Shoir,
jurnalist, o'lkashunos Erkin Madrahimov – 80 yoshda
NODIR QO‘LYOZMALARNI O‘QIB, O‘RGANIB...
O‘zining 80 yilligini
nishonlayotgan O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Erkin
Madrahimov serqirra ijodiy faoliyati bilan yurtimizda hurmat, e’tiborga sazovor
bo‘lgan insondir.
Erkin Madrahimov nafaqat qo‘shiqchi shoir, zukko publitsist,
shuningdek, o‘nlab nasriy va lirik to‘plamlarning muallifi hamda o‘ziga xos o‘lkashunos-adabiyotshunos
hamdir.
Erkin aka talabalik yillaridayoq O‘rta Osiyo Davlat universitetida
(hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida) Ozod Sharafiddinov,
Aziz Qayumov, Laziz Qayumov, Hamid Sulaymonov, Matyoqub Qo‘shchanovlardan saboq olgan.
O‘z tengqurlari Erkin Vohidov,Tal’at Solihov. Rahmatullo Inog‘omov, Anvar Karimov, Anvara Otamurotova, Mamlakat Hoshimova kabi
bo‘lg‘usi shoirlar, adabiyotshunoslar, jurnalistlar bilan ijodiy baxs-munozaralar jarayonida
toblangan kelajagi umidli talaba bo‘lgan. Erkin aka talabalik yillarida ilmiy- tadqiqot
ishlari bilan shug‘ullandi. Ilmiy tekshirish institutlariga, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga,
turli gazetalar, jurnallar tahririyatlariga borib, xalq og‘zaki ijodi, IX-XIX asrlarga
doyr nodir qo‘lyozmalar, hali o‘rganilmayotgan bebaho nazmiy va nasriy ijod namunalari
bilan tanishgan. Izlanishlar jarayonida V.V.Bartold, G.A.Vamberi va boshqalarning Qo‘qon,
Buxoro, Xiva adabiy muhitiga doyr asarlarini o‘qib, hayratlanardi. Ular bilan g‘oyibona
(hayoliy) baxslashgan bo‘lardi. Goh qimmatli manbaa topgandek quvonar, gohida chuqur
o‘yga tolar edi. Bir kuni akademik V.V.Bartoldning "...O‘rta Osiyo xonliklarida
Xiva tarixchi va shoirlari eng mukammal asarlar yozganligi bilan ajralib turadi"
deb yozganiga quvondi va lekin uning "XVII-XVIII asr Xiva xonligi adabiy muhitida
jimjitlik hukmronlik suradi" degan da’vosiga e’tiroz bildirib kelgusida Xorazm
adabiy muhitini o‘rganish, folklor namunalarini to‘plash, nashr ettirish va o‘zi ham ustozlarga
ergashib o‘lkashunos-adabiyotshunos bo‘lishni orzu qilgandi. Va lekin...
Universitetni
tugatgach, o‘z kasbi bo‘yicha ishga berilib ketdi. To‘g‘rirog‘i o‘sha 60-yillardagi
siyosiy-ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy muhit uni ilmiy
tadqiqotlar,
xususan arabcha-forscha murakkab qo‘lyozmalar bilan
jiddiy shug‘llanishga monelik qilardi. U O‘zbekiston teleradio qo‘mitasida muxbir vazifasida ishlab yurgan chog‘larida qo‘shni Qoraqalpog‘istonda,Turkmanistonning Toshhovuz viloyatida yayov kezib, xalq og‘zaki ijodi namunalarini,IX-XIX asrlarga doyrqo‘lyozmalarni izlab topdi. Natijada Soliy Diyda, Sakkokiy, Haydar Xorazmiy, Miskin, Andalib, Nishotiy, Dilovar Xo‘ja, Rog‘ib, Qurbon Beregin, Xudoybergan Devonovlar haqida oxorli maqolalar tayyorlab, ularni e’lon etdi.60-70-yillarda kitobxonlar uning "Chaqmoq", "Tuyamo‘yin
tongi" kabi o‘nlab tarixiy-publitsistik asarlarinio‘qishga muyassar bo‘ldilar.
Erkin aka mashhur sharqshunos olimlar
- S.P.Tolstov, Yaxyo G‘ulomov, Ahmadali Asqqarov, Ozarbayjon Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zosi Ziyo Bunyodov, dog‘istonlik shoir Rasul Hamzatov, rus shoiri Lev Oshanin, turkman yozuvchisi Berdi Kerboboev, qoraqalpoq
shoiri Ibrohim Yusupov va boshqa adiblarning ayrim
asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan ijodkordir.
"Oltin meros" xalqaro xayriya jamg‘armasi zaxiralar
fondida Z.Bunyodovning XI-XIII asr Xorazmshoxlar
tarixiga doyr dastxati saqlanadi. U o‘tgan asrning 90-yillari boshida elimizga tashrif
buyurgan Ziyo aka Erkin Madrahimovga esdalik uchun qoldirib ketgan "Voprosi istorii narodov Kavkaza" nomli asarda "Avesto" va Jaloliddin Manguberdi,
Najmiddin Kubro haqidagi ma’lumotlarni uchratamiz. Erkin akaning shaxsiy arxivida
vohamiz tarixi, etnografiyasi, adabiyoti, san’atiga doyr nashr etilishini kutib turgan
asarlar talaygina. Uning "Bir asr yulduzlari" nomli qo‘lyozma to‘plamida hali
biz bilmagan, bilsak ham faqat nominigina eshitgan ijodkorlarning nodir satrlari
nusxalari bor.
Ishonamizki, Erkin aka to‘plagan noyob qo‘lyozmalar kitob
tarzida nashr etiladi va xalqimiz ma’naviy olamiga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.
Komiljon NURJONOV,
o‘lkashunos.
"Xorazm haqiqati” gazetasi,
2017 yil 29 aprel №34