Gerb Bayroq Madhiya Davlat mukofotlari Bosh sahifa Mobil versiya Sayt xaritasi Forum
Белгиланган матнни тинглаш учун ушбу тугмани босинг Матнни тинглаш!
0(362) 223-00-06
Ish tartibi 900 - 1800
  • xorazm.uz

    Yurtboshimizning tabiri bilan aytganda, Xorazm «O‘zbek davlatchiligining ilk tamal toshi qo‘yilgan muqaddas zamin!». Insoniyat tamadduni o‘choqlaridan hisoblanmish bu ko‘hna yurtdan ne-ne buyuk allomalar, qomuschi olimlar, ahli donishlar, avliyo-anbiyolar yetishib chiqgan.

  • xorazm.uz

    Istiqlol tufayli yurtimizdagi qadim shaharlar va qal’alar, madaniyat o‘choqlarini ko‘rish, ziyorat qilish uchun yetti iqlimdan kelayotgan sayyohlarning soni yildan-yilga oshmoqda. Jahon bizning mo‘tabar yurtimizni ko‘rishga orzumand!

  • xorazm.uz

    Prezidentimizning “2013-2015 yillarda Xorazm viloyati sanoati salohiyatini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi tarixiy qaroridan keyin amaliyotga allaqachon tatbiq qilinayotgan ulkan qurilishu ta‘mirlash, eng zamonaviy asbob-uskunalar keltirish, kerakli mutaxassislarni o‘qitish, o‘rgatish jarayoni jadal yo‘lga qo‘yildi.

  • xorazm.uz

    Xalqimiz dasturxonining fayziyobligi, bozorlarimizning to‘kinligiyu oziq-ovqat mahsulotlarining serobligi, arzonligi, bir so‘z bilan aytganda yurtimiz farovonligi bobodehqonlarimizning mehnati mahsulidir. Xorazm voxasi qishloq xo‘jaligi soxasida xam yetakchilardan hisoblanadi.


Xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi

Shu yil 9-oktabr kuni Xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.  Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov nutq so‘zladi. 

Davlatimiz rahbari avvalo bu voha boshqa hech qaysi hudud bilan qiyoslab bo‘lmaydigan tabiati,  saxovatli tuprog‘i,  ko‘hna tarixi va boy madaniyati,  mana shu yerda har qanday qiyinchilik va sinovlarga bardosh berib,  ona yurtiga sadoqat bilan yashayotgan,  o‘z kuchiga ishongan,  o‘z qadr-qimmatini yaxshi biladigan,  mard va matonatli odamlar yurti ekanini,  samimiylik,  to‘g‘rilik,  qanday achchiq bo‘lmasin,  haqiqatni ochiq aytish,  mavjud vaziyatni haqqoniy baholash kabi xususiyatlar aynan shu Xorazm eliga mansubligini,  bunday fazilat va alomatlarni yuqori baholab,  viloyat ahliga yana bir bor o‘zining yuksak hurmatini izhor etishini ta’kidladi. 
Bugungi kunda butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi,  Xorazm viloyatida ham barqaror o‘sish sur’atlari ta’minlanib,  katta yutuq va marralar qo‘lga kiritilmoqda.  Buning tasdig‘ini viloyat mehnatkashlari turli tarmoqlarda – bu sanoat,  qurilish,  qishloq xo‘jaligi,  madaniyat,  sog‘liqni saqlash,  ilmu fan,  ta’lim-tarbiya,  sport sohalari bo‘ladimi – bularning barchasida erishayotgan salmoqli natijalar misolida ko‘rish,  kuzatish mumkin. 
Viloyat iqtisodiyoti tobora yuksalib,  joriy yil yakuni bo‘yicha 9 foizga yetishi kutilmoqda.  Sanoat sohasida oxirgi besh yil mobaynida 40 foizdan ziyod o‘sishga erishildi.  Ushbu tarmoqni rivojlantirish,  uning salohiyatini oshirishda so‘nggi vaqtda mamlakatimiz miqyosida o‘zini oqlagan ijobiy tajriba viloyatda keng qo‘llanilmoqda.  Ya’ni,  iqtisodiy nochor korxonalarning moliyaviy barqarorligini ta’minlash,  ishlab chiqarish samaradorligini oshirish uchun ularning tijorat banklari balansiga o‘tkazilayotgani Xorazm vohasida ham ijobiy natija bermoqda. 
Hozirga qadar viloyatdagi kasodga uchragan 22 ta korxonaga 21 milliard so‘mdan ziyod investitsiya yo‘naltirilib,  ularda raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.  Shu asosda 2 mingga yaqin ish o‘rni qayta tiklangani,  jumladan,  Hazorasp ip-yigiruv fabrikasi,  “Unixo” qo‘shma korxonasi,  “Hazorasp gilamlari” kabi 12 ta korxonaning ishlab chiqarish quvvati modernizatsiya qilingani e’tiborga molik. 
Engil sanoat sohasi rivojlanishida “Bog‘ot tekstil”,  “Kottonteks”,  “Darital tekstil”,  “Jilasun”,  “Koboteks” va “O‘zteks Shovot” kabi korxonalarning hissasi katta bo‘lmoqda. 
Men bugun fermerlar bilan uchrashganimda,  “O‘zteks Shovot” korxonasining ishga tushganini eshitib,  xursand bo‘ldim.  Shovotlik fermerning aytishicha,  odamlar har kuni bu zamonaviy binoni tomosha qilib o‘tayotgan ekan.  Bu ko‘p narsani bildiradi.  Bu bino shunchaki chiroy berish uchun emas,  balki qishloqda yashayotgan ayollarni,  qizlarimizni ish bilan ta’minlash,  ularning hayotini yaxshilashga xizmat qilishini odamlar yaxshi tushunadi,  dedi Prezidentimiz. 
Sessiyada viloyat iqtisodiyotining o‘sish sur’atlari,  barcha tarmoqlarning rivojlanayotgani e’tirof etilgan holda,  yalpi hududiy mahsulot tarkibida sanoat sohasining ulushi mamlakatimiz bo‘yicha erishilgan marralardan ancha orqada qolayotgani qayd etildi. 
Shu haqda gapirganda,  muhim bir masalani esimizdan hech qachon chiqarmasligimizni istardim,  dedi Yurtboshimiz.  Xorazm vohasini taraqqiy topgan hududlar qatoriga chiqarish,  biz ko‘zlagan ko‘pgina marralarga erishish yo‘lida,  avvalo,  odamlarni ish bilan ta’minlash,  daromadini oshirishda,  ishlab chiqarish sur’atlarini o‘stirish,  qolaversa,  butun Xorazm o‘lkasining qiyofasini o‘zgartirishda aynan sanoat sohasining rivoji ustuvor o‘rin egallashi kerakligini anglab olishimiz zarur. 
Biz bu haqda ko‘p gapiramiz,  lekin amaliy ishlarga kelganda,  bu sohada biryoqlama rivojlanish,  asosan yengil sanoat hisobidan o‘sish bo‘layotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.  Xorazm viloyatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash,  xususan,  tomat ishlab chiqarishni keng yo‘lga qo‘yish kerak.  Mavjud konserva zavodlarining texnik uskunalari eskirganini hisobga olgan holda,  zamonaviy texnologiyalar asosida ishlaydigan yangi korxonalarni qurish lozim. 
Qishloq xo‘jaligida joriy mavsumda ham qiyinchiliklar kam bo‘lmadi.  Lekin shunga qaramasdan,  hosil yaxshi bo‘ldi.  Bu yil Xudoning o‘zi yo‘limizni ochib berdi.  Lekin kelgusi yilda bunday sharoit bo‘lmasligi mumkin.  Shuning uchun shartnoma tuzayotganda chuqur o‘ylab ish tutish,  fermerlarning manfaatlarini har tomonlama hisobga olish kerak.  Bugun fermerlar paxtaning katta daromad berishini yaxshi tushunyapti,  lekin jahon bozorida uning narxi o‘ynab turganini ham esdan chiqarmaslik lozim.  Shu ma’noda,  fermerlar nafaqat dehqon,  nafaqat agronom,  balki avvalo,  iqtisodchi bo‘lishi kerak.  Manfaat va yana bir bor manfaat ustun bo‘lishi zarur. 
Xorazmda boshqa ekinlar qatorida sholi ham ekish mumkin.  Lekin shartnoma majburiyatlarini – bu g‘allachilik bo‘ladimi,  paxtachilik bo‘ladimi – so‘zsiz bajarganidan keyin ekish zarur.  Davlat fermerning manfaatini ko‘zlashi,  fermer ham davlatning manfaatini unutmasligi darkor.  Shundagina,  adolat bo‘ladi,  shundagina ishda tartib bo‘ladi,  dedi Islom Karimov. 
Majlisda bunday vazifalarni amalga oshirish uchun har tomonlama chuqur o‘ylangan,  Xorazm vohasining sharoiti va imkoniyatlarini hisobga olgan holda,  hukumatimiz boshchiligida alohida dastur ishlab chiqish va amalga oshirish vaqti kelgani uqtirib o‘tildi. 
Bu dasturda faqat yengil sanoatni emas,  balki mashinasozlik,  qurilish materiallari ishlab chiqarish,  qayta ishlash sanoatini rivojlantirishga,  mamlakatimizda ko‘p yillar davomida sinab kelinayotgan tajriba – ya’ni taraqqiy topgan davlatlarning firma va kompaniyalari bilan birgalikda qo‘shma korxonalar tashkil etish eng to‘g‘ri va o‘zini oqlaydigan yo‘l ekaniga e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. 
Qo‘shma korxonalarni tashkil etishning eng afzal va ustuvor tomoni shundaki,  bizga sherik bo‘lgan xorijiy kompaniyalar hisobidan investitsiyalar olib kelish,  shu bilan birga,  mana shu korxonalarda biz ishlab chiqaradigan mahsulotlarning chet davlatlarda bozorini,  xaridorini topish kabi jiddiy muammolarni yechish ham ancha oson bo‘lishini,  tushunish,  anglash qiyin emas,  albatta,  dedi Islom Karimov. 
Shu ma’noda,  bugungi kunda Xorazm viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari soni 2000-yilga nisbatan 1, 6 barobar oshib,  sohaning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi esa 60, 5 foizni tashkil etayotgani alohida e’tiborga sazovor. 
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilda tijorat banklari tomonidan 172 milliard so‘mlik kreditlar ajratilib,  bu ko‘rsatkich keyingi besh yil davomida 3, 5 barobar o‘sganini qayd etish joiz. 
Shu yilning 9 oyida yaratilgan 47 mingdan ziyod yangi ish o‘rnining 60 foizi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik hisobidan tashkil etilgani,  ish bilan band aholining 80 foizga yaqini aynan shu tarmoqda mehnat qilayotgani bu sohaning nafaqat iqtisodiy,  balki ijtimoiy ahamiyati ham beqiyos ekanini ko‘rsatadi. 

Bu haqiqat yaqinda Toshkent shahrida “O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy siyosatni amalga oshirishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning roli va ahamiyati” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.  Ana shu anjumanda Birlashgan Millatlar Tashkiloti,  Jahon banki,  Osiyo taraqqiyot banki va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlarning vakillari,  dunyodagi 45 dan ortiq xorijiy davlatdan 250 nafarga yaqin ko‘zga ko‘ringan iqtisodchilar,  olimlar,  biznes olamining yirik namoyandalari ishtirok etdi.  Ularning hammasi bir narsaga tan beryaptiki,  O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoji uchun har tomonlama qulay sharoit yaratilgan.  Ular bu soha nafaqat iqtisodiyotni,  balki odamlarni,  butun aholining ongu tafakkurini,  hayotini tubdan o‘zgartirmoqda,  deb e’tirof etayotgani barchamizga mamnuniyat yetkazadi va bundan yigirma bir yil oldin iqtisodiyotimizni isloh qilish maqsadida biz tanlagan yo‘l – o‘zbek modeli naqadar to‘g‘ri ekanini yana bir marta tasdiqlaydi. 
Xorazm viloyati uchun xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq muhim sohalardan biri – bu turizm ekanini barchamiz yaxshi bilamiz,  dedi davlatimiz rahbari.  Turizm infratuzilmalarini,  xususan,  Urganch va Xiva shaharlarida ixcham mehmonxonalar tizimini rivojlantirish,  sayyohlarga xizmat ko‘rsatadigan inshootlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. 
Keyingi 10-yilda mehmonxonalar soni qariyb to‘rt barobar ko‘paygani,  sayyohlik firmalarini tashkil etish ishlari faollashgani natijasida Xorazm viloyatiga tashrif buyurayotgan mehmonlar soni 3 barobardan ziyod ortdi.  Shu bilan birga,  sessiyada bu yo‘nalishda hali juda ko‘p ish qilish kerakligi ta’kidlandi.  Xususan,  sayyohlar sonini yanada oshirish uchun chet davlatlarga qatnaydigan charter reyslarni,  xorijiy mehmonlarga xizmat ko‘rsatadigan yangi ob’ektlar sonini ko‘paytirish,  turizm infratuzilmasini rivojlantirish ana shunday vazifalar qatoriga kiradi. 
Xorazm viloyatida zamonaviy yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.  Hozirgi kunda,  bu yo‘nalishda tasdiqlangan dastur doirasida,  viloyat hududidan o‘tadigan xalqaro va davlat ahamiyatiga molik 230 kilometrdan ortiq avtomobil yo‘llarida keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.  Shuningdek,  750 metr uzunlikdagi 5 ta ko‘prikni qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha qariyb 322 milliard so‘m hajmidagi ish bajarilmoqda.  Yaqinda Buxoro-Nukus avtomobil yo‘lining Xorazm viloyatini mamlakatimizning boshqa hududlari bilan bog‘laydigan 60 kilometr uzunlikdagi tarmog‘i qurib bitkazildi.  Joriy yil oxiriga qadar ana shu yo‘nalishda yana 40 kilometr yo‘l qurilib,  transport qatnovi ochiladi. 
Mustaqillik yillarida 341 kilometr uzunlikdagi Navoiy – Uchquduq – Sulton Uvaystog‘ – Nukus temir yo‘lining ishga tushirilishi,  hech shubhasiz,  shimoliy hududlarimizning qiyofasini butunlay o‘zgartirib,  Xorazm vohasining rivojini mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarishda katta o‘rin olganini izohlab berishning hojati yo‘q. 
Aytish kerakki,  bu yo‘lning mohiyati va qimmati yillar o‘tishi bilan yanada ortib boradi.  Bu yo‘l mintaqadagi boy yer osti zaxiralarini o‘zlashtirish,  yangi ish o‘rinlarini tashkil etish,  oldimizda turgan ulkan rejalarni amalga oshirishda so‘zsiz beqiyos ahamiyat kasb etadi,  deb qayd etdi Prezidentimiz. 
Sobiq Ittifoq davrida Amudaryodan ponton ko‘priklar orqali yo‘lovchilar va transport qatnovi qanday qiyinchilik va xavf-xatarlar bilan amalga oshirilar edi.  Keyingi yillarda Amudaryo uzra bir emas,  ikkita ulkan,  muhtasham ko‘prik barpo etildi va shu tariqa yillar davomida yechilmasdan kelgan o‘ta muhim iqtisodiy-ijtimoiy masala hal qilindi. 

Viloyatda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar yanada keng miqyosda davom ettirilishi sessiyada qayd etib o‘tildi.  Bu borada kelgusi besh yilda yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish uchun viloyat bo‘yicha 450 milliard so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda,  dedi davlatimiz rahbari. 
Ma’lumki,  Xorazm vohasi o‘zining ko‘p ming yillik qishloq xo‘jalik madaniyatiga ega,  o‘z ishining chinakam ustasi va fidoyisi bo‘lgan mirishkor dehqonlar aynan shu zaminda nom qozongan. 
Viloyat fermerlari bu yilning o‘zida 132 ming tonnadan ziyod don yetishtirib,  shartnoma majburiyatini ortig‘i bilan bajarishga va qariyb 70 milliard so‘m daromad olishga erishganlari tahsinga munosibdir.  Shu kunlarda esa,  xorazmlik mohir paxtakorlar 258 ming tonnalik yuksak xirmon bunyod etish yo‘lida fidokorona mehnat qilib,  ko‘zlagan marraga tobora yaqinlashmoqda. 
Xorazm viloyatida yer sharoitining og‘ir holati,  tuproqning sho‘rlanishi qanday katta va mashaqqatli mehnatni talab qilishini vohadagi yerlarning 54 foizi kuchsiz,  33 foizi o‘rtacha,  13 foizi esa kuchli sho‘rlangani ham isbotlab beradi.  Bunday murakkab sharoitda dehqonchilik qilish,  yuqori hosil olish,  ochig‘ini aytganda,  hammaning ham qo‘lidan kelmaydi.  Buning uchun qancha-qancha mehnat,  qancha mahorat,  o‘z kasbiga,  o‘z yeriga sadoqat,  qolaversa,  katta mardlik talab qilinishi dehqonchilik bilan tanish odamlarga yaxshi ayon. 
Birgina mana shu mavsumni oladigan bo‘lsak,  voha mehnatkashlari ko‘plab tabiat noqulayliklari va iqlim qiyinchiliklariga duch kelganini ko‘rish,  kuzatish qiyin emas.  Xususan,  o‘tgan yili noyabr oyidayoq sovuq va ayoz kunlarning boshlanib ketgani,  qishning uzoq davom etgani yerni shudgorlash,  sho‘r yuvish,  kuzgi ekinlarni saqlab qolishda dehqonlar uchun katta muammolarni tug‘dirdi. 
Yoz faslida esa qirq kun davomida havo haroratining keskin yuqori bo‘lib turgani,  jazirama qum va tuz bo‘ronlari hosil taqdirini xavf ostida qoldirib,  Xorazm dehqonlarini yana bir bor jiddiy sinovdan o‘tkazdi. 
Prezidentimizning,  shu fursatdan foydalanib,  men mana shu yuksak minbardan turib,  bunday og‘ir vaziyatdan yorug‘ yuz bilan chiqayotgani uchun Xorazmning mirishkor dehqonlari va fermerlari,  barcha mehnatkashlari oldida ta’zim qilishni o‘zim uchun ham qarz,  ham farz,  deb bilaman,  degan so‘zlari sessiya ishtirokchilari tomonidan qizg‘in olqishlar bilan kutib olindi. 
Qishloq xo‘jaligida mo‘l hosil yetishtirishning omil va mezonlari ko‘p.  Ob-havoning qulay kelishi,  navning to‘g‘ri tanlanishi,  agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida sifatli o‘tkazilishi,  eng muhimi,  dehqonlarimizning yer bilan tillashib,  unga butun mehrini berib ishlashi – ana shular jumlasidandir.  Shular qatorida yana bir o‘ta muhim omil borki,  dedi Islom Karimov,  bu tuproq unumdorligini oshirish,  yerning meliorativ holati va irrigatsiya tizimini yaxshilash bilan bog‘liq.  Ushbu maqsadda qabul qilingan maxsus dastur doirasida so‘nggi besh yilda Xorazm viloyatiga davlat byudjetidan 80 milliard so‘mga yaqin mablag‘ ajratildi,  bu esa mamlakatimizda shu borada ajratilgan mablag‘ning 11 foizini tashkil etadi.  Ana shu mablag‘ hisobidan 220 kilometrlik kollektor-drenaj tarmoqlarida qurilish va rekonstruksiya,  6, 5 ming kilometrlik tarmoqda esa ta’mirlash va tiklash ishlari amalga oshirildi.  Buning natijasida viloyat bo‘yicha 170 ming gektardan ziyod sug‘oriladigan maydonning meliorativ holati yaxshilandi. 
Eng muhimi,  ana shu hududlarda paxta hosildorligi o‘rtacha 2, 3 sentnerga,  g‘alla hosildorligi esa 2, 7 sentnerga ko‘paygani Xorazm dehqon va fermerlarining kosasini oqartirishga,  daromadlarini oshirishga xizmat qilmoqda. 
Bu borada boshlangan ishlarni izchillik bilan davom ettirish maqsadida kelgusi besh yilda davlat byudjetidan Xorazm viloyatiga yana 225 milliard so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilmoqda.  Bundan tashqari,  yangi yildan boshlab viloyatdagi irrigatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish bo‘yicha Islom taraqqiyot bankining 90 million dollardan ziyod kredit mablag‘ini jalb etgan holda,  umumiy qiymati 120 million dollar bo‘lgan loyihani amalga oshirish mo‘ljallanmoqda. 
Ana shunday keng ko‘lamli ishlar natijasida 144 ming gektarga yaqin sug‘oriladigan yerning meliorativ holatini,  225 ming gektardan ortiq yerning esa suv bilan ta’minlanishini yaxshilashga erishiladi. 
Xorazm vohasida xalqimizni boqadigan yerning meliorativ holatini yaxshilash,  unumdorligini oshirishga qaratilgan katta kuch va mablag‘lar sarflash bilan birga,  qishloq xo‘jaligi sohasi samarasini oshirishda o‘z yechimini kutayotgan ishlar hali ko‘p ekaniga majlisda alohida e’tibor qaratildi.  Jumladan,  ishni to‘g‘ri tashkil qilish,  ilg‘or va sinalgan agrotexnik tajribalarni keng yoyish,  15-25-yil davomida ishlatib kelinayotgan,  eskirgan qishloq xo‘jaligi texnikasini zamonaviy traktor va mexanizmlar bilan almashtirish,  Xorazm sharoiti va iqlimiga,  shu tuproqqa mos keladigan sifatli urug‘ va yangi navlarni yetishtirish va joriy etish,  fermerlik harakatining oldida turgan ko‘pgina vazifalarni hal qilish va uning samaradorligini oshirish kabi o‘ta muhim,  alohida e’tiborni talab qiladigan muammo va masalalar ustida ishlash dolzarb vazifalardan ekani qayd etildi.  Bu borada avvalambor viloyat rahbariyati va jamoatchiligi,  mavjud ilmiy muassasalar,  tajribali agronom va mutaxassislarning o‘rni va mas’uliyati katta ekaniga urg‘u berildi. 
Biz mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardan boshlab inson manfaatlarini ta’minlash masalasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohot va o‘zgarishlarning mazmun-mohiyatini belgilab kelayotgani haqida,  o‘ylaymanki,  ko‘p gapirishga hojat yo‘q,  deb o‘z fikrini davom ettirdi Yurtboshimiz. 
Biz uchun doimo ustuvor vazifa bo‘lgan ana shunday siyosatning amaliy samarasini butun yurtimiz qatori Xorazm viloyatida ham ko‘p-ko‘p misollarda ko‘rish mumkin. 
Bugungi kunda viloyatda aholining real daromadlari jon boshiga 2000-yilga nisbatan 9, 2 barobar ko‘paygani,  shu davrda o‘rtacha ish haqi 16, 8-marta,  pensiya va ijtimoiy nafaqalar salkam 11-marta ortgani odamlarimizning farovonligini ta’minlashga muhim hissa bo‘lib qo‘shilmoqda.  Buning yaqqol ifodasini birgina misol,  ya’ni,  yurtimizda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy yengil avtomobillarni aholi tomonidan sotib olish hajmi tobora ortib borayotgani tasdiqlaydi.  Mamlakatimizda avtomobil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan 1996-yildan boshlab Xorazm viloyati aholisi 60 mingdan ziyod ana shunday avtomobillarni xarid qilgan,  boshqacha aytganda,  hozirgi vaqtda har beshta oiladan ikkitasida zamonaviy avtomobil mavjud. 
Yana bir dolzarb masala – Xorazm viloyati uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasidagi ishlarni olaylik,  dedi Islom Karimov.  Viloyatda keyingi o‘n yilda 815 kilometrdan iborat ichimlik suv tarmoqlari yangilanib,  28 ta suv taqsimlash inshooti rekonstruksiya qilindi.  Natijada 174 ta aholi punktidagi 200 mingga yaqin aholining ichimlik suv ta’minotining yaxshilanishiga erishildi. 
Shu bilan birga,  Jahon bankining 11 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘i hisobidan Urganch shahri va tumani,  Osiyo taraqqiyot bankining qariyb 13 million dollarlik kredit mablag‘i evaziga Yangiariq,  Xiva va Qo‘shko‘pir tumanlari aholisining ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi.  Ana shunday ishlar natijasida keyingi o‘n yilda viloyatda aholini markazlashgan tarmoqlar orqali ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasini 64 foizdan 74 foizga ko‘tarishga erishildi. 
Bu albatta katta yutuq,  lekin bu raqam bizni qoniqtirmasligi kerak.  Ko‘p kasalliklar nimaning hisobidan paydo bo‘ladi? Avvalo,  suvning toza emasligi hisobidan.  Xorazmga xos buyrakda tosh yig‘ilish kasalligi va boshqa kasalliklarni bartaraf etish uchun aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasida qattiq ishlashimiz,  bu muammoni to‘la yechishimiz kerak,  dedi davlatimiz rahbari. 
Kelgusida xalqaro moliya institutlarining 60 million dollarlik mablag‘ini jalb etgan holda,  bu boradagi ishlarni yanada kengaytirish,  jumladan,  Urganch,  Xiva va Pitnak shaharlaridagi eskirgan kanalizatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish,  yangi tozalash inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda.  Bu o‘z navbatida ana shu shaharlarning ekologik holatini yaxshilash,  aholining turmush sharoiti va sifatini yanada oshirishda muhim o‘rin tutadi. 
Viloyatda qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida turar-joy massivlarini kompleks qurish ishlari ham izchil olib borilmoqda.  O‘tgan uch yil mobaynida 32 ta massivda 1 ming 160 ta uy-joy 43 kilometrdan ziyod gaz tarmog‘i,  70 kilometr suv tarmog‘i,  30 kilometr elektr tarmog‘i,  35 kilometr avtomobil yo‘llar va boshqa infratuzilma ob’ektlari bilan birga qurib foydalanishga topshirilgani diqqatga sazovordir.  “Mustahkam oila yili” deb nom olgan joriy yilning o‘zida viloyatning 20 ta qishloq massivida 650 ta ana shunday uy-joy barpo qilinib,  o‘z egalariga tayyor holda topshiriladi. 
O‘z-o‘zidan ravshanki,  bunday har tomonlama qulay va obod uylarda odamlarning kayfiyati va qarashlari,  ertangi kunga ishonchi ham boshqacha bo‘ladi.  Bunday uylar xonadon bekalari – ayollarimizning og‘irini yengillashtirishga,  hayot tarzini o‘zgartirishga,  turmush sharoitini yaxshilashga olib kelishi muqarrar,  deb ta’kidladi davlatimiz rahbari. 
Xorazm vohasida sog‘liqni saqlash sohasini yanada yaxshilash,  yangi,  zamonaviy darajaga ko‘tarish maqsadida keyingi besh yil davomida 16 milliard 200 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.  Jumladan,  Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya va kardiologiya markazlarining viloyat filiallari,  Bog‘ot va Yangiariq tuman tibbiyot birlashmalari,  viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi va 6 ta qishloq vrachlik punktida keng ko‘lamli qurilish-rekonstruksiya va jihozlash ishlari amalga oshirildi.  Bularning barchasi,  tabiiyki,  turli kasalliklarning oldini olish,  onalar va bolalar salomatligini yaxshilash,  inson umrini uzaytirishning mustahkam zamini bo‘lib xizmat qilmoqda. 
Yosh avlodimizni dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagan,  har tomonlama yetuk insonlar etib tarbiyalash masalasi O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining eng muhim,  eng ustuvor yo‘nalishi ekani yaxshi ma’lum.  Barchamiz bugun chuqur anglab oldik – faqatgina zamonaviy,  mustaqil fikrlaydigan,  jahonning manaman degan mamlakatlaridagi tengdoshlari bilan bellasha oladigan,  jismoniy va ma’naviy jihatdan barkamol yoshlar biz boshlagan ishlarni munosib davom ettirish va yangi bosqichga ko‘tarishga qodir bo‘ladi.  Shuning uchun ham biz bu hal qiluvchi vazifani mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilash,  uning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirish,  taraqqiy topgan demokratik davlatlar qatoridan mustahkam o‘rin egallashining asosiy sharti va garovi deb bilamiz,  deb qayd etdi Yurtboshimiz. 
Ana shunday yuksak va ezgu maqsadga erishishda Xorazm viloyatida aholi,  ayniqsa,  yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini hayot qoidasiga aylantirish,  jismoniy tarbiya va sportni keng ommalashtirish borasida katta ishlar qilinmoqda.  Sessiyada buning isboti sifatida ba’zi bir raqamlarga e’tibor qaratildi. 
Agar 2003-yilda viloyatdagi umumta’lim maktablarining faqat 63 foizida sport zallari mavjud bo‘lgan bo‘lsa,  bugungi kunga kelib bu raqam 88 foizni tashkil etmoqda.  Bolalar sportini rivojlantirish dasturi doirasida o‘tgan uch yil davomida 85 ta sport inshooti qurilib foydalanishga topshirilgani,  ularning 80 foizdan ziyodi qishloq joylarda ekani yoshlarimizning,  ayniqsa,  qiz bolalarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun har tomonlama qulay imkoniyatlar tug‘dirmoqda. 
Bu haqda gapirganda,  futbol bo‘yicha 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar O‘zbekiston terma jamoasi kuni kecha 4 milliarddan ortiq odam yashaydigan Osiyo qit’asining chempioni degan yuksak sharafga erishganini katta g‘urur bilan ta’kidlamoqchiman,  dedi Yurtboshimiz o‘z fikrini davom ettirar ekan. 
Tabiiyki,  bunday g‘alabaga erishish oson emas.  Barcha zarur shart-sharoitlarni yaratgan,  sportni keng ommaviy harakatga aylantirgan taqdirdagina bunday ulkan yutuqlarga erishish mumkin.  Afsuski,  bugungi kunda dunyoda sportni butunlay boshqacha ma’no va maqsadlarda tushunish holatlari ham yo‘q emas.  Hamma narsa pulga qurilgan,  pul bilan hisoblanadigan sport shaxsan men uchun sport emas,  dedi Islom Karimov. 
Yaratilgan zamonaviy sharoitlar tufayli xorazmlik maktab o‘quvchilaridan 1 ming 500 nafari respublika miqyosida,  140 nafari esa xalqaro miqyosdagi sport musobaqalarida ishtirok etganini ta’kidlash joiz.  Eng muhimi,  yosh avlod tarbiyasi bo‘yicha olib borayotgan,  mana shunday chuqur o‘ylangan ishlarimiz hisobidan bolalarimiz jismonan sog‘lom va baquvvat bo‘lib voyaga yetmoqda. 
Hozirgi vaqtda viloyatdagi 91 ta akademik litsey va kasb-hunar kollejida 96 ming 300 nafar yigit-qiz zamonaviy bilim va amaliy kasb-hunarlarni egallamoqda.  Har yili ularning 30 ming nafardan ortig‘i kollejlarni bitirib,  hayotga yo‘llanma olmoqda. 
Ana shunday yoshlarni munosib ish bilan ta’minlash,  ularning mustaqil hayotga qadam qo‘yishi,  oyoqqa turib olishi uchun har tomonlama yordam va ko‘mak berish – bu davlatimiz,  jamiyatimizning bugungi kundagi eng muhim,  aytish mumkinki,  eng hal qiluvchi vazifasi va u doimo e’tiborimiz markazida bo‘lishi zarur,  deb ta’kidladi Prezidentimiz. 
Viloyatda kollej bitiruvchilarini tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida ajratilayotgan kreditlarning hajmi keyingi uch yilda 10 barobar oshib,  joriy yilda 3 milliard so‘mni tashkil etgani albatta e’tiborga molik. 
Ayni vaqtda sessiyada yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minlash masalasini yana bir bor tanqidiy ko‘z bilan qarab chiqish,  bu borada yechilmagan muammolarni hal etish uchun barcha choralarni ko‘rish,  avvalambor,  shahar va tuman hokimlari,  tegishli rahbarlarning mas’uliyatini yanada oshirish zarurligi uqtirib o‘tildi.  Viloyatda bandlik masalasi qanday hal qilinayotgani ayni shu nuqtai nazardan tahlil etildi.  Yuqorida aytilganidek,  joriy yilning 9 oyida 47 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilgani ijobiy baholandi.  Lekin o‘rganishlarga ko‘ra,  viloyatda bugungi kunda 34 ming 700 nafarga yaqin fuqaro,  ya’ni mehnatga layoqatli bo‘lgan aholining 5, 1 foizi ishga joylashishga muhtoj hisoblanadi.  Bu raqamlar,  foizlar o‘z yo‘li bilan,  lekin haqiqiy ishlashni istaydigan odamlarga albatta ish topib berish kerak.  Binobarin,  bandlik masalasi bo‘yicha olib borayotgan ishlarni yanada kuchaytirish,  xususan,  sanoat,  kichik biznes va xususiy tadbirkorlik,  xizmat ko‘rsatish sohasida yangi ish o‘rinlari tashkil etishga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi. 
Xorazm vohasida qurilish va obodonchilik sohasida olib borilayotgan katta-katta ishlarni viloyat markazi bo‘lmish Urganch shahri misolida yaqqol ko‘rish mumkin.  Urganch shahrini zamonaviy shaharsozlik talablari asosida qayta qurish maqsadida umumiy qiymati 112 milliard so‘mni tashkil etadigan dastur ishlab chiqilib,  keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi. 
Hozirgi kunda Xorazmiy ko‘chasida birinchi qavatini savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari egallaydigan 12 ta ko‘pqavatli turar-joy binosi,  10 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini qurish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.  Shuningdek,  har biri 25 o‘rinli 3 ta mehmonxona qurilishi boshlangan. 
Ayni vaqtda Xorazmiy ko‘chasining markaziy chorrahasida 4 ta zamonaviy supermarket hamda 38 ta servis va xizmat ko‘rsatish ob’ektida ham qurilish ishlari yakuniga yetib bormoqda. 
Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filiali uchun bunyod etilgan muhtasham yangi o‘quv binosi bugun shaharning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turibdi.  Bu yerda endi 160 o‘rinli talabalar turar-joy binosini qurish mo‘ljallanmoqda.  Shular qatorida “Yoshlar ko‘li” bog‘ining muhandislik kommunikatsiyalari,  infratuzilmasini yangitdan barpo etish ko‘zda tutilmoqda.  Ushbu hududdagi “Kichkintoylar bog‘i”da ochiq suv havzasi qurish,  zamonaviy attraksionlar o‘rnatish ishlari olib borilmoqda. 
Aytish kerakki,  joriy yilning o‘tgan davrida 1 milliard 800 million so‘m mablag‘ hisobidan shaharning kanalizatsiya tarmoqlari rekonstruksiya qilinib,  Xorazmiy ko‘chasida 3 kilometrdan ziyod ichimlik suv tarmog‘i o‘tkazilgani,  markaziy ko‘chalar va irrigatsiya tizimlari bosqichma-bosqich ta’mirlanayotgani shahar obodonchiligiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilmoqda. 
Bundan tashqari,  bu yerda shu yilning o‘zida 70 ta ko‘pqavatli uy-joy kapital va joriy ta’mirlanib,  zamonaviy qiyofa kasb etganini qayd etish lozim,  dedi Yurtboshimiz.  Shu bilan birga,  Urganch temir yo‘l vokzalini kapital rekonstruksiya qilish,  jumladan,  yangi perron va ochiq yozgi pavilon qurish,  vokzal oldidagi maydonni obodonlashtirib,  ko‘rkam xiyobon,  avtomobillar bekati va favvora barpo etish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. 
Bunday bunyodkorlik ishlari viloyatdagi boshqa shahar va tumanlarda ham olib borilayotgani ayniqsa e’tiborlidir. 
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi.  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tavsiyasiga ko‘ra,  2012-yilning yanvar oyidan buyon Xorazm viloyati hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Po‘lat Razzaqovich Bobojonov viloyat hokimi etib saylandi. 
Prezidentimiz bugungi kunda rahbarning mas’uliyati,  uning odamlar bilan ishlash mahorati haqida alohida to‘xtalib,  quyidagilarni bayon etdi. 
Rahbarlik haqida,  rahbar shaxsning o‘rni va ta’siri haqida gapirganda,  hozirgi kunda hayotimizda ko‘pgina ijobiy va salbiy misollarni uchratish mumkin.  Ming afsuski,  ishni o‘zibo‘larchilikka tashlab,  har qadamda paydo bo‘ladigan muammo va masalalarni yechish o‘rniga,  ular o‘z-o‘zicha yechimini topar,  deb beparvolikka,  loqaydlikka berilib yuradigan rahbarlar ham kam emas. 
Bu fikrni boshqacha ifodalab,  bamisoli harbiylarni boshqaradigan qo‘mondonlarni o‘zimizga tasavvur qiladigan bo‘lsak,  ular,  avval jangga kiraylik,  u yog‘i o‘zi ma’lum bo‘ladi,  degan tushuncha bilan qancha-qancha janglarni boy bergani,  qancha yo‘qotishlarga yo‘l qo‘yganini tarixdan yaxshi bilamiz.  O‘ylaymanki,  hayotimizda hali-beri uchrab turadigan bunday noma’qul qarashlar bilan ish tutadigan odamning rahbar vazifasini egallashga haqqi yo‘q. 

Hayot – bu,  avvalo,  kurash,  demakdir.  Har kunimiz aslida kurashdan iborat.  Bu kurash nima uchun,  qanday maqsadlar uchun qaratilgan? Bu kurash,  birinchi navbatda,  erkinlik,  tinchlik uchun,  hayotimiz farovonligi,  bolalarimizning kelajagi uchun qaratilgan.  Shu ma’noda,  har qaysi rahbarning zimmasida juda katta mas’uliyat borligini hech qachon unutmaslik kerak. 
Biz bugun yon-atrofimizda,  aytish mumkinki,  butun dunyoda notinchlik,  qarama-qarshilik va keskin ziddiyatlar ro‘y berayotgan o‘ta murakkab bir zamonda yashayapmiz,  dedi davlatimiz rahbari.  Shunday tahlikali vaziyatni e’tiborga oladigan bo‘lsak,  avvalambor,  qanday betakror va go‘zal Vatan bizga nasib etgani,  hayotimiz tobora yuksalib,  obod va farovon bo‘lib borayotganining qadriga yetib,  shukronalik hissi bilan,  yurtimizning tinchligi,  xalqimizning hamjihatligini har tomonlama asrash va mustahkamlash,  doimo sergak,  sezgir va hushyor bo‘lib yashashimizni bugun hayotning o‘zi talab etmoqda.  Biz boshimizdan kechirayotgan bugungi zamonning o‘zi har birimizdan o‘z joyimizda,  o‘z lavozimimizda o‘zimizga yuklangan vazifani mas’uliyat bilan bajarish,  el-yurtimiz oldidagi burchimizni sidqidildan ado etishni talab qilmoqda.  
Oldimizda turgan mana shunday ulkan vazifalarni amalga oshirishda men ko‘pni ko‘rgan,  ko‘hna tarix va madaniyatga ega,  ne-ne suronli davrlarni boshidan kechirmasin,  o‘zligini asrab,  hamisha,  har qanday vaziyatda ham hamjihat bo‘lib,  bir-biriga yelkadosh bo‘lib,  mardlik va matonat ko‘rsatib,  katta umid va ezgu niyatlar bilan yashayotgan Xorazm xalqiga ishonaman.  Sizlarning mehnatkashlik,  olijanoblik,  mehmondo‘stlik kabi fazilatlaringizni,  shirin shevangizni,  betakror san’atingizni men yuksak qadrlayman,  dedi Yurtboshimiz o‘z nutqining nihoyasida. 
Sessiya majlisida Bog‘ot tumanidagi “Bog‘ot” fermer xo‘jaligi rahbari Sharifboy Rajabov,  mehnat faxriysi Kenjaboy Ortiqov,  Urganch davlat universiteti magistranti Nodira Yangiboyeva va boshqalar so‘zga chiqib,  Prezidentimiz nutqida Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlari har tomonlama chuqur tahlil etilib,  kelgusidagi dolzarb vazifalar aniq belgilab berilganini,  voha ahli bildirilgan fikrlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib,  islohotlar samarasini yuksaltirish,  barcha soha va tarmoqlar bo‘yicha qabul qilingan dasturlarni izchil amalga oshirish uchun astoydil mehnat qiladi,  deb ta’kidladilar. 
* * * 
Prezidentimiz Islom Karimov shu kuni Xonqa tumanidagi “Istiqlol” fermer xo‘jaligi dalalarida fermerlar bilan muloqotda bo‘ldi.  Paxta yig‘im-terimining borishi bilan qiziqdi. 
Hamza Jumaniyozov rahbarlik qilayotgan mazkur fermer xo‘jaligi 67, 6 gektar yer maydoniga ega.  Xo‘jalik a’zolari bu yil 48 gektar maydonda mo‘l hosil yetishtirdi.  Davlatga paxta va g‘alla sotish shartnoma majburiyatlarini muntazam bajarib kelayotgan xo‘jalikda hosildorlik yildan-yilga oshib bormoqda.  Fermer xo‘jaligida meva-sabzavot,  poliz yetishtirish,  chorvachilik,  parrandachilik,  asalarichilik ham yo‘lga qo‘yilgan.  Xo‘jalikda tashkil etilgan tikuvchilik sehi va novvoyxonada ko‘plab yoshlar ish bilan ta’minlangan. 
– Bu yil paxtachilik uchun qulay yil bo‘ldi.  Bu sohada erishayotgan muvaffaqiyatlarimizni chuqur tahlil qiladigan bo‘lsak,  avvalambor,  yerni haqiqiy egalariga topshirganimiz,  fermerlarimizda egalik hissi shakllangani,  yil davomida bajarilishi lozim bo‘lgan agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilayotgani,  dehqonlarimizga unumli mehnat qilishi uchun yaratib berilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlar bugungi yutuqlarimizning muhim omili bo‘lmoqda,  – dedi Yurtboshimiz.  

Davlatimiz rahbari yerlarning meliorativ holatini yaxshilash,  defoliatsiya tadbirlari hosilning tez,  bir tekis va sifatli pishib yetilishida katta o‘rin tutishi to‘g‘risida to‘xtalar ekan,  bugun fermerlarimiz faoliyati natijasini yuqori samaradorlik bilan o‘lchash eng to‘g‘ri yo‘l ekanini ta’kidladi.  Bugun fermerlik harakati rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda,  dedi Prezidentimiz.  Fermer o‘zi yetishtirgan mahsulotni o‘zi qayta ishlashi,  shu orqali qishloqda sanoatni jadal taraqqiy ettirishi lozim.  Ishlab chiqarishning boshqa tarmoqlarini rivojlantirishi,  xizmat ko‘rsatish va servis sohasini yo‘lga qo‘yishi,  hududlarimizning ijtimoiy-iqtisodiy ravnaqiga,  aholi farovonligini oshirishga,  odamlarni,  birinchi navbatda yoshlarni ish bilan ta’minlashga faol hissa qo‘shishi lozim. 
Fermerlar bilan muloqot chog‘ida odamlarimizning ongu tafakkuri,  hayotga qarashi,  talab va ehtiyojlari o‘zgarayotgani,  shuning barobarida shahar va qishloqlarimiz yanada chiroy ochib borayotgani ta’kidlandi.  Ayniqsa,  yoshlarimizning o‘z oldiga aniq maqsadlarni qo‘yib,  dadil intilayotgani,  turli sohalarda katta yutuqlarga erishayotgani butun xalqimiz qalbini g‘ururga to‘ldirayotgani qayd etildi. 
Prezidentimiz Islom Karimov Urganch shahri markaziy qismini rekonstruksiya qilish dasturiga asosan amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. 
Qurilish va shaharsozlik ishlarida Xorazmning o‘ziga xos tabiiy iqlim sharoitini e’tiborga olish lozim,  dedi Islom Karimov.  Yor ostidagi suvlarni qochirish,  uning sathini pasaytirish uchun kollektorlar tizimini takomillashtirish zarur.  Shu bilan birga,  landshaft arxitekturasidan keng foydalanish,  ko‘kalamzorlashtirish ishlarini voha tuproq va iqlim sharoitidan kelib chiqib tizimli tashkil qilish shaharni rivojlantirish yo‘lidagi qurilish va bunyodkorlik ishlari jarayonida e’tibor markazida bo‘lishi darkor. 
Mamlakatimizda barcha sohalarda erishilayotgan ulkan muvaffaqiyatlar,  xalqimiz farovonligi muttasil yuksalib borayotgani cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.  Qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarimizni yanada mustahkamlash,  erkin va farovon hayot,  farzandlarimizning saodatli kelajagi uchun doimo kurashib yashashimiz shart.  Xorazm viloyatida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari,  odamlar tafakkuridagi o‘zgarishlar hamda ulug‘vor maqsadlar bu haqiqatni yaqqol tasdiqlab turibdi. 


Manbaa:  O‘zA