloyat hokimining qaror va farmoyishlari mazmuniga nisbatan qo‘yiladigan talablar.

Qaror va farmoyishlar loyihalari matni lo‘nda, oddiy va ravon tilda bayon etiladi. Hujjatda foydalaniladigan tushunchalar va atamalar ularning amaldagi qonun hujjatlarida qabul qilingan mazmuniga muvofiq, turlicha sharhlash imkoniyatini istisno etadigan tarzda bir xil qo‘llaniladi. Eskirgan hamda ko‘p ma’noni anglatadigan so‘zlar va iboralar, majoziy taqqoslashlar, sifatlashlar qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. 
Hujjat loyihasida uni amalga oshirishning huquqiy vositalari, shu jumladan moliyalashtirish manbalari va nazorat qilish chora-tadbirlari ko‘rsatilishi mumkin.
Qaror va farmoyish loyihalarida ko‘rsatmalar tartib raqamiga ega bo‘lgan bandlar tarzida bayon etiladi. Bandlar xatboshilarga bo‘linishi mumkin.
Hujjat loyihasida uni qabul qilish sabablari va maqsadlarini tushuntirishdan iborat bo‘lgan muqaddima kiritilishi mumkin.
Yangi qaror qabul qilinganligi munosabati bilan ilgari shu masala bo‘yicha qabul qilingan qarorlarga zarur o‘zgartirishlar yoki qo‘shimchalar kiritiladi hamda ilgari  barcha hujjatlar yoki ularning qismlari, agar ular yangi qaror ko‘rsatmalariga zid bo‘lsa yoxud yangi hujjat bilan to‘laligicha  qamrab olingan yoki amalda o‘z ahamiyatini yo‘qotgan, lekin rasman o‘z kuchini yo‘kotgan deb e’tirof etilmagan bo‘lsa, o‘z kuchini yo‘qotgan deb e’tirof etilmog‘i kerak. 

g) Viloyat hokimining qaror va farmoyishlari rekvizitlari.

Qaror va farmoyishlar quyidagi rekvizitlarga ega bo‘ladi:
- hujjatning turi va nomi (qaror yoki farmoyish);
- hujjat qabul qilingan joy, sana va hujjat raqami;
- hujjatni imzo qo‘yib tasdiqlashga rasman vakolati bo‘lgan shaxsning-viloyat hokimining familiyasi, lavozimi va imzosi.

d) Viloyat hokimining qaror va farmoyishlarini rasmiylashtirish.

Viloyat hokimi tomonidan imzolangan qaror va farmoyishlarni umumiy bo‘lim mudiri qabul qilib oladi. Bo‘limning etakchi mutaxassisi imzolangan mazkur hujjatlarga sana qo‘yadi va ro‘yxatga oladi. Qaror va farmoyishlar, agar ushbu hujjatlarda boshqa muddatlar belgilanmagan bo‘lsa, imzolangan vaqtdan boshlab kuchga kiradi. 
Ro‘yxatga olingan qaror va farmoyishlarga ularning bajarilishini ta’minlash yuzasidan guruh, bo‘lim va kotibiyatlar tomonidan 5 kunlik muddatda nazorat rejasi tuziladi va hokim tomonidan tasdiqlanadi.

e) Viloyat hokimining qaror va farmoyishlarini tarqatish.

Rasmiylashtirilgan qaror va farmoyishlar tegishli hokim o‘rinbosari, bo‘lim yoki guruh rahbarining imzosi bilan tayyorlangan tarqatish varaqasi bilan birgalikda umumiy bo‘lim mudiri tomonidan qabul qilib olinadi va ko‘paytirish uchun topshiriq beriladi. 
Intizomiy jazo chorasi qo‘llash to‘g‘risidagi qaror va farmoyishlarning nusxalari umumiy bo‘lim tomonidan tashkiliy-nazorat guruhiga beriladi, guruh tomonidan bunday qaror va farmoyishlar kadrlarning yig‘ma jildiga tikib boriladi va umumlashtiriladi. 
Viloyat hokimining qaror va farmoyishlari “Xorazm haqiqati” va “Xorezmskaya pravda” gazetalarida e’lon qilinishi, televidenie va radio orqali eshittirilishi mumkin. Hujjat rasman e’lon qilinganda uning barcha rekvizitlari ko‘rsatiladi.

Fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda fuqarolarni qabul qilish

1. Viloyat hokimligi apparatida fuqarolarning og‘zaki yoki yozma shakldagi ariza, taklif va shikoyatlari bilan ishlash hamda fuqarolarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni hamda viloyat hokimining qarori bilan tasdiqlangan “Xorazm viloyati hokimligida fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish va ularni qabul qilish tartibi” asosida amalga oshiriladi.
2. Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash uchun ma’suliyat viloyat hokimi o‘rinbosarlari, umumiy bo‘lim, guruh rahbarlari va kotibiyat mudirlari zimmasiga yuklanadi.
3. Viloyat hokimligida fuqarolar viloyat hokimi, hokim o‘rinbosarlari, hokimlik apparatining kotibiyat, bo‘lim va guruh rahbarlari tomonidan fuqarolarni qabul qilish xonasida qabul qilinadi. Fuqarolarni qabul qilish viloyat hokimi qarori bilan tasdiqlangan jadval asosida amalga oshiriladi. Qabul jadvali fuqarolar e’tiboriga etkaziladi.
4. Viloyat hokimi va hokim o‘rinbosarlari tomonidan fuqarolar xududlarda maxsus jadval asosida sayyor qabul qilinadi.
5. Har bir fuqaroning qabulidan so‘ng qabul varaqalari rasmiylashtiriladi. Unda qabul qilingan fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, aniq istiqomat qiladigan joyi, murojaatning qisqacha mazmuni yozib qo‘yiladi. Qabul varaqasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati, harbiy safarbarlik va favqulodda vaziyatlar  masalalari guruhida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Kabulda ko‘tarilgan muammo hal etish uchun tegishli ijrochilarga yuboriladi va uning nazorati hokimlik apparatining tegishli bo‘linmasi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati, harbiy safarbarlik va favqulodda vaziyatlar masalalari guruhi tomonidan shaxsan nazorat qilinadi.
6. Fuqarolarni qabul qilishni tashkil etish uchun ma’suliyat viloyat hokimligi tashkiliy-nazorat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati, harbiy safarbarlik va favqulodda vaziyatlar masalalari guruhi zimmalariga yuklatiladi.
7. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati, harbiy safarbarlik va favqulodda vaziyatlar masalalari guruhi bosh mutaxassisi viloyat hokimligiga kelgan fuqarolarning murojaatlarini qabul qilib oladi, mazmuniga qarab viloyat hokimi topshirig‘i loyixasini tayyorlaydi va shaxsan viloyat hokimi ko‘rib chiqishi uchun taqdim etadi. Viloyat hokimi tomonidan murojaatlarni o‘rganish bo‘yicha berilgan topshiriq guruhda ro‘yxatdan o‘tkaziladi va tegishli ijrochilarga etkaziladi. Ushbu jarayon guruh bosh mutaxassisi tomonidan shaxsan nazorat qilinadi. Viloyat hokimi o‘rinbosarlari yoki hokimlik apparatining bo‘linmalari rahbarlari nomiga kelgan murojaatlari ham guruh tomonidan xuddi shu tartibda rasmiylashtiriladi va nazoratga olinadi.
Fuqarolarning murojaatlarini o‘rganib chiqish uchun viloyat hokimi yoki ushbu murojaatni ko‘rib chiqish uchun yuborilgan hokim o‘rinbosari tomonidan tegishli mutaxassislardan iborat ishchi guruhi tuzilishi mumkin.
8. Fuqarolarning takliflari tushgan kundan e’tiboran bir oygacha bo‘lgan muddat ichida ko‘rib chiqiladi, qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan takliflar bundan mustasno va bu haqda taklif kiritgan shaxsga o‘n kunlik muddat ichida ma’lum qilinadi.
Ariza va shikoyatlar viloyat hokimligiga tushgan kunidan e’tiboran bir oygacha bo‘lgan muddat ichida, qo‘shimcha o‘rganishni va tekshirishni talab etmaydigan ariza va shikoyatlar esa o‘n besh kundan kechiktirmay ko‘rib chiqiladi.
Ariza yoki shikoyatni ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish qo‘shimcha materiallar talab qilib olish yoki boshqa chora-tadbirlar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda ariza yoki shikoyatni ko‘rib chiqish muddati viloyat hokimi tomonidan istisno tariqasida uzog‘i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin va bu haqda yoki ariza yoki shikoyat bergan shaxsga ma’lum qilinadi.
Viloyat hokimligiga qabulga kelgan fuqarolarga murojaatlari bo‘yicha o‘sha paytda tushuntirish beriladi. Masalaning mohiyatiga uning ko‘rib chiqilishi natijalari to‘g‘risida murojaat mualliflariga yozma shaklda xabar berilishi ham mumkin.
9. Fuqaroning familiyasi (ismi, otasining ismi), yashash joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilmagan yoki u haqda soxta ma’lumotlar ko‘rsatilgan, shuningdek, imzo qo‘yilmagan yozma murojaatlar anonim deb hisoblanadi va ko‘rib chiqilmaydi.
Fuqarolarning murojaatlarida qo‘yilgan masalalarni hal etish viloyat hokimligining vakolatiga kirmaydigan bo‘lsa, uzog‘i bilan besh kunlik muddat ichida tegishli organlarga jo‘natiladi va bu haqda fuqaroga xabar qilinadi.
10. Huqukni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati, harbiy safarbarlik va favqulodda vaziyatlar masalalari guruhi bosh mutaxassisi har kunning oxirida fuqarolarning murojaatlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ular bilan olib borilgan ishlarni tahlil qiladi, qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘radi. Oy yakunlari bo‘yicha viloyat hokimligiga fuqarolardan kelgan murojaatlarni umumlashtiradi va ularni mazmuni bo‘yicha taxlil qiladi.

Mukofotlash bo‘yicha hujjatlarni tayyorlash tartibi

1. Mukofotlash bo‘yicha hujjatlarning o‘tish tartibi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari” hamda “Xorazm viloyati hokimligi “Faxriy Yorlig‘i” bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi Nizomlar asosida tashkiliy-nazorat guruhi tomonidan amalga oshiriladi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari bilan taqdirlashga nomzodlarni tavsiya etish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
- mukofotga tavsiya etilayotgan shaxsning pasporti nusxasi, uning mehnat faoliyati to‘g‘risidagi varaqa (2 dona 4x6 o‘lchamdagi rangli fotosurat bilan), jamoat tashkiloti, mehnat jamoasining yig‘ilishi bayonnomasi, korxona rahbariyati yoki tuman, shahar hokimliklari tomonidan berilgan tavsifnoma hamda shahar, tuman hokimi bilan kelishilgan, muhr va imzosi mavjud bo‘lgan tasdiqlangan shakldagi mukofot varaqasi belgilangan tartibda to‘ldirilib, mukofot topshirilishi lozim bo‘lgan muddatdan uch oy ilgari viloyat hokimligi apparati tashkiliy-nazorat guruhiga taqdim etiladi;
- mukofotga tavsiya etilgan nomzodning mehnat faoliyati to‘g‘risida belgilangan shaklda o‘zbek va rus tillarida elektron ma’lumotnoma tayyorlanadi va u Prezident devoniga taqdim etiladi;
- Respublika tashkilotlari, vazirlik va kontsernlar tomonidan Davlat mukofotlariga nomzodlar ko‘rsatilgan taqdirda yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlarga qo‘shimcha ravishda yuqori turuvchi tashkilot rahbarining viloyat hokimi nomiga bu borada yozgan xati ilova qilinadi;
- mukofotga tavsiya etilgan nomzodlar viloyat hokimligi apparati tashkiliy-nazorat guruhi tomonidan viloyat hokimining tegishli o‘rinbosarlari bilan hamkorlikda o‘rganib chiqiladi va xulosalar viloyat hokimiga taqdim etiladi. Viloyat hokimi ijobiy qarorga kelgan taqdirda hujjatlar majmui Prezident Devoniga yuboriladi.
Mukofotga taqdim etilgan nomzodlar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar hokimlik tizimida joriy etilgan “Mukofot” kompyuter dasturiga kiritiladi.
3. Viloyat hokimligi apparati tashkiliy-nazorat guruhi Davlat mukofotlari bilan taqdirlanganlar ro‘yxatini yuritadi.
4. Xorazm viloyati hokimligining Fahriy Yorlig‘i bilan taqdirlash uchun korxona, tashkilot, muassasa yoki jamoat tashkilotlari tomonidan viloyat hokimiga taqdimnoma kiritilib, ushbu taqdimnomaga Fahriy yorlik bilan taqdirlashga tavsiya etilgan nomzodga berilgan, korxona rahbari va kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi tomonidan imzolangan tavsifnoma ilova qilinadi. Viloyat hokimligi apparatining tegishli kotibiyat, bo‘lim yoki guruhi tomonidan taqdim etilgan shaxsning xizmatlari o‘rganib chiqilgandan so‘ng viloyat hokimining qarori loyihasi hamda tasdiqlangan shakldagi Fahriy Yorlik tayyorlanadi va imzolash uchun viloyat hokimiga kiritiladi.

Hokimlik apparatida hujjatlarning saqlanishini ta’minlash

1. Hokimlik apparati hujjatlar yig‘ma jildlari nomenklaturasi umumiy bo‘lim tomonidan ishlab chiqiladi va hokim tomonidan tasdiqlanadi.
Hujjatlar yig‘ma jildlari nomenklaturasi hokimlik apparatining vazifasi va tuzilmasi tubdan o‘zgargan taqdirda, ammo, besh yilda kamida bir marta qayta tuzilishi va qayta tasdiqlanishi lozim.
2. Hujjatlar yig‘ma jildlari nomenklaturasiga hokimlik faoliyatini aks ettiruvchi barcha hujjatlar yig‘ma jildlari, ma’lumotnoma, shaxsiy tarkib hujjatlari, doimiy va vaqtinchalik komissiyalar hujjatlari hamda jamoat tashkilotlarining hujjatlar yig‘ma jildlari kiradi.
3. Hujjatlar yig‘ma jildlarini shakllantirishda quyidagi umumiy qoidalarga rioya qilinishi shart:
- yig‘ma jildga faqat bajarilgan, to‘g‘ri rasmiylashtirilgan hujjatlarni solish;
- bitta masalani hal etishga doir barcha hujjatlarni bitta yig‘ma jildga solish;
- ilovalarni asosiy hujjatlar bilan joylashtirish;
(yig‘ma jildda bir kalendar yil xujjatlarini guruhlash keyingi yilga o‘tadigan yig‘ma jildlar bundan mustasno)
- saqlash muddatlari doimiy va vaqtincha bo‘lgan hujjatlarni yig‘ma jildda alohida guruhlash.
4. Yig‘ma jildda qaytarilishi lozim bo‘lgan hujjatlar, hujjatlarning ortiqcha nusxalari, qo‘lyozmalar to‘planmasligi lozim.
5. Viloyat hokimligi apparati tashkiliy-nazorat guruhida viloyat hokimligi tasarrufiga kiritilgan lavozimlardagi kadrlarning shaxsiy hujjatlar yig‘ma jildlari shakllantiriladi va saqlanadi. Viloyat hokimi qarori bilan tasdiqlangan jildlarda jamlanadigan hujjatlar ro‘yxati asosida ish olib boriladi. Kadrlarning yig‘ma jildlaridagi hujjatlar bilan tanishish viloyat hokimi yoki tashkiliy-nazorat guruhi rahbari ruxsati bilan amalga oshiriladi. Yig‘ma jildlardagi hujjatlar zaruriyatga qarab “Kadr-4” kompyuter dasturiga ham kiritiladi.
6. Viloyat hokimligi apparatida hujjatlarning saqlanishi umumiy bo‘lim mudiri rahbarligida hokimlik arxivini boshqarayotgan umumiy bo‘lim etakchi mutaxassisi tomonidan ta’minlanadi va hujjatlarning guruh va kotibiyatlarda saqlanishi yuzasidan rahbariyatga axborot berib boriladi.
7. Tugallangan hujjatlar yig‘ma jildlari ikki yil mobaynida xizmatda foydalanish uchun apparatning guruh, kotibiyat va bo‘limlarida saqlanadi. 
8. Saqlanadigan yig‘ma jildlar arxivga umumiy bo‘lim orqali ro‘yxat bo‘yicha topshiriladi.
9. Xodim ishdan bo‘shaganda yoki boshqa ishga o‘tganda uning mehnat faoliyatiga tegishli barcha hujjatlar yig‘ma jildlari tarkibiy bo‘linma rahbari yoki lavozimga tayinlangan xodimga dalolatnoma asosida umumiy bo‘lim mudiri ishtirokida topshiriladi.
10. Mas’ul xodim ishdan bo‘shagandan ilgari olingan barcha me’yoriy hujjatlarni (ish tartibi, ish yuritish bo‘yicha yo‘riqnoma va boshqalarni) umumiy bo‘limga topshirishi shart.
Umumiy bo‘limda viloyat hokimligiga kelgan barcha hujjatlar saqlanadi.

Korporativ kompyuter tarmog‘i va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish

1. Viloyat hokimligida kompyuterlashtirish va axborot -kommunikatsiya  texnologiyalarini keng joriy etish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 8 iyuldagi “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PK-117-sonli Qarori talablari asosida amalga oshiriladi.
2. Viloyat hokimligining ichki va tashqi hujjat almashinuvida elektron shaklda almashiniladigan hujjatlarning ulushi barqaror o‘sib boradi. Almashiniladigan elektron hujjatlar elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanganda, O‘zbekiston Respublikasining “Elektron imzo to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan to‘la huquqiy kuchga ega bo‘ladi.
3. Hokimlik apparatida barcha mas’ul xodimlariga zamonaviy kompyuter va boshqa zarur jixozlar ishlar boshqaruvchisining buyrug‘i asosida biriktiriladi. Mas’ul xodim o‘ziga biriktirilgan asosiy vositalardan to‘g‘ri foydalanilishi va ularning saqlanishi, xavfsizligi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
4. Viloyat hokimligi apparatining barcha mas’ul xodimlariga internet tarmog‘i, korporativ kompyuter tarmog‘i, ichki va tashqi elektron pochta xizmati hamda kompyuter markazining malakali texnik xizmatidan foydalanish imkoniyati yaratib beriladi.
5. Viloyat hokimligi apparatida barcha mas’ul xodimlar uchun viloyat hokimi tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejasi asosida doimiy ravishdagi “Kompyuter savodxonligi” o‘quvlari o‘tkazib boriladi.
6. Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid ma’lumotlar maxsus kompyuter dasturlari va korporativ kompyuter tarmog‘i vositasida viloyat hokimligi serverida to‘planadi, tahlil qilinadi va ular asosida tegishli chora-tadbirlar belgilanadi.
7. Hokimlik rasmiy veb-sayti doimiy ravishda yangiliklar bilan boyitib boriladi. Veb-saytda yangi ma’lumotlarning joylashtirib borilishi bo‘yicha mas’uliyat viloyat hokimi matbuot xizmati zimmasiga, veb-saytni texnik jihatdan takomillashtirish va barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha mas’uliyat kompyuter markaziga yuklatiladi.
8. Kompyuter markazi viloyat hokimligining lokal va korporativ kompyuter tarmog‘idagi ma’lumotlarni begonalar ta’siridan, internet orqali bo‘ladigan hujumlardan, viruslar hamda xakerlardan himoyalaydi. Kompyuter markaziga biror sohaga tegishli ma’lumotlarni shu soha rahbarining ruxsatisiz tarqatish huquqi berilmaydi.
9. Viloyat hokimligi tomonidan qabul qilingan barcha hujjatlar  elektron ko‘rinishda maxsus “Hujjatlar banki” dasturida umumiy bo‘lim tomonidan to‘plab boriladi. Hujjatni imzoga kiritgan kotibiyat, imzolangan hujjatning elektron nusxasini “Hujjatlar banki” dasturiga kiritish uchun umumiy bo‘limga taqdim etishi shart.
10. Kadrlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi tashkiliy-nazorat guruhi kompyuterida saqlanadi va tanishish uchun asos bo‘lgan takdirda viloyat hokimi roziligi bilan kompyuterga kirishga ruxsat beriladi.
11. Mas’ul xodimning e’tiborsizligi yoki boshqa aybi bilan unga biriktirilgan kompyuter texnikasiga jiddiy zarar etkazilganda, etkazilgan zarar mas’ul xodimning hisobidan qoplanadi.

Viloyat hokimligi tomonidan nazorat vakolatlarining amalga oshirilishi

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qaror va farmoyishlari, viloyat hokimining qaror va farmoyishlari bajarilishini tashkil etish Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 yanvar 12-son qarorida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
2. Viloyat hokimligi apparatida ijrosi nazoratga olinadigan hujjatlar: 
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlari; 
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarorlari; 
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoyishlari; 
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni bayonnomalari;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlari (yozma va og‘zaki); 
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlari; 
-O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining topshiriqlari;
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari,
farmoyishlari;
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlislari
bayoni, topshiriqlari;
- Xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyalari qarorlari;
- Viloyat hokimi qaror va farmoyishlari;
- Viloyat faollar yig‘ilishlari, hokimlik soatlari yig‘ilishlari va hokim rahbarligida o‘tkaziladigan majlislar bayonnomalari;
- Viloyat hokimi topshiriqlari (yozma yoki og‘zaki);
- Viloyat hokimi o‘rinbosarlarining topshiriqlari;
- Apparat yig‘ilishlari bayonnomalari:
- ro‘yxati ish yuritish bo‘yicha yo‘riqnomada belgilanadigan boshqa hujjatlar.
Hujjatlarning ko‘rsatib o‘tilgan turlari bajarilishi bo‘yicha ishlarni tashkil etish viloyat, tuman va shahar hokimliklari apparatlari, korxonalar rahbarlari, tegishli tarkibiy bo‘linmalarning mas’ul xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
3. Ijrosi ta’minlanishi shart bo‘lgan har bir huquqiy hujjatning nazorati, tegishli kotibiyat, bo‘lim yoki guruhlar tomonidan alohida yig‘ma jildda olib boriladi. Ushbu yig‘ma jildda:
- hujjatlarning bajarilishini va nazorat qilinishini tashkil etish;
-viloyat, tarmoq va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim va ustuvor masalalari, shuningdek, uzoq davrga mo‘ljallangan hujjatlar bo‘yicha nazorat rejasini ishlab chiqish va hayotga tadbiq etish;
-tasdiqlangan muddatlarda tegishli tarkibiy bo‘linmalar, mansabdor shaxslar va xodimlar tomonidan amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish;
-bajarilishini tuman va shahar hokimliklarida, bevosita korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda maqsadli o‘rganish hamda viloyat, tuman hamda shahar hokimliklari yig‘ilishlariga muhokama qilish uchun kiritish;
-tuman va shahar hokimliklari, bevosita korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning aytib o‘tilgan hujjatlarni bajarish yuzasidan qabul qilingan o‘z qarorlarining bajarilishi yuzasidan monitoring o‘tkazish bo‘yicha hujjatlar jamlanadi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlarida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hamda viloyat hokimining qarorlari va farmoyishlarida qo‘yilgan vazifalarning o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishini ta’minlamagan rahbarlar, mansabdor shaxslar va xodimlarga nisbatan Qonunda belgilangan tartibda shaxsiy javobgarlik choralari ko‘riladi.
5. Nazoratga olingan hujjatlarning bajarilishi to‘g‘risidagi yakuniy axborot nazoratdan chiqarish yoki muddatini uzaytirish taklifi bilan viloyat hokimiga imzo uchun kiritiladi.
Nazoratga olingan qaror va farmoyishlarni nazoratdan chiqarish tegishli qaror va farmoyish bilan amalga oshiriladi.
6. Nazoratga olingan hujjatlarning ijro muddatlari va bajarilishi to‘g‘risida nazorat-monitoring sho‘’basi har oy tahliliy ma’lumot tayyorlab, viloyat hokimiga taqdim etadi.
7. Maxfiy hujjatlar bo‘yicha topshiriqlarning o‘z vaqtida ijrosini ta’minlash umumiy bo‘lim mudiri tomonidan amalga oshiriladi.
8. Nazoratdan chiqarilgan hujjatlarning yig‘ma jildi nazorat- monitoring sho‘’basiga topshiriladi.

Xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyalarini tayyorlash va o‘tkazish

1. Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim masalalari bo‘yicha xalq deputatlari viloyat Kengashining sessiyalari ish rejasiga binoan, yilida kamida ikki marta hokim tomonidan chaqiriladi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolarini saylash bo‘yicha viloyat, tuman va shahar Kengashlarining qo‘shma majlisi Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan chaqiriladi va “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolarini saylash tartibi to‘g‘risidagi Nizom” asosida o‘tkaziladi.
Sessiyani chaqirish to‘g‘risidagi qarordan deputatlar sessiya ochilishidan kamida etti kun oldin xabardor qilinadi. Sessiya, shuningdek xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari kamida uchdan ikki qismining tashabbusiga binoan ham chaqirilishi mumkin. Kengashning faoliyati o‘zining ish tartibiga muvofiq tashkil etiladi.
3. Xalq deputatlari viloyat Kengashining doimiy komissiyalari viloyat Kengashi tomonidan tuziladi. Ularning faoliyati viloyat Kengashi tomonidan tasdiqlangan Nizom asosida amalga oshiriladi.
4. Sessiya hujjatlari belgilangan kun tartibiga muvofik xalq deputatlari viloyat Kengashining doimiy komissiyalari va sessiyani tayyorlash bo‘yicha ishchi guruhi tomonidan tashkiliy-nazorat guruhi yordamida tayyorlanadi. Barcha hujjatlar sessiyadan 5 kun oldin Kengash raisi-viloyat hokimiga taqdim qilinishi shart.
5. Tashkiliy-nazorat guruhi Kengashning doimiy komissiyalari bilan birgalikda sessiyani tayyorlash va o‘tkazish bo‘yicha tadbirlarni ishlab chiqadi, qatnashchilar tarkibini aniqlaydi va ro‘yxatini tuzadi.
6. Barcha tadbirlar viloyat hokimi tomonidan tasdiqlanadi va ishchi guruhi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
7. Sessiyaga taklif etiladiganlar ro‘yxati doimiy komissiyalar, sessiyani tayyorlash bo‘yicha ishchi guruhi tomonidan tashkiliy-nazorat guruhi bilan hamkorlikda tayyorlanadi. 
8. Xalq deputatlari viloyat Kengashining har bir sessiyasida bayonnoma olib boriladi. Bayonnoma sessiya kotibi hamda hokim tomonidan imzolanganidan so‘ng ikki yil mobaynida umumiy bo‘limda saqlanadi, so‘ngra esa doimiy saqlash uchun arxivga topshiriladi.
Sessiya bayonnomalari Kengash deputatlarining talabiga binoan, ularga tanishib chiqish uchun beriladi.
9. Kengash qarorlari o‘n kunlik muddatdan kechiktirilmay doimiy komissiyalarga, hokimlik bo‘linmalariga, davlat boshqaruvi organlariga, tuman va shahar hokimliklariga tarqatiladi.
10. Xalq deputatlari viloyat Kengashi qarorlarining ijro etilishi yuzasidan nazorat tegishli doimiy komissiya tomonidan amalga oshiriladi va uning natijalari to‘g‘risida keyingi sessiyada axborot berib boriladi.

Viloyat faollari yig‘ilishlarini o‘tkazish tartibi

1. Faollar yig‘ilishi viloyat iqtisodiyoti va ijtimoiy hayotiga taalluqli turli masalalar bo‘yicha viloyat hokimligining ish rejasiga asosan hamda viloyat hokimi yoki uning o‘rinbosarlari taklifiga binoan yoki hukumat topshirig‘i asosida o‘tkaziladi.
2. Faollar yig‘ilishlarini tayyorlash va o‘tkazish bilan bog‘lik tadbirlar viloyat hokimi tomonidan tasdiqlanadi.
3. Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning chorak va yil yakunlari bo‘yicha faollar yig‘ilishlari Axborot-tahlil guruhi tomonidan hokimlik apparatining tegishli bo‘linmalarini jalb etgan holda tayyorlanadi. Axborot-tahlil guruhi yig‘ilishni tayyorlash va o‘tkazish bo‘yicha tadbirlarni ishlab chiqadi, qatnashchilar miqdorini aniqlaydi va boshqa tegishli hujjatlarni (kun tartibi, tahliliy hujjatlar, bayon loyihalari) tayyorlaydi.
4. Viloyat ijtimoiy-siyosiy hayotining boshqa dolzarb masalalari bo‘yicha faollar yig‘ilishlari tegishli hokim o‘rinbosarlari tomonidan tashkiliy-nazorat guruhi bilan hamkorlikda tayyorlanadi va barcha hujjatlar besh kun oldin viloyat hokimiga taqdim qilinadi.
5. Faollar yig‘ilishi bayoni uni tayyorlagan axborot-tahlil guruhi yoki tegishli hokim o‘rinbosarlari kotibiyatlari tomonidan yuritiladi va viloyat hokimi tomonidan tasdiqlangandan so‘ng rasmiylashtirish uchun umumiy bo‘limga topshiriladi. Umumiy bo‘lim bayonni ro‘yxatga oladi, unga tartib raqam beradi. Yig‘ilish bayonining nazorat rejasi tuzilib, hokim tomonidan tasdiqlanadi.
6. Faollar yig‘ilishlari bayonlari ijrosining monitoringi tegishliliga qarab viloyat hokimligi apparatining tarkibiy bo‘linmalari tomonidan olib boriladi.
7. Viloyat hokimligi apparati ishlar boshqarmasi faollar yig‘ilishlarini o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlaydi.

Viloyat hokimligi huzuridagi komissiyalar va boshqa ishchi organlari ishini tashkil etish

1. Viloyat hokimi qaror va farmoyishlarini hayotga tadbiq etishga ko‘maklashish, tuman va shahar hokimliklari, davlat boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtirib borish maqsadida viloyat hokimligi huzurida komissiyalar va boshqa ishchi organlar (kengashlar, ishchi guruhlar) tuzilishi mumkin. Komissiyalar va boshqa ishchi organlar tarkibi viloyat hokimi qarori bilan tasdiqlanadi.
2. Tuziladigan komissiyalar va boshqa ishchi organlarning huquqiy maqomi, vakolatlari va vazifalari hokim qarorida yoki ushbu qaror bilan tasdiqlanadigan nizomlarda belgilanadi.
3. Viloyat hokimligi huzuridagi komissiyalar hamda ishchi organlarining asosiy ish shakli majlis bo‘lib hisoblanadi. Majlisda komissiyalar va ishchi organlar faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqiladi. Majlis hujjatlari bayonlar bilan rasmiylashtiriladi va tegishli ijrochilarga etkaziladi. Ko‘rsatib o‘tilgan komissiyalar va ishchi organlarning majlis bayonlari ularga boshchilik qilayotgan rahbarlar tomonidan imzolanadi.
4. Komissiyalar va ishchi organlar tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan materiallarni tayyorlash hamda komissiyalar tavsiyalari bajarilishini nazorat qilish apaparatning tegishli kotibiyatlari, bo‘limlari va guruhlari, ularga texnikaviy xizmat ko‘rsatish esa ishlar boshqaruvchisi tomonidan amalga oshiriladi. Zarurat bo‘lganda bu materiallarni tayyorlashga viloyat hokimligi apparati mutaxassislari va boshka tegishli tashkilotlarning mutasaddi xodimlari jalb qilinishi mumkin.

Viloyat hokimi qabulxonasida navbatchilikni tashkil etish

1. Viloyat hokimi qabulxonasida navbatchilik “Viloyat hokimi qabulxonasida navbatchilikni tashkil etish bo‘yicha yo‘riqnoma”ga asosan tashkil etiladi.
2. Viloyat hokimi qabulxonasida 24 soatlik navbatchilik tashkil etiladi. Navbatchilik soat 9 00 dan boshlanadi va kelgusi kun soat 9 00 da tugaydi. Navbatchilar ro‘yxati viloyat hokimligi huquqni muxofaza qiluvchi organlar faoliyati, harbiy safarbarlik va favqulodda vaziyatlar masalalari  guruhi tomonidan har oyning 25 kunida kelgusi oy uchun tuziladi va viloyat hokimi yoki hokimning birinchi o‘rinbosari tomonidan tasdiqlanadi. Oddiy kunlarda navbatchilar soat 9 00 dan navbatchilikni qabul qilib, keyingi kun ertalab soat 9 00 da o‘zidan keyingi xodimga qayd daftari orqali navbatchilikni topshiradi. Shanba va yakshanba kunlari navbatchilik ikki qismga bo‘lingan holda tashkil etiladi. Ertalab soat 9 00 dan kechqurun soat 18 00 gacha va kechqurun soat 18 00 dan ertalab 9 00 gacha. 
3. Bayram kunlari navbatchilik alohida tuzilgan jadval asosida hokim tasdiqlagandan keyin viloyat hokimi o‘rinbosarlari va viloyat hokimligi apparati guruh, bo‘lim va kotibiyatlari rahbarlari tomonidan amalga oshiriladi. Bunday kunlarda kotibiyat, bo‘lim va guruh rahbarlari viloyat hokimi qabulxonasida, viloyat hokimi o‘rinbosarlari esa o‘z xizmat xonalarida bo‘lishlari lozim. Navbatchilikning keyingi kuni navbatchilik vaqtiga mutanosib ravishda belgilangan tartibda xodimlarga dam olish vaqti beriladi.
4. Viloyat hokimining ruxsatisiz jadvaldan tashqari xodimlarning navbatchilik qilishlari, navbatchilik vaqtini o‘zgartirishlari yoki boshqa xodim bilan almashtirishlari ta’qiqlanadi.
Belgilangan vaqtda navbatchilikka sababsiz kelmaslik holatlari mehnat intizomini buzish sifatida baholanadi va bunday xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari ko‘riladi.
5. Navbatchilikni tashkil etish uchun mas’uliyat viloyat hokimligi huquqni muxofaza qiluvchi organlar faoliyati, harbiy safarbarlik va favqulodda vaziyatlar masalalari  guruhi rahbari zimmasiga yuklatiladi.