Gerb Bayroq Madhiya Davlat mukofotlari Bosh sahifa Mobil versiya Sayt xaritasi Forum
Матнни тинглаш!
0(362) 223-00-18
Ish tartibi 900 - 1800
  • xorazm.uz

    Yurtboshimizning tabiri bilan aytganda, Xorazm «O‘zbek davlatchiligining ilk tamal toshi qo‘yilgan muqaddas zamin!». Insoniyat tamadduni o‘choqlaridan hisoblanmish bu ko‘hna yurtdan ne-ne buyuk allomalar, qomuschi olimlar, ahli donishlar, avliyo-anbiyolar yetishib chiqgan.

  • xorazm.uz

    Istiqlol tufayli yurtimizdagi qadim shaharlar va qal’alar, madaniyat o‘choqlarini ko‘rish, ziyorat qilish uchun yetti iqlimdan kelayotgan sayyohlarning soni yildan-yilga oshmoqda. Jahon bizning mo‘tabar yurtimizni ko‘rishga orzumand!

  • xorazm.uz

    2017-2018 yillarda Xorazm viloyati sanoati salohiyatini rivojlantirish dasturi amaliyotga allaqachon tatbiq qilinayotgan ulkan qurilishu ta‘mirlash, eng zamonaviy asbob-uskunalar keltirish, kerakli mutaxassislarni o‘qitish, o‘rgatish jarayoni jadal yo‘lga qo‘yildi.

  • xorazm.uz

    Xalqimiz dasturxonining fayziyobligi, bozorlarimizning to‘kinligiyu oziq-ovqat mahsulotlarining serobligi, arzonligi, bir so‘z bilan aytganda yurtimiz farovonligi bobodehqonlarimizning mehnati mahsulidir. Xorazm voxasi qishloq xo‘jaligi soxasida xam yetakchilardan hisoblanadi.


Sayyohlik

Dunyoning Qadimiy shaharlaridan biri bo‘lgan Xiva asrlar mobaynida insoniyatning ma’naviy va moddiy madaniyati taraqqiyatiga o‘zining salmoqli xissasini qo‘shib kelmokda.

Xalqaro sayyohlik markazlardan biri sanalgan Xiva bejiz butun dunyoda ochiq osmon ostidagi muzey sifatida e’tirof etilmagan. Bu shahar xududida miloddan avvalgi VI – V asrlardan XX asr boshlarigacha bo‘lgan davrlarga ta’luqli 122 dan ortiq arxeologik yodgorliklar va me’moriy obidalar saqlanib qolgan bo‘lib Davlat muhofazasiga olingan.

Xiva o‘zining qurilishi tarixiy o‘tmishi, me’moriy obidalarining yaxlit tarzda saqlanib qolganligi bilan qadimiy shaharlar orasida alohida o‘rin tutadi. Ayniqsa Xiva shahrining Ichan-Qal’a qismi Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan birdan bir butun boshli shahar-yodgorlik bo‘lib uning o‘tmishidagi taqdiri me’moriy obidalari dunyoning eng qadimgi madaniy voha Xorazmning tarixiy madaniy taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘likdir.

Betakror Xiva shahri sharq xalqlarini qadimiy madaniyati beshigi Xorazmning ko‘p asrlik me’moriy qurilish an’analarini meros qilib olgan Xorazm me’morlari san’ati va mehnatining ijodiy yakunidir.

Xiva shahri 1990 yil 12 dekabrda YuNESKOning Kanadada bo‘lib o‘tgan 14 sessiyasining maxsus qarori bilan Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib “Butun jahon merosi” sifatida ro‘yhatga olingan. 1997 yilda mamlakatimizning ikki azim va buyuk shahri Buxoro va Xivaning 2500 yilik yubileylari YuNESKO rahnomalagida dunyo miqiyosida keng nishonlanishi bu shaharning butun dunyoda e’tirof etilganidan dalolat beradi.

Tarixdan ma’lumki Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan Xivadan ko‘plab badiiy hunarmandchilik namunalari, dunyoga mashxur olimlarning nodir qo‘lyozmalari butun dunyoga tarqalgan. Xozirda ham ushbu asori atiqalar Amerika, Evropa va Osiyoning eng yirik muzeylari ekspozitsiyalarini bezab turibdi.

O‘zbekistonning eng ko‘hna muzeylaridan biri bulgan Xiva “Ichan-Qal’a” tarixiy me’moriy Davlat muzey-qo‘rikxonasi 26 ga maydonda joylashgan  bo‘lib “Ichan-Qal’a”ning ko‘hna devorlari bilan o‘ralgan.

Muzey – qo‘rikxona xududida 54 ta mangulikka daxldor tarixiy memoriy obidalar 360 xonadon 2600 aholi istiqomat qiladi.

Xiva Ichan-Qal’a tarixiy me’moriy Davlat muzey qo‘riqxona ekspozitsiyalari Ichan-Qal’a xududidagi tarixiy me’moriy obidalarda joylashgan.

1920 yil 27 aprelda Xiva Davlat muzey sifatida tashkil topgan bu dargoh 1924 yildan 67 yilgacha Xorazm inqilobi tarixi muzeyi 1967 yildan Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib Xiva tarixiy me’moriy qo‘riqxona 1967 yildan esa haqiqiy tarixiy me’moriy muzey–qo‘riqxona sifatda faoliyat ko‘rsata boshlagan.

Muzey–qo‘riqxonaning 69 ta zalida joylashgan 14 mustaqil ekspozitsiya Xorazm va Xiva tarixini ma’lum bir davrlarini aks ettirib uning jahon madaniyatiga qo‘shgan xissasini ochib beradi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan 1984-1993 yillarda o‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlar davrida shaharning yoshi aniqlangan. Xiva shahrida o‘tkazilgan arxeologik qazishmalar natijasi shuni ko‘rsatadiki, “Ichan qal’a” hududi eramizdan avvalgi V asrda paydo bo‘lgan. Shaharning eng pastki qatlamida topilgan ashyolar (sopol buyumlar va qalin paxsa devorlar) shundan dalolat beradi. Shahar devorlari ostidan topilgan madaniy qatlam, sopol buyumlar va katta hajmdagi xom g‘ishtlar shaharni 2500 yoshda ekanini tasdiqlaydi.

Tarixiy manbalar shuni ko‘rsatadiki, 712 yilda Xivani arablar istilo qilishgan, IX asr boshlarida Xorazm somoniylar davlati tarkibiga kirgan. Bu davrda u mustahkam devor bilan o‘ralgan. 1128 yildan 1220 yilgacha shahar Xorazmshohlarning buyuk zabardast sulolasi Anushteginiylar davrida Xorazmning hunarmandchilik markazlaridan biri bo‘lib johonga tanildi. Mug‘ul istilosi tufayli shahar 1221 yildan mo‘g‘ullar imperiyasi asoratiga tushgan. Shahar 1388 yildan boshlab temuriylar davlati qo‘l ostiga tushib qolgan. XVI asr boshlaridan 1924 yilgacha Xiva xonligining poytaxti bo‘lib turgan XVI asr boshlaridan boshlab shahar har tomonlama rivojlana boshlagan. Bu erda ma’muriy binolar qurila boshlangan. 1616 yil Arab Muhammadxon tomonidan birinchi madrasa quriladi, bu bilan xon mahalliy xalq orasida o‘z mavqeini mustahkamlaydi. Undan keyin yana ikkita madrasa Xo‘jamberdibiy (1688 y) va Sherg‘ozixon (1719 y) madrasalari qurildi. Shahar obodonlashtirilib, savdo-sotiq rivojlandi. Lekin, bu yuksalish uzoq davom qilmadi. Mamlakat Eron bosqinchilarining hujumlari ostida qoladi. 1740 yili Eron shohi Nodirshoh Samarqand va Buxoroni zabt qilgach, Xiva xonligiga hujum boshlaydi. 1740 yili kech kuzda Xiva shahrini ishg‘ol qiladi. Nodirshoh xujumi natijasida Xiva shahri butunlay vayron qilinib, mamlakat Eronga qaram bo‘lgan o‘lkaga aylantirilgan. Shundan keyin mamlakatda bir necha yillar ko‘chmanchi turkman yovmut zodagonlari hukmronlik qildilar. Ular bilan mahalliy o‘zbek zodagonlari o‘rtasida davlatni qo‘lga olish uchun bo‘lgan qonli kurashlar natijasida mamlakat vayron bo‘ldi, xalq esa chidab bo‘lmas darajada qashshoqlashdi. Nihoyat, qonli urushlar, o‘zaro nizolarga bir qadar barham berildi. XIX asrning boshlariga kelib Avazbek Inoqning o‘g‘li Eltuzarxon (1804-1806) navbatdagi qo‘g‘irchoq xonni taxtdan ag‘dardi va o‘zini xon deb e’lon qildi. Ayni paytda u qo‘ng‘irot sulolasiga asos soldi. Shu kundan e’tiboran, Xivani qo‘ng‘irot sulolasidan bo‘lgan xonlar 1920 yilgacha, ya’ni sovet bosqiniga qadar idora qilishdi.

Inoqlar hukmronligi davridayoq, Xiva shahrining xaroba devorlari qayta tiklandi. Shahar ichkarisida bir necha ma’muriy binolar ko‘hna Jom’e masjidi, Muhammad Amin Inoq, Fozilboy madrasalari qurildi.

Shu davrda xonning saroyi, qo‘shini, qurol-yarog‘, o‘q dori omborlari Ark (Ko‘hna ark)da joylashgan edi. Xon arki shaharning eng qadimiy qismi bo‘lib, XVII asrda Ichan qal’aning butun g‘arbiy tomonini egallab olgan edi, bu erda xon devonxonasi, ko‘rinishxona (qabulxona), xonning harami, yozgi va qishgi masjidlari hamda zarbxona joylashgan edi.

XIX asrga kelib shahar kengaydi, u ikki qismdan, ya’ni Ichan qal’a shahriston (ichki shahar) va Deshon qal’a rabot (tashqi shahar)dan iborat bo‘lib. Shahar tevaragida esa o‘nlab qishloqlar joylashgan edi.

Ichan qal’a o‘ziga xos yaxlit me’moriy inshootlardan iborat bo‘lib, baland paxsa devor bilan o‘ralgan, to‘rtta darvozasi-Ota darvoza, Polvon darvoza, Tosh darvoza va Bog‘cha darvoza to‘rt tomonga qaratib qurilgan. Ichan qal’a devorlari vaqt o‘tishi bilan bir necha bor buzilgan va qayta ta’mirlangan.

Devor aylanasining uzunligi qariyib 2200 metrgacha, balandligi 7–8 metrga, poydevorining qalinligi esa 5–6 metrga teng. Ichan qal’a to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida qurilgan bo‘lib, uzunligi 650 metr, eni 400 metr, ya’ni 26 gektar maydonni egallaydi.

Deshon qal’a – rabot. Ichan qal’a atrofida XIX asrning o‘rtalarida vujudga kelgan. Deshon qal’ada kambag‘al-kosiblar, hunarmandlar va mayda savdogarlar yashashgan. Tikuvchilar (chitgarlar), kulollar, elakchilar, juvozchilar, misgarlar, tunukachilar va boshqa mahalla nomlari shu davrgacha saqlanib qolgan. Deshon qal’a 1842 yilda baland devor bilan o‘rab olingan bo‘lib qal’ani qurishda xonlikning 200 mingdan ziyod aholisi qatnashgan.

Deshon qal’ani o‘rab olgan devorning uzunligi 6250 metr, uning o‘nta darvozasi bo‘lgan: Hazorasp (Qo‘y darvoza), Pishkanik, Angariq, Shixlar, Tozabog‘, Shohimardon, Doshyoq, Gadoylar, Qo‘sha darvoza va Gandimyon. Deshon qal’ada turar joylardan tashqari xonning yozgi qarorgohlari uchta bog‘– Rofanik, Nurullabek va Nurullaboy bo‘lgan. Deshon qal’a qurilishi bilan shahar ikkita qismga bo‘lingan va shahar maydoni bir necha o‘n marta kengaygan.




Muhammad Aminxon madrasasi va minorasi.

Xiva shahrida 64 ta madrasa mavjud bo‘lib, shular ichida eng yirigi va chiroylisi Xiva xoni Muhammad Aminxon tomonidan qurilgan madrasa hisoblanadi.

Madrasa Ichan qal’aning g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, shaharning bosh darvozasi Ota darvozadan kirib kelganda, o‘ng tomonda joylashgan. Bu me’morchilik obidasi o‘z davriga xos uslubda eng katta va hashamatli qilib qurilgan.

Madrasa pishiq g‘ishtdan qurilib, uning devorlarini qalinligi 1,5 metrga etadi. Madrasa 130 hujradan iborat bo‘lib, tarixiy ma’lumotlarga asosan unda bir vaqtning o‘zida 260 nafar talaba tahsil olgan.

Madrasa me’moriy jihatdan boshqa shu kabi binolarga o‘xshash, bino simmetrik tarzda, ikki qavatli qilib qurilgan, tarhi to‘g‘ri burchakli, hovlili. Peshtoqning ikki yoniga an’anaviy guldasta-minoralar ishlangan. Bosh tarzini besh gumbazli miyonsaroy, masjid, darsxona va qo‘shimcha xonalar egallagan. Hovlining ikki yonida kichik peshtoqlar bor. Birinchi qavatdagi hujralar yotoqxona va yordamchi xonalar sifatida xizmat qiladi, ikkinchi qavatdagi ravoqli peshayvon binoga fayz bag‘ishlagan. Ichkari hovlida to‘rtta kichik peshtoqlar ham mavjud bo‘lib, ularda “suls” xatlari bitilgan koshinlar, bezaklar ham mavjud. Derazalarda ganchdan ishlangan panjaralar qurilgan. Pastida devor va tsokol orasiga nam o‘tkazmaydigan qatlam (gidroizalatsiya)-tosh belbog‘ (poyas)ni balandligi 68 sm qilib qo‘yilgan.

Madaminxon madrasasi-deb yozadi 1863 yilda Xivaga kelgan sayyoh A.Vamberi: “Karvonsaroy” tipida qurilgan bo‘lib, yonidagi minorasi xonning halokati tufayli bitmay qolgan. Madrasada diniy va dunyoviy ilm berilgan, ayni paytda ko‘ngilochar o‘yinlar, shuningdek ashula aytish man qilingan. Madrasada o‘qish muddati chegaralanmagan bo‘lib, ayrim talabalar bir kursda 3-4 yil, hatto 8-10 yillab o‘qishgan.

Muhammad Aminxon minorasi: Ma’lumki minoralar, Islom dini yurtimizga tarqalishi bilan bog‘liq ravishda qurilgandir. Har bir masjid yoki madrasa yonida albatta minora qurilib, undan musulmonlarni ibodatga chorlash uchun foydalanilgan. Keyinchalik esa shaharlarni bezagi va hukmdorlarni kuch-qudratini namoyishi sifatida ham qurilgan. Shuning uchun Sharq shaharlaridagi ko‘hna obidalarni minoralarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Xivada qurilgan mashhur minoralardan biri nihoyasiga etkazilmagan Muhammad Aminxon minorasidir.

Minora hozirgi paytda kesik konus shaklida bo‘lib hozirni o‘zida ham haybatli ko‘rinishga ega. Dinamik qisqarishiga qarab xulosa qilinadigan bo‘lsa, bitganidan so‘ng uning balandligi 100 metrga yaqin bo‘lib O‘rta Osiyoda eng katta va baland minora bo‘lishi mumkin edi. Minoraga tushgan insolyatsiya (quyosh nurlarini tushushi va sinishi)ga qaraydigan bo‘lsak minoradagi koshinlarning rangi o‘zgarmaydi. Chunki quyosh nuri har qanday jismni rangini o‘zgartiradi, ya’ni oqartiradi yoki ochiq tusga kirgizadi. Bu holat minorada sezilmaydi. Mana qancha vaqt o‘tgan bo‘lsa ham xuddi yangi qurilganday saqlanib turibdi. Minorada asosan geometrik naqshlar (gireh) ko‘p qo‘llanilgan minoraga ikkinchi qavatdan ko‘tarilish mumkin, ya’ni minoraga yog‘och zinapoya orqali chiqiladi. Minora 1853 yilda Muhammad Aminxon tomonidan qurila boshlangan va 1855 yil Shimoliy Eronga yurish paytida xonning o‘ldirilishi va Abdullaxonning taxtga o‘tirishi bilan qurilish ishlari to‘xtab qolgan.

Bu minora haqida xalq ichida ayrim rivoyatlar ham mavjud: Emishki, Xiva xoni shaharda juda ulkan va baland minora qurishni buyuradi. Uning tepasidan “Buxoroyi azim ko‘rinib tursin” deb ko‘rsatma bergan. Bundan xabar topgan Buxoro amiri minorani bunyod etayotgan me’mor bilan yashirin reja tuzadiki, unga ko‘ra minora bitishi bilan me’mor Buxoroda bundan ham yuksak minora qurishi kerak edi. Xon buni sezib qolib minora bitishi bilanyoq ustani o‘ldirishga ahd qiladi. Shu niyatdan ogoh topgan ysta minorani chala qoldirib g‘oyib bo‘lgan. Shu bois xalq bu hakda “Madaminxon madrasasi bitdi, minorasi bitmadi, Madaminxon murodiga etmadi” deb bayt to‘qishgan.

Ko‘hna ark

Xivaning qadimiy qal’asi bo‘lib, Ichan-Qal’adagi xon saroylaridan biridir. Qal’aning paydo bo‘lish tarixi Xiva shahri tarixi bilan chambarchas bog‘liqdir. Ayrim tarixiy manbalarda qal’a va shahar qurilishi bir paytda

(Ark:– qadimgi Xorazm shohlarining arz so‘raydigan joyi, poytaxtdagi qasr, xon va amirlar saroyi.)


boshlangan deb ko‘rsatilgan. Biroq Ark hududida hozir faqat XIX asrga oid bir necha bino saqlanib qolgan. Arkda xon va amaldorlarning uy joylari, davlat idoralari bilan bir qatorda ko‘rinishxona (salomxona, arzxona), zarbxona, yozgi va qishgi masjid, haram, aslahaxona, o‘q-dori tayyorlanadigan ustaxona, omborxona, oshxona, otxona, zindon va qo‘chqor urushtiradigan maxsus maydon ham bo‘lgan.



Ko‘hna ark atamasi shaharda 1832-1838 yillarda yana shunday bir saroy Toshhovli bunyod etilgach qo‘llanila boshlangan. U qurilishi va tuzilishiga ko‘ra shahar ichidagi shaharni eslatadi. Bir tomoni Ichan qal’a devori va boshqa tomonlari maxsus devorlar bilan o‘rab olingan. Arkka faqat bitta yo‘ldan sharqiy darvozadan kiriladi. Uning hududi 1 gektardan ziyodroq maydonni egallab, to‘rtburchak shaklda (123x93 metr) qurilgan bo‘lib, baland qalin devor bilan o‘ralgan. Ko‘hna ark katta-kichik to‘rtta hovlidan tashkil topgan. Hovlilararo maxsus yo‘laklar bor, Ark darvozasi burjlari tepasida gumbazli qafasa bo‘lgan. Mayda ravoqchalar qatori yon tomondagi qal’a devoriga ulanib ketgan. Haram va xonga qarashli uy-joylar shimol tomondagi ichkari xovlida joylashgan.









Ko‘hna Arkdagi buzilib ketgan xonalar haqida aniq fikr yuritish qiyin, lekin saqlangan ko‘rinishxona, yozgi va qishqi masjid, zarbxona va haram binolari saroyning haqiqiy ko‘rinishi haqida qisman tasavvur beradi.


Ko‘hna Arkning g‘arbiy qismida Oq Shayx bobo tepaligi ham mavjud bo‘lib, rivoyatlarga ko‘ra, XIV asrda yashab o‘tgan Shayx Muxtor Valining qadamjosi bo‘lgan.



Arxeologik qazishmalar shuni tasdiqladiki, tepalik juda qadimgi bo‘lib, qaytadan XVII asr boshlarida asos solingan. Tepalikda saqlanib qolgan ikki qavatli uying xarobalari so‘nggi davrga oid qasrning kuzatuv minorasi bo‘lib xizmat qilgan. Tepalikning ichki xonalarida XIX asrda to‘p quyish ustaxonasi va porox saqlanadigan ombor joylashtirilgan. Bino 1991 yilda qayta ta’mirlangan, hozirda sayyohlar ushbu tepalikning baland ayvoni orqali shaharni tepadan tomosha qilmoqdalar.










Muhammad Rahimxon (Feruz) madrasasi

Ko‘hna ark darvozasi qarshisidagi madrasa Sayid Muhammad Rahimxon II ning farmoniga binoan 1871-1876 yillarda qurilgan. Madrasa o‘zining kengligi, serviqorligi bilan boshqa madrasalardan ajralib turadi. Madrasada yozgi va qishgi masjid, darsxona, kitobxona va hujralar bor. Madrasaning hovlisi 76 ta bir qavatli hujra bilan o‘ralgan bo‘lib 152 talabaga mo‘ljallangan.

Hujralar tomi tashqi tomondan to‘siq devor (parapet) bilan chegaralangan va ikki qavatli bosh fasadga kelib tutashadi. Xushqad peshtoqning ikki yonida besh ravoqli galereya bor. Darvozaxona atrofidagi xonalar to‘qqizta gumbazga ega. Binoning ichki plani boshqa madrasalar tuzilishidan farq qiladi. Devorlar yuzasidagi sirkor g‘ishtchalardan terilgan ornamentli bezaklar odatdagi shakllarni takrorlaydi. Kishida hovlining tuzilishi o‘zgacha taassurot qoldiradi. Hovlining bir qavatli hujralari qatori baland dekorativ peshtoqlar tashqi to‘siq devor va burchaklardagi chiroyli minoracha-guldastalar bilan birgalikda ajoyib manzara kasb etadi.

Mustaqilligimizning ilk yillarida, ya’ni 1994 yilda madrasa qayta ta’mirlanib, shu yilning sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan Muhammad Rahimxon II “Feruz”ning 150 yillik to‘yiga to‘yona qilib madrasaning hovlisiga chiquvchi dahlizlari, o‘quv xonasi va qishgi masjidida Xiva xonligi tarixi va madaniyatini ochib beruvchi “Xorazm adabiyoti va tarixi muzeyi” ochildi. Muzeyda Xiva xonligining davlat ramzlari-bayroq, tangalar va oxirgi hukmdor xonlarning asl nusxa foto-suratlari, xorijdan keltirilgan savdo buyumlari, Xitoy va rus chinnisi, mahalliy hunarmand ustalarning mahsulotlari, qurol-aslaha, kiyim-kechak kabi ko‘plab nodir buyumlarni tomosha qilish mumkin.

Sayid Olovuddin maqbarasi

Maqbara “Ichan-Qal’a” arxitektura yodgorliklari ichida eng qadimiylaridan biridir. Maqbara bitta ziyoratxona va go‘rxonadan iborat. Asrlar davomida atrofida qabrlar ko‘payib ketganligi uchun maqbara er sathidan past qolib ketgan. Maqbaraning go‘rxonasida muqaddas hisoblangan ajoyib sirkor dahma joylashgan, dahma juda chiroyli yashil ko‘k va oq rangli koshinlar bilan qoplangan. Bu koshinlardagi barcha naqsh gullari bo‘rtmaligi bilan odatdan tashqari bir go‘zallik kashf etadi. Bunday koshinlar Xivada yagona bo‘lib, uning tengdoshi va o‘xshashi Ko‘hna Urganchda Shayx Najmiddin Kubro, Samarqanddagi Shohi Zindadagi Qusam ibn Abbos qabrida uchraydi. Maqbarani shayx Sayid Olovuddinning shogirdi va muridi naqshbandiya mazhabining taniqli namoyandasi so‘fi Amir Kulol (1380 yilda vafot etgan va Shahrisbzda Amir Temur tomonidan dafn qilingan) qurdirgan.

Maqbara tuzilishi bir oz beo‘xshov. Undagi yirik kosali burchak muqarnasi, do‘ppisimon, sakkiz rahli gumbaz nihoyatda sodda ko‘rinishga ega. Lekin maqbara ana shu beqiyos dahma tufayli mashhur bo‘lib ketdi. Soddagina maqbara bilan rang-barang bezatilgan hashamatli dahma o‘rtasidagi tafovutning kattaligidan, dahma boshqa joydan keltirilgandek tuyuladi.

Dahma shakli monumental binoga o‘xshatib yasalgan. Asosi-zinali supa shaklida yasalgan, burchaklariga ustunchalar qilingan, dahmaning yuzasi sirkor sopol bilan qoplangan. Dahma devorlari ornamentli po‘ta bilan hoshiyalangan bo‘lib, o‘rtasida esa pannolar joylashgan. Dahma ustida ikkita sag‘anacha bor. Mayda o‘simliksimon gullar juda haqqoniy tasvir etilgan bo‘lib, shakli o‘sha davr uy-ro‘zg‘or asboblaridagi bezaklarga o‘xshab ketadi. Dahma koshinlarida ishlatilgan gullar, yirik shakl ichida mayda chiziqchalar hammasi birlikda shinam va jozibali ko‘rinish kasb etadi.

Mashhur shayxlarning qabrlari ustidagi maqbaralar davr o‘tishi bilan ziyoratgohga aylanib qolgan. Xiva xoni Olloqulixon (1825-1842) unga e’tiqod bog‘lab, o‘z davrida uning maqbarasi ustida oliy imoratlar bino qilib anchagina vaqf eri ajratgan. 1825 yilda maqbara butunlay ta’mirlanib, ziyoratxonaning nuragan peshtoqining ravoqli qanotini bir oz qisqartirib qaytadan ishlangan. Ichkaridagi tokchalar berkitilgan, xona sahniga g‘isht terilib devorlar esa ganch suvoq qilingan.

Uy-joy qurish me’morchiligi

Xorazmning o‘ziga xos iqlimi (sahroga yaqinligi), aholining joylashishi, shaharlarning rivojlanishiga va uy-joylarning shakliga yaxshigina ta’sir qilgan. Qadimda aholi sug‘orish tarmoqlariga yaqin joyda yashagan. Daryo o‘zanining o‘zgarishi natijasida shaharlarning ko‘chish voqeasi Xorazm tarixida ko‘p uchraydi.

Uy-joylarning eng qadimgi va eng keng tarqalgan turi alohida-alohida joylashgan qo‘rg‘on hovlilardir. Qo‘rg‘on qishloq va ovuldan tamoman farq qiladi. Xorazm hudididagi to‘xtovsiz bo‘lib turgan o‘zaro urushlar qo‘rg‘on-hovlining devorlari mustahkam va xonalarining keng bo‘lishini talab qilardi. Qo‘rg‘onda oilaning butun ro‘zg‘ori, mollari, oziq-ovqat va suv saqlanadigan joylari bo‘lgan. Qo‘rg‘on teshik-tuyniksiz paxsa devor bilan o‘ralgan bo‘lib, devorning burchaklari g‘o‘la shaklidagi burjlar bilan mahkamlangan. Qo‘rg‘on tarxi (plani) to‘g‘ri to‘rt burchak shaklida bo‘lib, asosan ko‘pincha tashqi (dishan) va ichki (ichan) hovlilarga bo‘linadi. Barcha xonalar yassi tom bilan yopilgan. Uzun yo‘lak tepasidagi tuyniklar orqali yondosh xonalar ham yoritilgan, bunday qo‘rg‘on qamal vaqtida 100-150 kishilik jamoani muhofaza qilardi.

Mustahkam qo‘rg‘onlar ko‘plab qurilishi bilan bir qatorda ular atrofida VI-IX asrlarda qishloqlar vujudga kela boshladi, bu qishloqlarga katta mulk egalarini ko‘shk qo‘rg‘onlari o‘zgacha fayz bag‘ishlagan. Qo‘rg‘onlar atrofidagi uylar asosan cho‘bkori uslubida qurilgan oddiy binolar edi. Shu davrlarda bunday imoratlarni tiklash va buzish oson bo‘lgan. Shaharlarda joy tansiqligi uchun ixcham cho‘pkori imoratlar qurish qulay bo‘lgan. Cho‘pkori imoratlar keyinroq shaharga xos asosiy bino bo‘lib qoldi. Afsuski, cho‘pkori imoratlar paxsa devorli imoratlar kabi uzoq saqlanmagan. Shu sababli ularni qurishning rivojlanishini o‘rganib bo‘lmadi.

Xiva uylarining o‘ziga xos tuzilishi diqqatga sazovordir, binoning konstruktiv asosini bir qavatli cho‘pkori devor tashkil etib, sinchlar orasiga xom g‘isht bilan loy urilgan. Bu erdagi yozgi va qishgi xonalarning joylashuvi katta-kichikligi, bezaklari Buxoro, Samarqand va Farg‘ona uy-joylaridan tamoman farq qiladi. Markaziy Osiyo memorchiligida asrlar davomida imorat tarhi tarzidagi zaruriy unsur bo‘lib kelgan. Uning yuzaga kelishiga mintaqadagi iqlim sharoitining tasiri katta bo‘lgan. Bu erda yoz juda issiq, qish esa sovuq bo‘ladi. Xiva uy-joylarini tashqi ko‘rinishi juda ajoyibdir: har bir uyda shimol tomonga qaratib ayvon quriladi, ayvonda asosan yozda “saraton oyida” kishilar issiqdan jon saqlashgan.

Xivaning ichki qal’asida joy tansiqligi sababli hovlilarning fasadlari deyarli hammasi juda tordir. Ayvon hovli sahnini yuqoridan deyarli to‘sib turadi va hovli ham qisman ayvon vazifasini o‘taydi. Hovlida shamol yaxshiroq yurishi uchun ayvonni baland qilib qurganlar. Bu esa shamolning pastdan yuqoriga almashib turishi va ichkarini harir nur bilan yoritilishi yordam beradi. Ayvon qishda xonaning juda sovuq bo‘lishidan, yozda esa juda isib ketishidan saqlagan. Shuning uchun memorlar xonaning hovli iqlim sharoiti bilan yaqinligini saqlash, uyg‘unlashuv jihatidan rang-barang manzarasi bilan bog‘lanishiga alohida etibor berishgan. Mazkur tadbirlarni amalga oshirishda ayvon qo‘l kelgan. U xona bilan tashqi muhitni bog‘lovchi qism vazifasini o‘tagan.

Ayvon o‘rta asrlarda va undan keyingi davrda ham uylarda keng qo‘llanilgan. Turar joy memorchiligida ayvon ikki, to‘rt xona oralig‘ida uyning old qismini butunlay egallagan holda (pesh ayvon) qurilgan. U imoratning old yoki yon tomonlarida galereya (yo‘lak) sifatida, devor sathidan bo‘rtib chiqqan bolaxonaga monand, ikkinchi qavatning ochiq qismini egallagan shiypon sifatida va alohida to‘rt, uch tomoni ochiq boshpana sifatida ham bunyod qilingan.

Ayvonning turar joy memorchiligida qo‘llanilishi o‘sha joyning iqlim sharoiti va xonalarning joylashuv tartibidan kelib chiqqan. Masalan, Xivada iqlim sharoitining o‘zgachaligi, yozda havoning nisbatan issiqligi sababli ayvon xona va hovli havosini yangilab turishga mo‘ljallangan. Bu erdagi ayvonlar ikki xil tuzilishga ega. Ulli (Ulug‘) ayvon xonaning old qismini egallagan va undan ancha baland ko‘tarilgan. Uning qarshisida teskari kichikroq ayvon o‘rnatilgan. Ulli ayvon bitta markaziy ustunga egaligi jihatidan minoraga monanddir. U shamol esadigan tomonga qaratilgan bo‘lib, shamolni hovliga yo‘naltirgan. Aslida ikkala ayvon ham hovlini tom bilan yopgandek tuyuladi. Ayvon o‘z vazifasidan tashqari imoratning umumiy kompozitsiyasini badiiylashtirgan va uning memoriy echimini boyitgan. Masalan, Xivadagi Toshhovli saroyida ulli ayvon chuqur hamda minora tuzilishida bo‘lib, uning markazidagi ustun o‘ymakorlik usulida naqshu nigor bilan bezatilgan. Bu butun hovli kompozitsiyasiga badiiylik kasb etgan.

Xorazm shahar turar joylarida etakchi tipologik uslub bu hovlida uzun ayvon qurilishi bilan belgilanadi. Shahar turar joy planirovkasida yopiqlik saqlanib qolingan. Bu hol qishloq hovlilari uchun xam xosdir. Hovliga kirish yo‘lagi ustiga bazan mehmonxona (talak) qurilgan, bu erda uy egasi bo‘lgan hunarmand buyurtmachilarni qabul qilgan. Turar joy yorug‘lik tushishi hisobga olinib qatiy ravishda orientatsiya qilinadi, qishki yashash xonalari janubiy sharq, g‘arb tomonga, yozgi xonalar esa shimol tomonga joylashtiriladi. Hovli deyarli ayvonlar bilan yopiladi, bu ayvon koziroklari oldinga ancha chiqib turadi. Ayvonlar har xil kattalikda bo‘lib, shimol tomonda bir ustunli baland ulug‘ ayvon quriladi va u boshqa xonalar sathidan balandroq bo‘ladi. Xivaning Dishan qalasidagi turar joylarda ayvonning quyidagi turlari namoyon bo‘ladi:

a) Katta bo‘lmagan hovliga ega bo‘lgan bir ustunli ulug‘ ayvon. Bu ayvon hovli yuzasining yarmini yopib turadi. Ulug‘ ayvon yashash xonasining ustki qismiga quriladi, bu turdagi ayvonlar eng ko‘p uchraydi;

b) Hovliga uzun va baland o‘ng ayvon va uning qarama qarshi tomoniga o‘ng ayvon balandligiga nisbatan pastroq bo‘lgan ters ayvon quriladi;

v) Hovlida ulug‘ ayvon qarshisidagi yashash korpusi ustiga boloxonali-ayvoncha quriladi va bu tomondagi unga tutashadigan ayvonlar balandligi bir balandlikdagi sathda yotadi. Ular qo‘shilishi natijasida oraliqlar yopilib quyosh nurlari ham to‘siladi va hovliga to‘liq soya tushadi;

g) Ayvonlar hovli parametri bo‘ylab tiklanadi. Ikki tomoni yoki uch va to‘rtala tomoni ham burchakli qilib qurilishi mumkin. Bu uslub shahar chetida joylashgan hovlilar qurilishida keng qo‘llaniladi.

Ayvonlar turar-joy binolarining ichki muxitiga shinamlik bag‘ishlabgina qolmay balki tashqi kompozitsion ko‘rinishiga ham o‘ziga xos ko‘rinish baxsh etadi.

Xiva uy-joylari uchun harakterli bo‘lgan umumiylik shundan iboratki, binoning tuzilishi ham, bezagi ham juda sodda. Xona va ayvon devorlari bezaksiz somonli loy suvoqdan, uyning shipi toqi (vassa, patik) va yarim lo‘la to‘siqlardan iborat. Ganchdan ishlangan o‘ymakor bezaklar uchraydi. Binodagi birdan bir bezak katta ayvonning o‘ymakor yog‘och ustunidir. Bundan tashqari o‘ymakor eshiklar, panjaralar va ba’zi ko‘tarma ayvonlar ham xonadonga zeb-ziynat bag‘ishlaydi.

Sherg‘ozixon madrasasi

Sherg‘ozixon (1714-1726) aqlli, jasur, tadbirkor, harbiy ishlarda juda mohir bo‘lgan.

Qariyalarning rivoyatlariga qaraganda, Sherg‘ozixon Mashhadni bosib olgach (1715 yil) 5000 asirni Xivaga keltirib madrasa boshlatgan. Madrasa 1719 yilda qurilib bitkazilgan. Unga zamonasini tarixchilari “Maskani fozilon” deb nom berishgan. Haqiqatdan ham bu fozillar uyida buyuk shaxslar o‘qib tahsil olganlar.

Madrasa Pahlavon Mahmud maqbarasi oldida qurilgan, uning qurilishi to‘g‘risida bir necha tarix aytilib marmarga o‘yilib yozilgan va madrasa peshtog‘iga o‘rnatilgan. Marmar lavhalardan to‘rttasi bugungacha o‘z holicha saqlangan. Madrasaga kirish eshigining yoniga o‘rnatilgan marmar lavhalardagi 32 misralik forsiy she’rdan biz dunyo gulistonidagi bu madrasani Sherg‘ozixon o‘z aql va sahovati bilan qurdirganini, madrasaga vaqf qilib berilgan erlarni mutavalli, mudarris, imom, muazin, kutubxonachi, farrosh va yana shu erda yashovchi talabalarning oylik maoshini qancha ekanini bilib olamiz.

Shoirlar xonni sharaflab “Xurshidi jahon”, “Sheri xudo” kabi unvonlar bilan ulug‘lab, “Ushbu manzilda istiqomat etgan har kimsa shubhasiz alloma, bilim mash’ali va sir-asror tadqiqotchisi bo‘lg‘uvsidir” deb yozishgan. Shuningdek, o‘qish qoidalari, qoidani buzgan talaba va ustozga qanday jazo berilishi haqida ma’lumotlarni o‘rganamiz. Bu qoidaga ko‘ra talaba beuzr ikki oy o‘qishga kelmasa hujrasidan (demakki maoshidan ham), muallim bir hafta ishga kelmasa maoshidan mahrum bo‘lar ekan. She’riy lavxadagi “Maskani fozilon” jumlasidan madrasaning hijriy 1132 melodiy 1720 yilda qurilgani aniqlandi.




Pahlavon Mahmud maqbarasi


Pahlavon Mahmud maqbarasi asosan XIV-asrda kichik go‘rxona shaklida qurilgan bo‘lib unda o‘z davrining katta “Piri” - Pahlavon Mahmud (1247-1326) jasadi ko‘milgan. Pahlavon Mahmud 1247 yilda Xiva shahrida po‘stindo‘z (kosib-hunarmand) oilasida tug‘ilgan. Yoshlik yillarda ota kasbi po‘stindo‘zlik bilan shug‘ullangan, so‘ngra xat-savod chiqarib, buyuk shoir faylasuf darajasiga erishgan. U juda ham zabardast pahlavon bo‘lib 79 yillik hayotida biron marta kuragi erga tegmagan. Pahlavon Mahmud haqida ko‘plab rivoyatlar saqlanib qolgan. Shulardan biri: Bir zamonlar Xivani o‘rnida suvsiz dasht bo‘lgan. Ko‘hna Urganch vayron qilinganidan so‘ng mo‘g‘ullar istilosidan keyin, uning aholisi har tomonga tarqalib ketgan. Shu jumladan Pahlavon Mahmudning onasi ham homilador holida Xiva atrofiga etib kelib, hozirgi Qiyot qishlog‘ida o‘g‘il tuqqan. Bu bola 15 yoshga etgach mard kurashchi, mashhur pahlavon bo‘lib nom chiqargan. Pahlavon Mahmud maqbarasi vaqt o‘tishi bilan ko‘pgina xukmdorlar tomonidan aziz sanalib obod qilingan. Tarixiy manbalarda maqbaraga Amir Temur tomonidan eshik o‘rnatilgani yoziladi. Maqbara ichida Abulg‘ozixon, Anushaxon va Arangxonlarning qabri borligi ular xukmdorlik qilgan davrlarida ham shoir qabri obod bo‘lganligidan dalolat beradi.1701-1702 yillarda Xiva xoni Shoniyozxon maqbarani yangidan quradi, bu davrdan bizga maqbaraga kiraverishdagi eshik yodgor qolgan. Eshikdagi yozuvlardan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, unda qur’on oyati, hadis va she’riy tarixlar bitilgan, turunch, madohil va boshqa islimiy gullar bilan bezatilgan.

Hozirgi maqbara Muhammad Rahimxon-I (1806-1825) tomonidan 1810 yilda Qo‘ng‘irot shahriga qilingan muvaffaqiyatli yurishdan so‘ng  qurila boshlagan va uning o‘g‘li Ollaqulixon davrida qurib bitkazilgan. Maqbara 3 ta qismdan iborat. Qabrxona, Xonaqo va Yo‘lak. Maqbaraning g‘arbiy qismida joylashgan xonaga Pahlavon Mahmud dafn qilingan. Xonaqoni shimoliy devori yonida Muhammad Rahimxon qabri joylashgan, uning yaqiniga esa Xiva xonlari Abulg‘ozixon va Anushaxonlarning qabr toshlari o‘rnatilgan. Yo‘lakda esa Ollaqulixon dafn etilgan. Pahlavon Mahmud maqbarasi atrofi XIXasr oxiriga kelib Xiva xonlari va ularning yaqinlari dafn qilinadigan xilxonaga aylantirilgan. Bino qurilishini Xazorasplik usta Odinamuhammad Murod boshqargan, usta katta-kichik jismlarni (sirli koshin) yagona memorchilik inshootiga mohirlik bilan birlashtira olgan, sirkor bezaklar sag‘anani, tashqi gumbaz va peshtoq qismini bezab turardi, shu vaqtda xonalarning ichi ganch suvoq qilingan edi. 1825 yilga kelib Olloqulixon (1825-1842) buyrug‘i bilan qabrxona, ya’ni ziyoratxonaga va xonaqoga sirkor bezak berildi. Xuddi shu davrda ziyoratxona va qabrxona gumbazlari tashqi tomondan zangori yashil sirkor g‘ishtchalar bilan qoplandi. Maqbara peshtoqining ba’zi ko‘chib ketgan koshinlari o‘rniga o‘ziga o‘xshatib yangi koshinlar o‘rnatildi. Gumbazli dolondagi bir xonaning old tomoni besh qirrali shaklga keltirilib, Olloqulixon sag‘anasi shu erga qo‘yilgan. Xona devorlari bezakdor sirli koshinlar bilan qoplandi va mis panjara o‘rnatilgan. Qurilish ishlarida Xivalik ustalardan Mulla Nurmuhammad usta-Qalandar o‘g‘li, So‘fimuhammad Niyoz usta-Abdujabbor o‘g‘li va usta Abdulla “jin”lar o‘zlarining nodir san’atlarini ko‘rsatib bera olishgan. Katta xonaqoni (balandligi 25 metrlik) tepasiga ustalar islimiy naqshlar bilan birga, bezaklar orasidagi kitobalarga Pahlavon Mahmudning 22 ta ruboiylarini, ustalarning ismlarini, hadislarni, tarixlarni o‘zi ijod qilgan fors tilida bitganlar. Bundan tashqari qabrxonaga kiraverishdagi eshik tepasiga shoirning ushbu ruboiysi fors tilida bitilgan:

Uch yuz Ko‘hi Qofni kelida tuymoq,
Dil qonidan bermoq falakka bo‘yoq.
Yoinki bir asr zindonda yotmoq,
Nodon suhbatidan ko‘ra yaxshiroq.

1910-1913 yillarda maqbaraning g‘arbiy qismida Xiva xoni Isfandiyorxon (1910-1918) onasi, o‘zi va o‘g‘li uchun qabrxona va to‘rtta hujradan iborat ikki oshyonli qorixona bunyod qildirgan. Qurilish ishlariga usta Qurbonniyoz boshchilik qilib, qorixona qarshisiga o‘ymakori ustunli ayvon qurilgan. Pahlavon Mahmud majmuasi 1960 yilda usta Ro‘zmat Masharipov “Ro‘zmat arbob” ishtirokida katta gumbazning usti, qorixona va ayvon ta’mirlanib maqbaraga qayta jon bag‘ishlangan. Hozirgi vaqtda binoda O‘zbekiston Musulmonlarning diniy idorasi, “Pahlavon Mahmud jamg‘armasi” faoliyat ko‘rsatmoqda. Inshootning ayrim joylari ta’mirtalab bo‘lganligi uchun 2007 yilda, ayvon ustunlari, yo‘laklar, quduq atrofi va uning tepasidagi chiroyli oshyonli yog‘och gumbaz, peshtoqning ba’zi tushib ketgan sirli koshinlari qayta ta’mirlandi.

Qozi-Kalon madrasasi

Qozi Kalon madrasasi 1905 yilda Xiva xonining bosh qozisi Salim Oxun tomonidan qurilgan. Madrasaning qiyofasi va sahni uncha katta emas, boshqa madrasalardan farq qilmaydi, ammo o‘qitish uslubi bilan boshqa madrasalardan farq qilgan. Bu madrasada diniy bilimlar bilan bir qatorda qonunshunoslik, turli soliq vazakotlar yig‘ish, ya’ni yuridik bilimlar berilgan. Madrasani maydoni 32,5x23,4 m, darsxonaning o‘lchami 4,7x4,7 metr, unga yondosh masjid joylashgan. Madrasada 15 hujra bor. Madrasa qurilishida eng mashhur ustalar Xudaybergan Hoji, Qalandar Qo‘chim, Bog‘bek Abdurahmonov, Matchon Kulimov, Vais kulol va boshqalar ishtirok qilganlar. Hozirgi kunda bu madrasada “Xorazm musiqa san’ati” muzeyi joylashgan.

Islom Xo‘ja madrasasi va minorasi

Xiva xoni Isfandiyorxonning vaziri va qaynotasi Sayid Islom xo‘ja 1908-1910 yillarda Pahlavon Mahmud maqbarasi yaqinda bitta madrasa va minora qurdiradi. Madrasani usta Xudoyberganhoji qurgan, madrasa va minoraning koshin bezaklarini Eshmuhammad Xudayberdiev ishlagan naqshlar asosida Xonqaning Madir qishlog‘idagi ustalardan Bolta Vaisov va Madaminovlar ishlaganlar. Madrasa 42 ta hujradan iborat bo‘lib, 50 ta talaba o‘qigan, uning oldingi qismi 2 qavat qilib qurilgan. Kiraverishda o‘ng tomonda maxsus masjid ham qurilgan. Bosh fasadi bilan minoraga bog‘liq bo‘lgan madrasa tashqi tuzilishi va bezaklari boshqa madrasalardan farq qilmaydi. Peshtoqining yon qanotlari ikki qavatli ravoqlar qatori va burchak guldastalaridan iborat. Ravoqlar tepasi ayrim hoshiyalar va sirkor koshinlar bilan chiroyli qilib bezatilgan. Kichik hovli bir qavatli hujralar bilan o‘ralgan. Devorlarida hech qanday bezak yo‘q. Peshtoqning orqa tomonida, hujralarning ustida oddiy yog‘och ustunli ayvon qurilgan.


Madrasaning eng yirik xonasi katta gumbazli masjiddir. Masjid madrasaning butun janubi-g‘arbiy tomonini egallagan, masjidning ichki ko‘rinishi Xiva ustalari ijodiga xos katta gumbazli xona tipida yopilgan. Masjidning janubiy tomonida joylashgan burchakdagi gumbaz ostida va mehrobda sirkor hamda ganchkori bezaklar ishlatib chiroyli manzara yaratilgan, madrasa uchun vaqf sifatida Islom Xo‘ja o‘z eridan 14 ming 451 tanob er ajratgan. Madrasada hozirgi vaqtda “Xorazm Amaliy san’ati” muzeyi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Minora ham madrasa bilan bir vaqtda qurilgan bo‘lib, minorani balandligi 56,5 metr, pastki qismining diametri 9 metr. Minora qurilishida qadimgi ustalarning me’morchilik uslubidan foydalanilgan. Minoraning yuqori qismi juda ingichkalashib, tepasi bejirim karniz va qubbali fonus bilan tugallangan. Fonus yuzasi turli shakldagi sopol-g‘ishtchalar bilan hoshiyalangan, ularning orasi esa rang-barang sirkor koshinlar bilan to‘ldirilgan. Fonus va karniz yashil-zangori, lojuvard (moviy) va oq rangdagi sirkor g‘ishtchalar bilan qoplangan. Shuning uchun ham minoraning yuqori qismi alohida bo‘lib ajralib turadi. Sirkor bezakli hoshiyalar minoraning konus shaklidagi tanasini bir necha joyidan halqasimon doira qilib aylangan. Mana shularni hisobga olgan qariyalar “Xo‘jani minorasida to‘rt faslni va o‘n ikki oyning bezagi bor” –deb aytadilar. Minoraning oddiy va aniq formasida, bezaklarida Xiva me’morchiligiga kirib kelayotgan yangi uslub inshootlarini ko‘rish mumkin. O‘sha davrdagi Xiva me’morchiligiga xos xususiyatlar qurilgan yangi tipdagi binolar-pochta, telegraf, yangi uslub jadidlar maktabi va kasalxonani tuzilishida o‘z ifodasini topgan. Ustalar qadimiy konstruktsiya va bezak usullari bilan bir qatorda ruscha g‘isht terish, yangicha shakldagi ravoq va tomlarni,ushbu binolarni qurishda qo‘llashgan. Minoraning qurilishi munosabati bilan shoir Niyoziy 48-misralik she’riy tarix bitgan, xuddi  shunday 47misralik she’riy tarix madrasa qurilishi uchun ham bitilgan. Bu tarixlar marmarga usta Xudaybergan Devon tomonidan uyib yozilgan va madrasa eshigi ustiga, minoraning erdan o‘n metr baland joyiga o‘rnatilgan. 1924 yilning yanvarida Xivani Junaidxon qamal qilganda minora tepasidan dushmanning shahardan tashqaridagi harakatlari kuzatilib turilgan.

Minoraning tepasiga o‘rnatilgan 2,5 metrlik  qubba patal (bronza, latun va mis aralashmasi) degan metalldan ishlangan. Bu metalldan ishlangan qubba ma’lum bir vaqtgacha tilladek yaltirab turgan. Minora qubbasi Xiva shahrining 2500 yillik to‘yi arafasida qayta ta’mirlanib, tilla qatlam bilan qoplandi.

Yangi usul maktabi

Yangi usul maktabi Islom Xo‘ja madrasasining qarshisida 1910 yilda Islom Xo‘ja tomonidan qurilgan.

Yangi usul maktabi ikki qavatli qilib evropacha uslubda qurilgan, umumiy uzunligi 21,07 metrni tashkil qiladi, ikkita dahliz, sakkizta xonadan iborat. Maktabda xon va xon ayonlarining farzandlari o‘qitilgan. O‘qish davomida maktabda ikki yillik programma asosida tilmochlar tayyorlangan. Maktabning ilk o‘qituvchilari Husayn Qo‘shaev va Komila Qo‘shaevalardir. Ular tomonidan tayyorlangan o‘quv programmasida rus tili, ona tili, jo‘g‘rofiya, Xiva tarixi va uy xizmatchisi vazifalari o‘rgatadigan ilmlar o‘qitilgan, ushbu maktab xalq inqilobi (1920 yil 2 fevral) g‘alabasidan keyin ilk sho‘rolar maktablaridan biriga aylantirilib o‘qituvchi kadrlar tayyorlangan. 1990 yil 18 avgustda binoda Xalq ta’limi tarixi muzeyi ochildi, eng ulug‘ va buyuk bayramlarimizdan biri mustaqilligimizning 13 yilligi munosabati bilan 2004 yilda bino qayta tamirlanib birinchi qavatda, birinchi o‘zbek foto suratchisi va kino operatori Xudoybergan Devanovning doimiy ko‘rgazmasi, hamda ikkinchi qavatda Xalq ta’limi tarixi muzeyi qayta ochildi.

Xivaning Jome’ (Juma) masjidi o‘rta asrlarda shaharning ko‘zga ko‘ringan binolaridan biri bo‘lib, o‘ziga xos qurilishi va hajmi bilan ajralib turgan. Bu yodgorlik Xorazmning qadimgi masjidlarni eslatadi. Ancha katta 55x46 metrli maydonni egallab, ko‘p ustunli qilib qurilgan. Bu bino Ichan-Qal’aning  sharqiy va g‘arbiy darvozalarini ulagan katta ko‘cha yoqasida joylashgan. X asrda Xorazmga kelgan arab sayyohi al-Maqdisiy Xivaning Juma masjidini birinchi marta tilga oladi. Biroq ko‘pdan beri yashab kelayotgan xivaliklarning aytishlariga qaraganda ko‘hna masjid buzilib ketgan va uning o‘rniga 1788 yili xuddi o‘sha reja asosida ancha kengaytirib hozirgi masjid bino qilingan. Masjid binosining tashqi ko‘rinishi juda sodda, balandligi 4,5 metr, minorasining balandligi esa 42 metrga teng. Masjidni darvozasi shimolga qaratib qurilgan bo‘lib, shimoldan esgan shamol masjid o‘rtasida ochilgan ikkita kattagina tuynikdan chiqib ketgan. Tuynik pastida qadimda balhi tutlar o‘sgan, bu shu davrda masjid ichidagi havoni tozalab turishga kattagina yordam bergan, bu erda ota-bobolarimiz tabiat bilan inson o‘rtasidagi biosintezni uyg‘unlashtirganlar, hamda qadimda ko‘pchilik binolarning ichiga tut daraxti ekilgan, bilasiz tut daraxti suvni kam talab qiladi, ya’ni o‘q ildizlari orqali suvni o‘zi topib oladi. Bu bilan ajdodlarimiz me’moriy inshootni bust-butunligicha saqlashga katta e’tibor berishgan, ya’ni tut daraxti bino ichidagi va tevaragidagi namlikni olib muvozanatni saqlagan. Juma masjid bir qavatli tekis tomli imorat bo‘lib, uning to‘sinli shipini 3,15 x 3,15 metr tartibda joylashgan 213 ustun ko‘tarib turadi. Masjidning mehrobi xonaning janubiy devorida joylashgan. Mehrob, odatdagidek alohida ko‘rinib turishi uchun uning yonlariga baland tokchalar ishlangan bo‘lib, shifti esa balandroq qilib qurilgan. Mehrob qubbasidagi sodda ganchkorlik bezaklar va shu bezak yaqinidagi devorga ishlangan rang-barang ochilgan gulsafsar va na’matakni tasvir etuvchi naqshlar XVIII asr oxiri va XX asrlarda ishlangan. Mehrobning ikki yonidagi devorlariga o‘rnatilgan marmar toshlarga o‘ymakor xatlar bitilgan, xatlarning biri hijriy sana 1203 (1788-89yy) masjid  mulki va mablag‘ hadya etilishi munosabati bilan tuzilgan vaqfnoma bitilgan. Unda aytilishicha, vazir Abdurahmon amri bilan 1203 hijriy yilda Kuyuktom (Go‘ktom,- hozirgi Qo‘shko‘pir tumanidagi qishloq) va Bekobod qishloqlarida masjidga vaqf erlari ajratilganligi va daromadni xayr-ehsonga hamda masjid zaruriyatiga sarf qilish haqidagi xabarlar bor. Ikkinchi marmar taxta bir oz kichik bo‘lib, unga 1080 yil hijriy (ya’ni 1666 yili) ni ko‘rsatuvchi tarix yozilgan.

Aholi orasida masjid XVIII-asrning ohirlarida ta’mir qilingan degan fikr mavjud. Janubiy fasaddagi o‘ymakor eshikka bitilgan xatda ham shu xaqda aytilgan. Unda 1788-89 yillarda Abdurahmon Mehtar ismli shaxs boshchiligida masjid ta’mirlandi deyilgan. Masjidda qadimgi naqshinkor ustunlardan 15 tasi saqlanib qolgan, 8 ta ustun Toshkentda O‘zbekiston Xalqlari tarixi muzeyida saqlanmoqda. Qadimshunos olim Yaxyo G‘ulomovning fikricha,-“bu ustunlarning ba’zilari butun O‘zbekistonda yog‘ochga o‘yma naqsh solish san’atining eng qadimgi yodgorligidir”. Eng qadimgi ustunlarda ko‘zagi (ustun tagi) shapaloq barglarga ega, tanasining yuqori qismi muntazam raxli, o‘rtasiga esa gir aylantirib xatti kufiy yozuvi yozilgan. Shakllar chuqur o‘yib ishlangan. XIV asr ustunlarida esa naqshlar ko‘p bo‘lib, yozuvlar xatti nasxda berilgan. Bu uslubdagi o‘ymakorlikni mexrob yaqinidagi yog‘och taxtachalarda va eshik tabaqalarida ko‘ramiz. Yana masjidda qadimgilarga taqlid qilib ishlangan bir necha ustunlar ham bor. Ularning birida 1510 yilni ko‘rsatuvchi sana saqlanib qolgan. Boshqasida hech qanday yozuv yo‘q. Balki ular mexrob yaqinidagi marmar taxtalar bilan bir vaqtda o‘rnatilgan bo‘lishi mumkin. Bu nodir yodgorlikni 1979 yili me’mor Senechkin loyihasi asosida ta’mirlash boshlandi. Juma  masjidini 108 ta ustun 1983 yili aholidan sotib olingan. XVIII-XX asr boshlariga oid naqshinkor ustunlar bilan almashtirilgan. Masjidda Ko‘hna Urganch, Izmiqshir va Xiva yog‘och o‘ymakorlik maktabining ustunlari bor. Rivoyat qilishlariga ko‘ra masjid ichida go‘yoki yovoyi g‘o‘zapoyadan ishlangan ustun bor emish, haqiqatda masjid ichida hech qanday g‘o‘zapoya daraxtidan bo‘lgan ustun yo‘q, bu narsa amalda mumkin emas, chunki g‘o‘zapoya daraxtini tanasi kavak bo‘lib og‘ir yuk ko‘tarishga yaramaydi. 1996-1997 yillarda Juma masjidi ta’mirlandi va ko‘pchilik ustunlar yana almashtirildi. Masjid o‘rtasida kichik gumbaz ostida kaltsiy-korbanat (ohaktosh) dan ishlangan qozon joylashgan, qozonga solingan suv ma’lum vaqtdan keyin iliq holga keladi, bu mo‘jizani sirini shu davrda ma’lum bir odamlar bilgan. Aholini hayratga solish maqsadida qilingan bu ish Islom dinining mavqeini omma o‘rtasida yanada oshirgan.

Qutlug‘ Murod Inoq madrasasi

O‘tmishdagi voqealarni tarix sahifasiga muhrlagan saroy tarixchisi Xudoyberdi ibn Qo‘shmuhammad Xivaqiy  o‘zining Dili g‘aroyib asarida:-Xevaq ko‘p marotaba vayron qilingan va qayta tiklangan. Janobi oliylarining (Olloqulixon) rahmatli otasi va joylari jannatda bo‘lsin Abulg‘oziy Muhammad  Rahimxon va uning ukasi Qutlug‘ Murod inoq tomonidan shahar obod qilindi, ularning sa’yi harakatlari bilan katta madrasa (Qutlug‘ Murod inoq madrasasi 1812 y.) va katta gumbazli maqbara (Pahlavon Mahmud  maqbarasi 1810-1825) barpo etildi- deb yozadi.

O‘ymakor eshiklardagi yozuvlarga ko‘ra madrasa - maqbara 1804-1812 yillarda Xiva xoni Olloqulixonning amakisi Qo‘ng‘irot muzofotini hokimi, harbiy sarkarda Qutlug‘ Murod Inoq tomonidan qurilgan va bezatilgan. Madrasa ikki qavatli qilib qurilgan bo‘lib, uning 81 ta hujrasi va 24634 tanob vaqf eri bo‘lgan hamda ixchamgina darsxona va masjid, ichkarida maxsus quduq tagi-zamin (sardoba) bo‘lib shahar aholisi shu quduqdan suv ichishgan. Yangidan qurilgan shaharda ilk bor ikki qavatli madrasa qurayotgan xivalik ustalar albatta ma’lum nusxalardan o‘rnak olishga harakat qilganlar. Madrasa qurishda ustalar ancha mukammal Buxorodagi Abdulazizxon madrasasi tuzilishini asos qilib olishgan. Me’morlar mablag‘ni tejash maqsadida madrasa tuzilishini ancha soddalashtirib, unda yozgi ayvonlarni, qanotlardagi ikki katta xonani qurmaganlar, ularning o‘rniga oddiy hujralarni qurishgan. Xivalik ustalar eski tarhga yangiliklar kiritib, hovlidagi peshtoqlarga bezak berishgan. Madrasaning sharqiy peshtoqining ichkarisiga yozgi masjid qurilgan bo‘lib, masjid yuqorisida ikkinchi qavat balandligida yog‘och boloxona bor. Yangilik elementlari ularning kompozitsiyasidan ko‘rinib turibdi, shimoliy va janubiy boloxona g‘arbiy va sharqiy boloxonaga nisbatan keng bo‘lib, ustalar shu yo‘l bilan hovlini ko‘rkam qilganlar. Bino Xivadagi oldingi asrlarda qurilgan qal’asimon madrasalardan farq qilib, fasadi ancha dabdabali ko‘rinishga ega. Bunday natijaga peshtoqning buxorocha shaklda besh qirrali ravoq va tokchalar bilan ishlanishi va turli bezaklarning ko‘pligi tufayli erishilgan. Ravoqlar atrofi rang-barang koshinlar bilan hoshiyalangan, xuddi shunday koshinlar bilan madrasa guldastalari qoplangan bo‘lib, peshtoq ichkarisidagi ganchkorlik san’ati namunalari unga husn bag‘ishlab turibdi. Bularning hammasi bino manzarasini bir oz o‘zgartirgan bo‘lsa-da, tuynuk-darchalar, bosh fasad ikki qanotini chegaralab turgan bo‘ydor qubbali guldastalar birgalikda binoga istehkom ko‘rinishini beradi. Yangi tarh asosida ustalar tashqi fasadlarni ishlashda biror yangilik kiritishga intilishgan bo‘lsa, bunday holni ichkarida sezmaymiz. Hatto masjid va darsxona nihoyatda sodda va hech qanday bezaksiz ishlangan, oddiy bezak namunalarini miyonsaroy gumbazida va yozgi masjidning gumbazida uchratamiz. Madrasa darvozasi va ichkaridagi masjid hamda darsxonaning o‘ymakor eshiklari diqqatga sazovordir. Har bir eshik nafis yog‘och o‘ymakorlikning ajoyib namunasidir. Madrasaning boshqa xonalari deyarli bir xil ko‘rinishdagi to‘g‘ri to‘rtburchak sahni bo‘lgan gumbazli hujralardan iborat. Hujra, eshik yuqorisidagi panjara darcha orqali yoritiladi. Hujralarda yana tokcha va supa bor bo‘lib, ba’zi hujralar ichiga yarim doira shaklida yog‘ochdan  ikkinchi qavat qilingan.

Olloqulixon saroyi - Tosh hovli

Tosh hovli saroyi (80 x 80 metr) XIX asr me’morchilik san’atining yorqin namunasi bo‘lib, tashqi ko‘rinishi va qurilishi jihatidan Ko‘hna Ark saroyiga o‘xshab ketadi. Saroy 1830-1838 yillarda Xiva xoni Olloqulixon (1794-1842 yillarda yashagan) tomonidan qurdirilgan. Saroy tarixiy ma’lumotlariga qaraganda turli uslublarda, qayta-qayta qurilgan. Ichan-qal’aning sharqiy darvozasi yonidagi binolar bilan birgalikda yagona ansamblni tashkil etib bosh jamoat markazi shu erga jalb qilingan. Saroy ulkan va hashamatli bo‘lib, uzoq muddatda qurilgan. Uni qurish uchun Xorazmning eng yaxshi ustalari, naqqoshlari, koshinpazlari safarbar qilingan. Tosh hovli saroyi baland devor burjlari va darvozalari bilan qo‘rg‘onni eslatadi. Olloqulixon bu saroyni qurish uchun katta tayyorgarlik ko‘rgan saroyning Tosh hovli deb atalishiga ham uning hashamatli va nihoyatda chiroyliligi, hamda devorlari pishiq g‘ishtdan terilganligi sabab bo‘lgan. Saroy uchta katta hovli - ko‘rinishxona, mehmonxona va haramdan hamda beshta kichik hovli va 163 xona dan iborat. Yog‘och ustunlar, marmar toshlar, shiplardagi yozuvlar bizga saroy 8 yil davomida, ya’ni 1830-1838 yillarda qurib bitkazilganligini bildiradi. Ma’lum bo‘lishicha qurilish muddati bir necha davrga bo‘lingan. Dastavval haram alohida qurilgan, haram to‘g‘ri to‘rt burchak hovli va atrofdagi 1-2 qavatli ayvon xonalardan iborat bo‘lgan. Atrofi burjli qalin devor bilan o‘rab olingan.

Tosh hovli saroyi yillar natijasida bir necha marta ta’mirlangan. 1982-1983 yillarda ayvon shiplari, 1976-1989 yillarda Haram ta’mirlanib, ta’mirlash ishlariga 551 ming 888 so‘m mablag‘ ajratilgan va sarflangan. 1997 yilda saroyning pastki qismlari qayta ta’mirlandi Tosh hovli saroyining Mehmonxona va Arzxona qismlari 2001 yili qayta ta’mirlanib, sayohatchilarga namoyish qilish maqsadida ochildi. Ushbu hovlilarda Devon begi, Mirzo va O‘tov inter’erlari joylashgan.

Olloqulixon Karvon saroyi va timi

1831 yilda Ichan qal’aning sharqiy qismida, zahkash arig‘i oqava suvidan hosil bo‘lgan ko‘l hashar usuli bilan ko‘milib, uning o‘rnida katta bozor maydoni vujudga keltirildi.

Xivada XIX asrning 30 yillarida barpo bo‘lgan bu bozorda don, meva, sovun, sham bozori bo‘lgan. Qator sartaroshxona va mayda savdo uylari bo‘lib, ularga yondosh joyda qullar sotilgan. Xivaning Buxoro, Eron va ayniqsa Rossiya bilan savdo aloqalarining rivojlanishi natijasida 1833 yilda haramni qurib bitirgandan keyin Olloqulixon karvonsaroyni qurishga kirishdi.

Bozorga yondosh qal’a devori yaqinida ikki qavatli Karvonsaroy qurilishi bilan yana bir bozor maydoni paydo bo‘ldi. Keyinrok esa Karvonsaroyning oldiga yana gumbazli tim qurildi. Afsuski, shunday shinam maydon bir-bir yarim yildan so‘ng Olloqulixon madrasasi qurilishi natijasida o‘z shaklini yo‘qotgan. Karvonsaroy va yopiq bozor (tim) Xiva xoni Olloqulixon tomonidan 1833 yilda qurilgan. Karvonsaroy o‘zini tashqi ko‘rinishi bilan Buxorodagi Abdullaxon timiga (yopiq bozoriga) o‘xshab ketadi. Karvonsaroy tashqi mamlakatlardan keladigan karvonlarni qabul qilishga moslab qurilgan bo‘lib, uning ikkala g‘arbiy va sharqiy darvozalari tuyalarda keltirilgan yuklarni bemalol  Karvonsaroyga kirib chiqishni ta’minlagan. Karvonsaroy o‘rtasida janubga qaratib solingan darvoza orqali savdo markaziga-savdo  uyiga kirilgan. Savdo uyi ikki qavat qilib qurilgan bo‘lib, 105 ta hujradan iborat. Pastki qavati savdogarlar uchun savdo rastasi vazifasini o‘tagan, yuqori qavati esa-mehmonxona hisoblangan. Bino juda qulay va sodda rejalashtirilgan, u keng hovli va hovli atrofidagi ikki qavatli hujralardan iborat. Hamma hujralar hovli sahniga qaragan. Faqat fasadning janubiy qismidagi hujralarning ikkinchi qatori, xuddi madrasadagi kabi, maydoncha tomonga qaragan bo‘lib, bir xil tuzilishdagi “balxi” gumbazli hujralar fasaddagi ravoqlar qatori bilan aniq belgilanib turadi. Hovliga olib o‘tuvchi yo‘l ikki tarafdan peshtoq bilan chegaralangan.

Mazkur bino mehmonxona, ombor va savdo rastalari xizmatini bajarishi qiyin bo‘lgani uchun keyinroq karvon saroyning oldiga tim qurildi. Hozirgi ko‘rinishida tim va karvonsaroy binolari bir butundek ko‘rinadi, lekin bu binolarning devorlarida karvonsaroy peshtoqining qoldiqlarini, ravoqlarning pastki qismi va guldasta - minora qoldiqlarini ko‘rish mumkin. Timning tarixi diqqatga sazovordir. Ikki qator mayda gumbazlar karvonsaroy darvozasi oldida kelib taqalgan. Xuddi shunday gumbaz timning g‘arbiy tomonida ham bor. Xivaning qo‘li gul ustalari gumbazli dolonlarni juda mohirlik bilan qurganlar. Gumbaz asoslari murakkab shaklda bo‘lishiga qaramay, ustalar osonlik bilan o‘ziga xos ( goh to‘rt burchak, goh trapetsiya shaklida, goh olti qirrali) konstruktiv asos topa bilganlar. Tim ichkarisi gumbazlardagi tuynuklar orqali yoritilgan. Shu davr talablari asosida chet ellik savdogarlar bir hujrani bir necha yilga ijraga olishgan. Doimiy harakatda  bo‘lgan karvonlar esa shu savdogarlarni mahsulot bilan ta’minlab turishgan. Bundan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, ushbu binoda faqat mahalliy mollargina emas, balki rus, ingliz, eron va afg‘on mollari ham sotilgan. Bozorda Xiva olachasi, ipak belbog‘lari hamda Xorazm zargarlarning betakror zargarlik buyumlari, ingliz movuti, eronning ip aralash shoyilari, ipakli mollar, ko‘rpa, kamar, buxori etik, xitoy chinnisi, qand, choy va shunga o‘xshash turli tuman mayda-chuyda narsalarni uchratish mumkin bo‘lgan. Bozordagi tartib va tosh-tarozini maxsus tayinlangan rais kuzatib turgan. Agar biror xiyonat sodir bo‘lsa, u shu ondayoq gunohkorni darra bilan jazolagan.

Karvonsaroyda maxsus devonxona bo‘lib, kelib-ketuvchi savdogarlar, shuningdek bu maxkamada pul almashtiriuvchi sarroflar, savdogarlar olib kelayotgan tovarlariga baho belgilaydigan maxsus amaldorlar xonasi bo‘lgan. Bu erda devonbegi darvozadan o‘tgan mollar uchun tamg‘a puli olgan va bu pul davlat g‘aznasiga emas, 1835 yilda qurilgan Olloqulixon madrasasi kutubxonasini ta’minlashga sarflangan. Hozirgi kunda Karvonsaroy qadimgi an’analarni saqlagan holda Karvonsaroy savdo markaziga  aylantirilgan.

Olloqulixon madrasasi

Xiva xoni Olloqulixon (1825-1842) Xiva shahrini iloji boricha Osiyoning eng chiroyli va ko‘rkam shahriga aylantirish uchun ko‘p qurilishlar qilgan. Nurab turgan eski madrasalarni buzdirib, yangidan pishiq g‘isht ishlatgan holda o‘z davrining etuk ustalariga buyurib qayta qurdirgan. Shular qatorida o‘zi uchun Ichanqal’aning sharqiy devori o‘rnida bir chiroyli madrasa qurdirgan. Madrasa trapetsiya shaklida qurilgan bo‘lib, unda 99 hujra, yozgi va qishgi masjid, darsxona mavjud. Har bir hujrada bir eshik va uning ustida kichik darcha bor. Hujra pastiga chorsi g‘ishtlar terilgan, devorlari ganch bilan suvalgan, tepasidagi “balxi” gumbazlarini ichi bezalmagan. Madrasadagi qishgi masjid va darsxona kabi katta xonalar ikki qavatli imoratlardek gumbazi uncha baland emas, katta ravoqlari, bezaksiz tekis devorlar, chuqur tokchalar bir oz beo‘xshov ko‘rinadi. Madrasaning tashqi bezaklari butunlay boshqachadir. Ro‘parasidagi Qutlug‘ murod inoq madrasasida oq va rangli ganch, bosma qolipli sirli koshin ishlatilgan bo‘lsa, bu madrasada faqat sirli koshin ishlatilgan. Lekin koshinlarning naqshlari har-xil bo‘lib, kulollar bu erda joyning bezatiladigan o‘rniga qarab namoyonlarning shakli, ranglar quyuqligi va o‘lchamlarini ustalik bilan tanlaganlar.



Polvon darvoza

Darvozaning hozirgi ko‘rinishi bir qancha ta’mirlashlar natijasidir. Dastlab darvoza qal’a devoridan bir oz tashqariga turtib chiqqan oddiy shaklga ega edi. Bu erdan turib devor tashqarisini kuzatish ancha qulay bo‘lgan. Darvozaning ikki yonidagi burjlari shahar devori bilan tutashgan bo‘lib, yagona mudofaa istehkomiga qo‘shilgan edi.

Eltuzarxon (1804-1806) tomonidan darvoza ichkarisiga ko‘p gumbazli dolon (yo‘lak)ning qurilishi natijasida bu joy bozor rastasi vazifasini ham bajara boshladi.

Karvonsaroy va Tim qurilgandan so‘ng (1832-1833) darvozaning bozor sifatidagi ahamiyati ancha pasaydi. Lekin 1835 yilda Olloqulixon madrasasi qurilishi munosabati bilan darvozaning g‘arbiy qismi qayta qurildi va uning oldidan ikki gumbazli va peshtoqli yangi hammom qad ko‘taradi.

Davr o‘tishi bilan darvoza ana shunday o‘zgarib bordi:- ko‘pchilik qismi yangilandi, yangi imoratlar qurilishi  natijasida darvoza tamoman o‘zgacha ko‘rinishga ega bo‘ldi. Hammom allaqachon yarim vayronaga aylangan, rastalar huvillab qolgan edi. Qadimgi darvozadan faqat poydevorlar saqlanib qolgan. Lekin darvoza hali ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Polvon darvoza qayta qurilgan bo‘lsa–da, uning darvoza arxitekturasi qadimgi ustalar mahoratining namunasi sifatida qadrlanadi. Bino hajmi va o‘lchamlari konstruktsiya imkoniyatlar e’tibori bilan eng qulay me’yorda belgilangan. Imorat yanada pishiq bo‘lsin uchun ravoqlar kergi kuchi oz bo‘lgan shaklda yasalgan. G‘ishtlar qatoriga yog‘och to‘siqlar kiritilib, gumbaz og‘irligi bir qancha ravoqlarga taqsimlanadi. Kichik gumbazlar uchun g‘ishtni “davra” va “balxi” uslubda teriladi. Ayni vaqtda bino ichkarisi suvoq qilingan. Bir necha gumbaz ustidan tushib turgan yorug‘lik yarim qorong‘i yo‘lakni yoritib, yanada jozibador qiladi. Olloqulixon madrasasining janubiy devori yaqinida pog‘onasimon ko‘tarilgan ulkan gumbazlari uzoqdan ko‘zga yaqqol tashlanadi, bu erda gumbaz va ravoqlar binoning umumiy tuzilishini ko‘rsatib turibdi.

Ko‘p gumbazli Polvon darvozaning fasadlari g‘arb va sharq tomonga qaragan. Deshon qal’a tarafidagi sharqiy darvoza yirik qal’a devorlariga o‘xshatib ishlangan va mudofaa uchun mo‘ljallanmagan bu darvoza g‘ishtlardan terilgan guldor va rangli sirkor qoplamalar bilan bezatilgan.

G‘ishtlardan terilgan dandanalardan, zangori sirkor bezaklar, bosma muqarnas, gumbazdagi lojuvard rang sirli g‘ishtlar juda mohirlik va did bilan Xiva ustalari tomonidan bajarilgan.

Rang-barang bezaklar tufayli bu inshootni guldarvoza ham deyishadi. Burjlardan biri (janub tomonidagi) 1930 yilda bir oz soddalashtirib qayta ta’mirlangan. Darvozaning g‘arbiy tomoni esa Olloqulixon madrasasi qurilayotgan vaqtda qad ko‘taradi. U tashqi tomoniga nisbatan ancha sodda. Bunda qubba, ravoqlar yo‘q. Faqat peshtoq devorining ravoqdan yuqoridagi qismida sirli koshinli namoyon bor. Xuddi shu erda “Shahri Xiva” so‘zlari yozilgan tosh taxta bor. Yuqoridagi ikki so‘z bino tarixini ko‘rsatadi, ya’ni darvoza yangidan shahar bunyod etilayotgan davrda 1806-1807 yillarda qurilgan ekan.

Abdullaxon madrasasi

Qutlug‘ Murod inoq madrasasiga yondosh qilib 1855 yilda qurilgan ushbu madrasa Xiva xoni Abdullaxon (1855-1855) sharafiga uning o‘limidan keyin onasi tomonidan qurilgan. Madrasa peshtoqini hisobga olmaganda madrasaga bezak berilmagan, juda sodda uslubda qurilgan bo‘lib, darsxona va unga yondosh bir qavatli hujralar qatorasiga joylashgan, madrasa o‘rtasida quduq bor.






Ichan qal’adan tashqarida joylashgan durdonalar


Sayid Sholikorboy masjidi  majmuasi

Sayid Niyoz Sholikorboyning nevarasi Poshsha ona bobosi to‘g‘risida akasi (dadasi) Xudaybergan otaning so‘zlab berganlarini shunday eslaydi:- “Bobomiz Sayid Niyoz Sholikorni sholi oqlovchi (dapmachi) deb ataganlar. Uning otasi boy savdogar bo‘lib vafot qilganidan keyin butun boyligi Sayid Niyozga qoladi. U o‘z ishxonasini yanada kengaytiradi. Kunlardan bir kuni Sayid Niyoz buxorolik savdogar do‘sti Eshmatboy bilan tuyalarga turli yuklarni ortib savdo ishi bilan Eronga ketadi. Ishi o‘ngidan kelib olib borgan mollarni tez fursatda sotadilar va u erda do‘st orttirib, biror oylar qolib ketadilar. Bor pullarini do‘stlar bilan eb-ichib o‘ynab tamom qilib qo‘yadilar. Chunki u qo‘li ochiq, saxiy kishi bo‘lganligi sababli do‘stlar davrisidan voz kecha olmas edi. Uyga qaytar vaqt yaqinlashganda do‘sti Eshmatboy:-“ Endi nima qilamiz bu yog‘i qanday bo‘ladi? –deganda Sayid Niyoz: hoziroq bozorga borib yonimizda qolgan sarmoya (pul) mizga yarasha yuk olib tuyalarga yuklab yurtga ketamiz, - debdi. Bozorga borishgach yaxshi mollarni sotib olishga  pullari etmabdi. Shu sababli bozorni aylanib-aylanib bir burchakda o‘zi yosh bo‘lsa-da, keksa chollarday bukchaygan soqol-mo‘ylovlari o‘sib ketgan juldur kiyim kiygan saqich sotib o‘tirgan bir yigit oldidan chiqib qoladilar. Bizlarni qolgan pulimizga mum saqichdan boshqa biror narsa olib bo‘lmaydi, oldimizda (iyd) bayram kunlari yaqin qoldi. Savdosi ham yaxshi bo‘ladi, deb yigitdan hamma mum saqich (oq saqich)larni sotib oldilar. Sevinganlaridan savdodan ortib qolgan bir oz pullarini ham yigitga hadya qilib, yukni tuyalariga yuklab Eshmatboy Buxoroga, Sayid Niyoz esa Xivaga kelishibdi, Xivada Sayid Niyoz bir bo‘lak saqichni maydalabdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsaki, saqich ichidan tillo pullar, marvarid va javohirlar chiqibdi. Sayid Niyoz har ehtimolga qarshi deb boylikning yarmini ma’lum joyga berkitib xotiniga agarda men qaytib kelmasam shu xazina etti avlodimizga etadi deb qolganini beliga tuyib xon oldiga ketadi. Ijozat olib qabuliga kiradi. Agar farmoni oliy bo‘lsa halol puldan masjid qurdirishga ruxsat bersangiz, - deydi. Sayid Niyoz Sholikor olib kelgan boyliklarni xon oldiga qo‘yib, bo‘lgan voqeani bayon qiladi. Xon chuqur o‘yga toladi. Masjid qurish uchun ruxsat, lekin egasiga ham o‘z ulushini yubor, - degan. Shunday qilib Polvon darvozaning sharqiy tomonida masjid qurilishi boshlab yuborilibdi. Bu masjid qurilishda faqat bitta usta ishlab qolgan ishlarni bolalar qilgan, degan gaplar bor xalq orasida. Har bir bolaga bitta olib kelgan g‘ishti uchun bitta yong‘oq berilgan. Har kuni ko‘proq yong‘oq olish uchun bolalar yugurib–elib masjid qurilishini tezlashtirganlar. Masjid qurilib nomozxonlar namoz o‘qiy boshlaganlar. Iyd bayrami kuni xon yaqinlari bilan iyd namozini o‘qish uchun Ichan qal’adan tashqaridagi namozgohga borayotib masjid oldida ta’zim qilib turgan Sayid Niyoz Sholikorga Madrasa muborak deb o‘tib ketibdi. Sayid Niyoz, xon nima uchun bunday dedilar deb taa’jjubda qoladi. So‘ngra xonni aytgan so‘zi havoda qolmasin deb masjidning sharq tamonida madrasa qurilishini boshlab yuboradi”. Masjidning uch tomonida uchta eshik bo‘lib masjidga shimol tomondagi  asosiy eshikdan ayvon orqali kiriladi. Ayvonda uchta ustun bor. Ularda yog‘och o‘ymakorligining eng yaxshi an’analari aks ettirilgan. Ayvon devorlariga ganch o‘yma usulida figurali pannolar ishlangan. Minorasi shaharning hamma eridan ko‘rinib turadi. Minoraning yuqorisiga chiqish uchun ichida aylanma zinasi bor. U juda ixcham va bezaklarga boy. Tepasiga karniz sharafasining ostiga mezana ishlangan. Madrasa ikki qavatli bo‘lib, birinchi qavatida beshta hujra bor. Ikkinchi qavatida oltita hujra bo‘lib shimol tomonga qaragan, bitta ayvon bor. Masjidning qurilishi Xiva xoni Olloqulixon davriga to‘g‘ri keladi. Masjid qurilishida me’mor oldiga qo‘yiladigan talablar quyidagilardan iborat edi:- ko‘p odam sig‘adigan usti yopiq joy, hovlining ichki tarafida  musulmonlar salqinlansa bo‘ladigan maydonchalar. Sayid Sholikorboy masjidi majmuasida ham xuddi shunday. Bino to‘qqiz gumbazli, to‘rt tomonli masjid, ikki qavatli madrasa, minora va ikkita hovlidan iborat. Shimoliy-sharqiy tomonda esa ikki qavatli madrasa qurilgan. Bu madrasa va kirish qismidagi hovlida minora joylashgan. Balandligi 24 m, asosini diametri 4.5 metr bo‘lib, pishiq g‘ishtdan qurilgan. Hozirgi vaqtda  minora ozgina qiyshaygan bo‘lib olimlar tomonidan buning asoratlarini yo‘qotish ishlari davom qilmoqda.

Nurullaboy saroyi

Xiva xonlari XVI asrdan XX asrgacha bir qancha saroylar, qabulxonalar, haramlar qurdirib, o‘zlarining nimalarga qodir ekanliklarni go‘yo avlodlarga ta’kidlab ko‘rsatayotganday  tuyuladi.

Xivadagi Nurullaboy saroyi  eng hashamatli, eng jozibali, eng ko‘rkam  va maftunkorligi bilan boshqa saroylardan ajralib turadi. Ichanqal’ada imoratlar soni ko‘payib, yangi - yangi bog‘–rog‘li joylar qurish imkoni kamaygach, Muhammad Rahimxon I o‘z o‘g‘illari Mahmud to‘ra, Muhammad to‘ralarga shaharning g‘arbiy tomonidan hovli joylar qurib beradi. Sayid Muhammad to‘ra xon bo‘lgach, (1856 y) esa bu uylarga yaqin joyda bir ko‘rinishxona qurilishini vaziri Xasanmurod Qushbegiga topshiradi. Bayoniy va Ogahiylarnig yozishicha “Nurullaboy” nomi bilan mashhur bog‘dagi yangi imoratlarning kun chiqar tomonida qurilgan bu ko‘rinishxona juda chiroyli bo‘lib, unga Ogahiy shunday tarix aytgan:- “Ko‘rinishxona u valo” (ulug‘ ko‘rinishxona) ushbu so‘zlardan abjad hisobi bo‘yicha hijriy 1276 melodiy 1859 yillar topildi. O‘z davrida ko‘rinishxonada yoz paytida ochiq havoda qabul marosimlari o‘tkazilgan. Sayid Muhammadxondan keyin taxtga ko‘tarilgan o‘g‘li Muhammad Rahimxon II (1864-1910) xivalik savdogar boy Nurullaboydan bog‘ini sotishni so‘raydi. Shunda Nurullaboy xonga, u avvaldan xalq o‘rtasida bo‘lib kelgan Nurullaboy bog‘i nomini o‘zgartirmasa sotishini aytadi. Xon rozilik bildiradi va bog‘ni sotib oladi. Shunday qilib Nurullaboy nomi saqlanib qoladi. Muhammad Rahimxon II Nurullaboy bog‘i ichida o‘g‘li  Isfandiyorxon uchun katta bir saroy va haram (haram-xos joy, nomahramlar kiritilmaydigan joy, ichki hovli) qurdiradi.

Bu ichki saroy 1896-1904 yillarda qurilgan bo‘lib, baland devor bilan o‘rab olingan. Saroy to‘rtta qismdan iborat bo‘lib, yuzdan ziyod xonalar, dolonxona, qarovulxona, otxona, mulozimlar turadigan xonalar va haramdan (beshinchi hovli) iborat bo‘lgan. Saroyga janub tomonda qurilgan maxsus darvoza orqali kirilgan. Darvoza ichkarisida xon mahkamasi, shaxsiy qo‘riqchilar uchun xonalar, devonxona bunyod qilingan. Saroydagi Isfandiyor to‘ra uchun mo‘ljalangan xonalarga Rossiyadan keltirilgan chinni pechkalar o‘rnatilgan. Feruz vafotidan so‘ng taxtga chiqqan Isfandiyorxon (1910-1918) o‘zi uchun yangi uslubdagi Nurullaboy saroyini qurdirib, bu bog‘dagi qurilishlarga nuqta qo‘yadi. Yangi qurilgan qabulxona chet ellik (rossiyalik) mehmonlarni qabul qilish maqsadida qurilgan. Bosh vazir Islom Xo‘ja Isfandiyorning qabulxona qurishiga qarshi chiqadi. Chunki, pochta-telegraf va kasalxona qurilishi kechikayotgan, xazinada pul kam edi. Ammo, xonning qat’iy farmonidan keyin shogirdi Rahimbergan mahramni sohibkor (qurilish boshlig‘i) qilib tayinlaydi. Qabulxona 1911–13 yillarda qurilgan, meditsina fanlari doktori, professor A.A.Abdullaevning Xorazmda tibbiyot asarida shunday jumla bor:- Islom Xo‘ja yana Moskvaga borib, shaharning boshlig‘i N.I.Puchkov qabulida bo‘ladi. Moskva shahrining boshlig‘i uni moskvalik arxitektor A.M.Ropa bilan tanishtiradi. A.M.Ropa boshchiligidagi arxitektorlar Xivada bo‘lishib kasalxona, telegraf va aloqa, elchilarni qabul qilish uchun mehmonxona loyihasini maslahatlashib ketishadi. Tez orada loyiha tayyorlanib qurilish boshlab yuboriladi. 1911- 1913 yillarda qurilgan bu qabulxona qurilish uchun alohida pishgan g‘ishtlar tayyorlangan. G‘ishtning loyi shahar yonidagi Avaz dunak qishlog‘idan keltirilib, maxsus ishlangandan keyin 4 ta xumbuzda pishirilgan. G‘isht pishirish va terish (kladka)da ustalaridan Bobojon xumbuz, Matyoz bola, Xasan pirsiyon, Quryoz Bobojon va boshqalar ishlashgan. Saroyning tomi yupka temir listlar bilan soyabon (uch burchak) shaklida bostirilgan. Saroy etti xonadan iborat bo‘lib, eshik, deraza va parket pollarini ok machitlik nemis ustalari tuzatishgan (oqmachit Xivadan 15 km sharqda joylashgan qishloqning nomi )  Qabulxona xonalari ichki bezaklari bilan bir biridan farq qiladi. Devor va shiftdagi ganch o‘yma ishlarini Ro‘zmat arbob Masharipov, Nurmat usta, Xudoybergan Hoji, Quryoz Bobojonov va boshqalar bajarishgan. Ganchdan naqsh o‘yilgan devorlarga Vaisyoz Matkarimov boshchiligida moy bo‘yoqlar bilan rang berilgan. Shiftlardagi Evropa usulida yasalgan gullar va farishtalar rasmini rus rassomlari yasashgan. Musulmon dinida ruxsat etilmagan bunday farishtalar rasmini yasashga xonning vaziri akbari, qaynotasi Islom Xo‘ja ruxsat etgan. Islom Xo‘ja zamonasining o‘qimishli, ilg‘or fikrli kishisi bo‘lgan. Mehmonxonaning ikkinchi xonasi ziyofat uchun ajratilgan bo‘lib o‘lchamlari 8x14m, balandligi 6m, to‘rtinchi xonada xonning qabulxonasi joylashgan bo‘lib, bu erda har xil shartnomalar imzolangan. Sakkiz burchakli yumalok zal deb yuritilgan bu xonaning o‘lchamlari 10 m, balandligi etti metrdir. Xon davrida bu xonaning har burchagida bittadan 1,5x3 metrli ko‘zgu qo‘yilgan. Bu xonaning shifti yog‘ochdan ishlangan bo‘lib, nihoyatda ustalik bilan nafis geometrik shakllar yasalgan va oltin suvi berib ishlangan. Shiftni bezashda xivalik ustalardan Bobojon Qalandar, Masharip Qalandar, Vaisyoz Matkarimov va boshqalar mahorat ko‘rsatishgan, shiftning pastidan devorlarga o‘rnatilgan to‘lqinsimon karnizlar Rossiyadan maxsus qog‘ozlarga o‘ralib keltirilgan. Oltinchi xona shiftini o‘rtasiga ganch o‘ymakorligi ustalari tomonidan musulmonlar simvoli-yarim oy va yulduzlar naqshi tushirilgan, yana rus ustalari bu xona shiftining to‘rt tomoniga bittadan farishtalar rasmini moy bo‘yoqlar bilan yasashgan. Buning natijasida bir xonaning o‘zida ham musulmon, ham xristian diniga mansub belgilar paydo bo‘lgan. Mehmonxonaning ettinchi xonasi shiftiga tovus patining gullari  chiroyli  qilib yasalgan va har xil rangdagi qimmatbaho toshlar o‘rnatilgan. Devorlaridagi ganch o‘yma naqshi juda nafis qilib ishlangan va bronza  rang bilan bo‘yalgan. Xon saroyini qish kunlarida qizdirilishi uchun Rossiyadan ettita chinni (fayans) pechka keltirilgan. Bu pechkalar yakka plitkalardan iborat bo‘lib, ularni rus ustalari qurib berganlar. Pechkalar saksovul bilan qizdirilgan. Xiva xonligida yana bir yangilik, mehmonxona uchun elektr qandillarining keltirilishi bilan qandillar katta va og‘ir bo‘lganligi sababli, saroy tomida mahsus yog‘och qurilmalar ishlangan. Ana shu piramidasimon qurilmalarga qandillar osib qo‘yilgan. Qandillardagi elektr lampochkalarni yoqish uchun Xivaga o‘n olti ot kuchiga ega bo‘lgan kichkina dvigitel keltirilgan. Xivada birinchi marta elektr lampochkasini Volga bo‘yidagi Sыzan shahridan chaqirilgan Muso Sabanovich Yangio‘razov  yoqqan. Qabulxona qurilishi uchun xazinadan 70 ming tillo (126 ming so‘m) xarajat qilingan. Binoda inqilobdan keyin hukumat uyi, boshqaruv organlari joylashgan. Keyingi davrlarda Maorif uyi va muzey binosi sifatida foydalanilgan, hozirgi kunlarimizda saroy qayta ta’mirlanib, asl holiga keltirilgan.

Birinchi Xiva kasalxonasining ochilishi (1912 yil)

XX asr boshlariga kelib, shaharda yana bir qator jamoat joylari qurilgan, shular ichida 1912 yili Oq yop kanali yoqasida Rossiya imperatori Nikolay II ning o‘g‘li Shahzoda Aleksey sharafiga qurilgan kasalxonadir. Bu hakda bino peshtoqiga shunday so‘zlar bitilgan:- “Sayid Isfandiyor Bahodirxondan shahzoda Alekseyga 1912 yil.” Bitik arab yozuvidagi turkiy tilda va eski slavyan yozuvida  yozilib kasalxonaning oldingi ikkita peshtoqi oralig‘idagi oynavand peshtoq tepasiga muhrlangan. Kasalxonada dastlab xon va uning yaqin kishilarini davolashgan, keyin xalqqa ham ruhsat qilishgan. Bu kasalxonada dastlab bitta shifokor ish boshlagan, keyinchalik ularni soni oshirilgan va bir yo‘la ellik nafar bemorga xizmat ko‘rsatgan.

Bu kasalxonada hozirgi kunlarimizgacha el sevgan shifokorlar xalqqa beminnat xizmat qilmoqdalar.

1913 yilda shifoxona qarshisida pochta-telegraf binosi qurildi va Markaziy Osiyo shaharlarini bir-biriga bog‘lovchi aloqa yo‘lga qo‘yildi. Bu davrgacha aloqa xizmati maxsus choparlar orqali amalga oshirilardi, hozir bu binoda aloqa muzeyi tashkil qilingan. Binoni qurilishida xivalik ustalar:- Quryazov Bobojon o‘g‘li, Bobojon Qalandar o‘g‘li, Ota Shixov (Otamas), Ismoil Abdiyaz o‘g‘li, Xudargan Xo‘ja o‘g‘li, Ro‘zmat arbob Masharip o‘g‘li va Sodiq xo‘ja Matkarim o‘g‘li qatnashgan.

Qibla toza bog‘

Har bir Xiva xoni o‘z davrida dunyoda tengsiz bir saroy yoki dala hovli qurishga harakat qilgan. Xiva saroylari va qasrlari orasida eng mashhurlaridan biri Muhammad Rahimxon (Feruz) tomonidan 1897 yilda qurilgan Qibla Toza bog‘ saroyidir. Saroy o‘zining kengligi, me’moriy uslubi, Xivaga xos ayvonlarning turli tumanligi, qurilish texnikasining betakrorligi bilan ajralib turadi. Saroy uchta katta kompleksdan iborat: birinchi hovli xon va saroy ahli xizmatkorlar uchun, ikkinchi hovlida xon va uning oila a’zolari yashaydigan bir necha ayvon, uchinchi hovli-ovro‘pacha uslubda qurilgan ayvon va xonalardan iborat. Isfandiyorxon davrining ilk yillarida (1913 y.) qurilgan ushbu uchinchi hovli xuddi 1912 yilda Nurullaboyda qurilgan qabulxonaga o‘xshatib qurilgan, lekin bu erda ustalar ko‘proq gireh (geometrik) naqshlarni ishlatganlar. Qadimda saroy o‘rtasida hovuz, gulzor mavjud bo‘lib, hovuz atrofiga soyasi kishi taniga orom bag‘ishlaydigan gujum daraxtlari ekilgan. Saroyning atrofida yozgi va qishgi masjid, madrasa, maktab, otxona, tegirmon bo‘lgan. Saroyni gir atrofi bog‘ bilan o‘rab olingan. O‘z davrida ushbu saroy yonida Vaziri akbar Islom xo‘jani uyi ham, saroy chiroyiga ko‘rk qo‘shib savlat to‘kib turgan. xivalik usta Quronboy Matkarimov va katta usta Botir aka Boltaev boshchiligidagi bir guruh ta’mirchi-rassom va naqqosh ustalar 1990-yillarda ushbu maskanda ta’mirlash ishlarini olib olib borishgan. Hozirgi kunlarimizda saroy chet ellik mehmonlarning sevib tomosha qiladigan va ovqatlanadigan joyiga aylangan.

12.04.2011 y.