Gerb Bayroq Madhiya Davlat mukofotlari Bosh sahifa Mobil versiya Sayt xaritasi Forum
Хоразм вилоят хокимлиги расмий веб сайтига хуш келибсиз!   Click to listen highlighted text! Хоразм вилоят хокимлиги расмий веб сайтига хуш келибсиз!
Белгиланган матнни тинглаш учун ушбу тугмани босинг Матнни тинглаш!
0(362) 223-00-06
Ish tartibi 900 - 1800
  • xorazm.uz

    Yurtboshimizning tabiri bilan aytganda, Xorazm «O‘zbek davlatchiligining ilk tamal toshi qo‘yilgan muqaddas zamin!». Insoniyat tamadduni o‘choqlaridan hisoblanmish bu ko‘hna yurtdan ne-ne buyuk allomalar, qomuschi olimlar, ahli donishlar, avliyo-anbiyolar yetishib chiqgan.

  • xorazm.uz

    Istiqlol tufayli yurtimizdagi qadim shaharlar va qal’alar, madaniyat o‘choqlarini ko‘rish, ziyorat qilish uchun yetti iqlimdan kelayotgan sayyohlarning soni yildan-yilga oshmoqda. Jahon bizning mo‘tabar yurtimizni ko‘rishga orzumand!

  • xorazm.uz

    Prezidentimizning “2013-2015 yillarda Xorazm viloyati sanoati salohiyatini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi tarixiy qaroridan keyin amaliyotga allaqachon tatbiq qilinayotgan ulkan qurilishu ta‘mirlash, eng zamonaviy asbob-uskunalar keltirish, kerakli mutaxassislarni o‘qitish, o‘rgatish jarayoni jadal yo‘lga qo‘yildi.

  • xorazm.uz

    Xalqimiz dasturxonining fayziyobligi, bozorlarimizning to‘kinligiyu oziq-ovqat mahsulotlarining serobligi, arzonligi, bir so‘z bilan aytganda yurtimiz farovonligi bobodehqonlarimizning mehnati mahsulidir. Xorazm voxasi qishloq xo‘jaligi soxasida xam yetakchilardan hisoblanadi.

Fotoalbom

» Barcha fotoalbomlar

Videoteka

» Barcha video fayllar

Tarix

Xorazm: Kecha va bugun
Xorazm o‘zining qadim tarixi, boy madaniyatiga ega bo‘lgan O‘zbekistondagi e’tiborga molik hududlardan biridir. Insoniyatning ilk yozma yodgorliklaridan biri hisoblangan zardushtiylikning muqaddas kitobi “Avesto” shu diyorda yaratilgan. Bundan uch ming yillar ilgari ham Xorazmning o‘z yozuvi mavjud edi. Batafsil...


Xorazm haqida bitiklardagi ilk yozuvlar. DORO I ning Behsutun bitigi
(eramizdan avvalgi 521-486 yillar)

Ushbu bitik Karmanshoh yaqinidagi dengiz sathidan 152 metr yuqoriroqda bo‘lgan Behsutun qoyasiga o‘yib yozilgan. Bitikning yuqorisida ulkan barelef mavjud. Unda to‘qqiz nafar shoh va urug‘larning boshliqlari qo‘llari bog‘langan va bo‘yinlariga sirtmoq solingan holda Doroning oldida turgani tasvirlangan. Ularning o‘ninchisining ustiga shoh oyog‘ini qo‘yib turibdi. Bitik besh ustun va 414 satrdan iborat. U uch tilda bitilgan (elam, bobil va eski fors tillarida). Batafsil...



HAR BIR MUROJAAT DIQQAT-E’TIBORDA
24.03.2017

2017-yil – Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili

 

HAR BIR MUROJAAT DIQQAT-E’TIBORDA

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda 2017-yilni mamlakatimizda "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" deb e’lon qilar ekan, "davlat organlarining fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlari yuzasidan yondoshuvni tubdan qayta ko‘rib chiqish zarur. Bu borada aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizmlari va samarali usullarini joriy etishimiz darkor" deya qayd etdilar.

O‘tgan yilning 24-sentyabrida O‘zbekiston hukumati portalida virtual qabulxona ochilishi murojaatlar bilan ishlash tizimini bugungi kun talablariga mos holda takomillashtirish imkonini berdi.

So‘ngra esa Prezident devoni qoshida jismoniy va yuridik shaxslarning ariza va shikoyatlarini ko‘rib chiquvchi Virtual qabulxona ish boshladi. Prezidentimiz o‘zining nutq va ma’ruzalarida ushbu masalaning muhim va dolzarbligini doimo alohida qayd etadi. Prezidentimizning 2016-yil 28-dekabrda "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida" qabul qilgan Farmoni katta ahamiyat kasb etib, bugungi kunda uning ijrosi ta’minlanmoqda. Har bir murojaat kundalik e’tiborda bo‘lmoqda.

Xalqimiz bunday sa’y-harakatlarni chin dildan ma’qullaydi, qadr-laydi, yuqori baholaydi va astoydil qo‘llab-quvvatlaydi. Buning hayotdagi ifodasiga o‘zimiz ham guvoh bo‘layapmiz. Odamlarning ariza va shikoyatlari, talab va takliflarini insoniylik tuyg‘ulari bilan qarab chiqish va hal etishga yanada yuksak mas’uliyat bilan qaralmoqda. Ijtimoiy adolat qaror topgan joyda odamlarning bunyodkorlik salohiyati, yaratuvchilikka bo‘lgan ixlos va ishtiyoqi jo‘sh uraveradi. Yangidan istiqbolli loyihalar ishlab chiqarishga joriy etiladi. Xalq mehr-oqibatni aslo unutmaydi, uni yuksak qadrlaydi, ezgulikka ezgu amallar bilan javob qaytaradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Urganch tumanidagi Xalq qabulxonasi o‘z faoliyatini fevral oyi oxirida boshladi. Ishimizning ilk haftalari odamlar Xalq qabulxonasiga chuqur ishonch, katta umid bilan qadam qo‘yishayotganini yaqqol isbotlamoqda. Mart oyining dastlabki o‘n kuni ichida qabulxonaga 80 ta yozma va og‘zaki murojaatlar kelib tushdi. Shu o‘rinda hozirjavoblik va tezkor tadbir Xalq qabulxonasi faoliyatining mezoni ekanligini alohida ta’kidlash zarur. Kelib tushgan murojaatlarning hammasi mazkur o‘n kunlikning o‘zidayoq qarab chiqilgani va qonuniy hal etilgani tezkorlik va hozirjavoblik printsipi qabulxona faoliyati uchun asos qilib olinganidan dalolat beradi. Bunday tartibga istiqbolda ham qat’iy amal qilmog‘imiz lozim.

Boshqa bir printsipial holatga ham jiddiy e’tibor qaratilmog‘i zarur. Hayot tajribasi odamlarning arzi-shikoyatiga nisbatan bepisandlik hollari kamchilik va nuqsonlarning urchishiga olib kelishini ko‘rsatadi. Fursatida payi qirqilgan illatlargina yashovchanligini yo‘qotadi. Tuman Xalq qabulxonasiga murojaat qilgan fuqaro K.Sherimbetov o‘z xonadoni foydalangan tabiiy gaz uchun to‘lovni to‘la amalga oshirgan va qarzdorlikni butkul bartaraf etgan bo‘lishiga qaramasdan "Tumangaz" filiali xodimlari oilani gaz ta’minotidan tamomila noqonuniy ravishda mahrum etishgani, bu ham kamlik qilganday uyni tabiiy gaz tarmog‘iga qayta ulash uchun qo‘shimcha pul talab etishganini achinish tuyg‘ulari bilan ma’lum qildi. Shu yuzadan o‘tkazilgan tezkor tadbir shikoyatchi to‘la haq ekanligi, xonadon tabiiy gaz tarmog‘idan asossiz ajratib qo‘yilganini tasdiqladi. Talab qanoatlantirildi. Xonadon gaz tarmog‘iga qayta ulandi.

Tumanning Chakkasholikor qishlog‘ida yashovchi Sh.Matsafoyevaning Xalq qabulxonasiga qilgan murojaati ham asosli bo‘lib chiqdi. Hozirda tuman kasalxonasi uning nogiron farzandi Toshkent shahridagi ixtisoslashgan tibbiyot markazida shifo topishi uchun tegishli amaliy yordam choralarini ishga solayapti. Xalq qabulxonasining aralashuvi bilan tumandagi G‘oybu qishlog‘ida yashovchi U.Qo‘shchonovaning qonuniy so‘roviga nisbatan yo‘l qo‘yilgan sansalorlik holati ham bartaraf etildi. Shikoyatchining ma’lumotnomaga doir talabi qondirildi.

Tegishli idora va tashkilotlar mutasaddilari har bir murojaatga o‘z vaqtida javob berishlari kerak. Endi bundan buyon joylardagi mutasaddi rahbarlar faoliyatiga aholining shikoyat va e’tirozlari soni, odamlar orasidagi yurish-turishi va muammolar echimiga nisbatan munosabatiga qarab baho beriladi. Bahoni xalq beradi. U eng xolis, haqqoniy va adolatli baho ekanligini unutishga haqqimiz yo‘q. Davlatimiz esa bu bahoni shu yuzadan ko‘rilajak choralar uchun asos qilib oladi.

"Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili"da ko‘zlangan rejalar bir yoki necha kun, hafta yoki oyga emas, balki, uzoq istiqbollarga mo‘ljallangani, doimiy va uzluksiz harakatdagi strategik dastur ekanligini chuqur anglamoq darkor. Xalq qabulxonalari instituti jamiyat rivoji asnosida turmush taqozosi tufayli yuzaga kelganligini nazarda tutmoq zarur.

Davlatimiz rahbari Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda "Biz keyingi paytda odamlar bilan muloqot qilishni unutib qo‘ydik. ularning ichiga kirib, ochiq va samimiy gaplashish, dardini eshitish bizning faoliyatimizda, afsuski, oxirgi o‘ringa tushib qoldi", deya ta’kidladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomilashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoni bu boradagi faoliyatni davr talabi asosida tashkil etishni yanada jadallashtirishda muhim omil bo‘ldi. Farmonda murojaatlarning aksariyat qismi tadbirkorlik sub’ektlarining rivojlanishiga xalaqit berayotgan to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish, qonunchilikka zid bo‘lgan idoraviy qarorlarni bekor qilish, ishga joylashish, sog‘liqni saqlash, bank kreditlaridan erkin foydalanish, uy-joy, kommunal va yo‘l-transport xizmatlari sifatini yaxshilash masalalari, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining faoliyati yuzasidan kelib tushayotganligi qayd etiladi. Farmonda ta’kidlanigandek, bunday holatlar mazmun-mohiyatiga ko‘ra nihoyatda jiddiy va dolzarb ahamiyatga molik masala va muammolar sirasidan ekanligini darrov ilg‘ab olish mumkin. Hayotiy misollar, aynan shunday mazmundagi murojaatlar tegishli idora, ularning rahbarlari tomonidan yillar mobaynida bee’tibor qolib ketgani va oqibatda o‘z-o‘zidan ko‘payib, jiddiy muammoga aylanganligini ko‘rsatmoqda.

Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida"gi Farmonda bu muammolarning echimiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur hujjatda ifodasini topgan alohida yo‘nalish uning echimiga bag‘ishlandi. Unda qayd etilishicha, ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgan aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirib borish, ijtimoiy himoyasi va sog‘ligini saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, arzon uy-joylar barpo etish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish, ta’lim, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, san’at va sport sohalarini rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirishga qaratilgan strategik chora-tadbirlar hayotga tatbiq qilinadi. Ushbu holatlar Prezidentimizning farmonlarida mujassam ifodasini topgani nazarda tutilsa, maqsad, reja va dasturlar o‘rtasidagi o‘zaro muvofiqlik, mushtaraklik, bog‘liqlik omillari, bir-birini to‘ldirish va rivojlantirishga qaratilgan olijanob niyatlar mujassam ekanligini idrok etish mumkin. Harakatlar strategiyasida ko‘zda tutilgan tizimli tadbirlar Xalq qabulxonalari oldiga ham jamiyat hayotiga molik g‘oyatda salmoqli vazifalarni ko‘ndalang qo‘ydi. Davlatimiz rahbari imzolagan har ikkala huquqiy va direktiv hujjatda omma bilan muloqotlar eng oldingi o‘ringa qo‘yilgani va u nafaqat Xalq qabulxonalari xodimlari, balki barcha davlat va boshqaruv organlari, idora va tashkilotlar hamda ulardagi rahbarlarning ham birinchi darajali ishi, vazifasi qilib belgilanganini anglash qiyin emas. Bir so‘z bilan aytganda, xalq mahalliy hokimiyat rahbarlari, vazirliklar va unga tenglashtirilgan mahkamalar mutasaddilarini taniydigan va ularga bemalol murojaat qilishi mumkin bo‘lgan muhit uyg‘onmoqda.

Bugungi kunda Xalq qabulxonalari faoliyati davr talabi asosida olib borilmoqda. Xalq qabulxonalari tuzilmalari bir-biri bilan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi bilan uzviy bog‘liq holda faoliyat ko‘rsatadi. Xalq qabulxonasida ishlaydigan mas’ullar Prezidentning joylardagi vakillari hisoblanadilar. Qabulxonalar 5 kunlik ish haftasi tartibida ertalab soat 9.00dan kechqurun soat 18 ga qadar tanaffussiz faoliyat ko‘rsatadi. Qabulxonalarda faoliyat uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Qabulxona muassasalari hamma joyda, jumladan, tumanimizda ham zamonaviy binoda ish boshladi. Tumandagi Xalq qabulxonasi o‘z kirish yo‘li, panduslar, kutish va fuqarolarni qabul qilish hamda qulay ish xonalari, kompyuter-elektron aloqa vositalari, "Ona va bola" xonasi va boshqa zarur vositalarga ega. Keluvchilar bilan ishlash xonasi alohida yo‘lakdan iborat binoning birinchi qavatiga joylashtirildi. Murojaatlarni telefon orqali oldindan navbatga yozish tartibi ham joriy etildi. Qabulxona videokonferents aloqa tizimiga ham ega. Binoga kiraverish joylariga Xalq qabulxonasining ish tartibi, rahbar va mutasaddilarning qabul kunlari, soatlari, xizmat ko‘rsatuvchi telefon raqamlari, murojaatlar uchun boshqa zaruriy ma’lumotlar maxsus stend va taxtachalarga yozib qo‘yildi.

Qoidaga muvofiq jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari og‘zaki, yozma, elektron tarzda yoki pochta orqali qabul qilinadi. Qabulxona xodimi murojaatlarni qabul qiladi, ro‘yxatga olib, rasmiylashtiradi, tahlil qiladi, ularni ko‘rib chiquvchi tegishli davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarini belgilaydi. Murojaatlarga doir ma’lumotlar "O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi" axborot tizimiga joylashtiriladi. Xalq qabulxonalari xodimlari Respublika Prezidenti devoni xodimlari hisoblanishi munosabati bilan ularga murojaatlarni xolisona, adolatli tarzda, qonun talablariga qat’iy asoslangan holda sifatli va o‘z vaqtida ko‘rib chiqish hamda qarorlar qabul qilish yuzasidan huquq, vakolat va imkoniyatlar berilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlagan-laridek, "Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qiladigan vaqt keldi". Chindan ham hamma narsa inson manfaatlari, baxti-saodati, to‘kin turmushi, porloq kelajagi uchun xizmat qilmog‘i kerak. Zotan, jamiyatning har bir a’zosi baxtli yashashga haqli. Inson jamiyat bunyodkori, kuch-qudrat, ravnaq va farovonlik timsoli, kafolatidir. Bu kabi ulug‘vor ishlar ular faoliyatida mujassam. Shu boisdan ham u doimo ardoq va e’zozda yashamog‘i, hayotdan rozi holda turmush kechirmog‘i nihoyatda muhimdir.

O‘z faoliyatini qizg‘in va xayrli ishlardan boshlagan Xalq qabulxonalariga fuqarolar tomonidan bildirilayotgan murojaat doimiy e’tiborda bo‘lmoqda. Mavjud muammolarga tezkorlik bilan barham berish, odamlar bilan ochiq, yaqindan muloqot qilish faoliyat asosini tashkil etmoqda.

Odilbek KARIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Urganch tumanidagi

Xalq qabulxonasi mudiri.

"Xorazm haqiqati” gazetasi,

2017-yil 24-mart, №24