Gerb Bayroq Madhiya Davlat mukofotlari Bosh sahifa Mobil versiya Sayt xaritasi Forum
Белгиланган матнни тинглаш учун ушбу тугмани босинг Матнни тинглаш!
0(362) 223-00-06
Ish tartibi 900 - 1800
  • xorazm.uz

    Yurtboshimizning tabiri bilan aytganda, Xorazm «O‘zbek davlatchiligining ilk tamal toshi qo‘yilgan muqaddas zamin!». Insoniyat tamadduni o‘choqlaridan hisoblanmish bu ko‘hna yurtdan ne-ne buyuk allomalar, qomuschi olimlar, ahli donishlar, avliyo-anbiyolar yetishib chiqgan.

  • xorazm.uz

    Istiqlol tufayli yurtimizdagi qadim shaharlar va qal’alar, madaniyat o‘choqlarini ko‘rish, ziyorat qilish uchun yetti iqlimdan kelayotgan sayyohlarning soni yildan-yilga oshmoqda. Jahon bizning mo‘tabar yurtimizni ko‘rishga orzumand!

  • xorazm.uz

    Prezidentimizning “2013-2015 yillarda Xorazm viloyati sanoati salohiyatini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi tarixiy qaroridan keyin amaliyotga allaqachon tatbiq qilinayotgan ulkan qurilishu ta‘mirlash, eng zamonaviy asbob-uskunalar keltirish, kerakli mutaxassislarni o‘qitish, o‘rgatish jarayoni jadal yo‘lga qo‘yildi.

  • xorazm.uz

    Xalqimiz dasturxonining fayziyobligi, bozorlarimizning to‘kinligiyu oziq-ovqat mahsulotlarining serobligi, arzonligi, bir so‘z bilan aytganda yurtimiz farovonligi bobodehqonlarimizning mehnati mahsulidir. Xorazm voxasi qishloq xo‘jaligi soxasida xam yetakchilardan hisoblanadi.


                 2016 yil 23 yanvar                                                                               Urganch shahri

   Xorazm viloyati hokimi P.Bobojonovning "2015 yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda iqtisodiyotni isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirishlar va modernizatsiyalashni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha 2016 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari to‘g‘risida”gi hisoboti haqida
   
   O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 103-moddasi hamda "Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunning 251–moddasida viloyat, tuman, shahar hokimining hisoboti tegishli xalq deputatlari Kengashining viloyat, tuman, shaharning o‘tgan yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yakunlari va joriy yilga mo‘ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisida eshitilishi belgilangan.
   Mazkur qoidalar Oliy Majlis Senati Kengashining 2015 yil 22 iyundagi KQ-28-II-sonli qaroriga asosan qabul qilingan Xalq deputatlari viloyat Kengashining 2015 yil 29 iyundagi to‘rtinchi sessiyasining "Xalq deputatlari viloyat Kengashining Reglamentiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 21/4-5-sonli qarorida belgilangan tartib asosida amalga oshirilmoqda.
   Xalq deputatlari viloyat Kengashi ta’kidlaydiki, viloyat hokimining "2015 yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda iqtisodiyotni isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirishlar va modernizatsiyalashni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha 2016 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari to‘g‘risida”gi hisoboti mazmun-mohiyati va dolzarbligi bilan mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, fuqarolik jamiyatini hamda iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirishga qaratilgan islohotlarning hayotda o‘z ifodasini topayotganligi bilan muhim ahamiyatga ega.
   Keyingi yillarda xalqaro miqyosda yuz berayotgan moliyaviy-iqtisodiy inqirozlarga qaramasdan mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotini o‘sish hajmi 8 foizni tashkil etayotganligi, yurtimizda qaror topgan tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikning, xalqimizning fidokorona mehnatining natijasidir.
   Ayniqsa, Jahon iqtisodiy Forumining reytingiga ko‘ra O‘zbekiston dunyodagi eng tez rivojlanayotgan beshta mamlakat qatoridan joy olganligini, mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida olib borilayotgan ishlar xalqaro iqtisodiy tashkilotlar reytingida ham o‘z ijobiy ifodasini topayotganligi quvonarli.
   Ya’ni, bugungi kunda dunyoda iqtisodiy va siyosiy inqirozlar bo‘layotgan, ko‘plab davlatlarning iqtisodiyotida pasayish bo‘layotgan bir paytda, Respublikamizda mahsulot ishlab chiqarish hajmi o‘sib borayotganligi va narx-navoning o‘z me’yorida saqlanib kelayotganligi hamda aholining turmush farovonligi ta’minlanayotganligi, eng avvalo mustaqilligimizning ilk kunlarida ishlab chiqilib, hayotga tadbiq etib kelinayotgani taraqqiyotning "O‘zbek modeli”ning asosida besh tamoyilni–ya’ni, iqtisodning siyosatdan ustunligi, davlat bosh islohotchiligi, qonun ustuvorligi, kuchli ijtimoiy himoya va islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirilganligi naqadar to‘g‘ri ekanligi hayotiy haqiqatdir.
  2016 yil 15 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida davlatimiz rahbari muhtaram Islom Abdug‘anievich Karimov o‘z ma’ruzasida shunday ta’kidladi: "Bu borada gap, avvalo, har tomonlama puxta o‘ylangan, uzoqni ko‘zlaydigan keng ko‘lamli Dasturni hayotga joriy etish haqida bormoqda. Ushbu Dastur mohiyat e’tibori bilan chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik manfaatlarini ishonchli himoya qilish, eng muhimi, Konstitutsiyamizda ko‘zda tutilganidek, xususiy mulkning qonuniy, me’yoriy-huquqiy va amaliy jihatdan ustuvor rolini ta’minlash, O‘zbekiston iqtisodiyotida davlat ishtirokini bosqichma-bosqich kamaytirishga qaratilgan”ligini yana bir bor ta’kidladi.
   Shu bilan birgalikda "jahon iqtisodiyotining rivojlanish jarayonlarini chuqur tahlil qilgan, o‘zimizning resurs va imkoniyatlarimizni real baholagan holda, biz oldimizga aniq maqsadni–ya’ni, 2030 yilga borib mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot hajmini kamida 2 barobar oshirish vazifasini” belgilab berdi.
   Viloyat hokimi P.Bobojonovning "2015 yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda iqtisodiyotni isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirishlar va modernizatsiyalashni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha 2016 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari to‘g‘risida”gi hisoboti bo‘yicha sessiya qarori loyihasining asosiy qoidalari bo‘yicha xalq deputatlari viloyat Kengashining "Mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlar va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari” doimiy komissiyasi majlisida Xalq deputatlari viloyat Kengashiga siyosiy partiyalardan saylangan deputatlar guruhlari tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalarda mazkur hisobotda keltirilgan ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning 2015 yil 16 yanvarda Vazirlar Mahkamasining 2014 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga va 2015 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisidagi ma’ruzalarida belgilab berilgan ustuvor vazifalar asosida amalga oshirilganligi bildirilgan.
   Doimiy komissiya tomonidan mazkur fikr-mulohazalar hamda to‘plangan materiallarga asosan viloyat hokimining hisoboti yuzasidan o‘z xulosasi va sessiya qarori asosiy qoidalarida viloyatda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha qabul qilingan Dasturlar ijrosiga alohida e’tibor qaratilganligi e’tirof etilgan. 
   Hisobotda keltirilganidek, viloyatda chuqur tarkibiy o‘zgartirishlarni ta’minlashga, xususiy tadbirkorlik va kichik biznesning manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan har tomonlama puxta o‘ylangan Dasturning izchil amalga oshirilishi natijasida 2015 yilda mulkchilik shaklini tubdan o‘zgartirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlarni boshlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilgan.
   Qonunchilik, normativ-huquqiy va amaliy jihatdan xususiy mulkning ustuvor rolini ta’minlash, iqtisodiyotda davlatning ishtirokini izchil qisqartirish, korporativ boshqaruv tizimi tamoyillarini va unga yondashuvni tubdan o‘zgartirish, xususiy mulkdorlar va tadbirkorlarning qonuniy huquqlari kafolatlarini kuchaytirish va himoya qilish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha qarorlar qabul qilingan. 
Viloyatning barcha tuman va shaharlarida "bir darcha" tamoyili bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatadigan Yagona markazlar tashkil etilgan hamda tadbirkorlik sub’ektlari muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishining mutlaqo yangi mexanizmi joriy etilgan. 
   Viloyatda iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlari ta’minlamoqda. Jumladan, yalpi hududiy mahsulot hajmi 10,1 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 21,9 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtirish 5,9 foizga, qurilish ishlari hajmi 13,2 foizga, chakana savdo aylanmasi 12,5 foizga, jami xizmatlar 13,4 foizga o‘sishiga erishildi.
   Viloyat mahalliy byudjetining 2015 yil uchun daromad va harajatlari o‘z vaqtida va to‘liq moliyalashtirib berildi. Jumladan, viloyatning yillik daromadlar prognoz rejasi 666,7 mlrd.so‘m miqdorda tasdiqlangan bo‘lsa, yil yakunlari bilan qariyb 683,9 mlrd.so‘m yoki prognoz rejasi 103,0 foizga (17,2 mlrd.so‘m) ortig‘i bilan bajarildi.
   Mahalliy byudjeti xarajatlari tarkibida ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan xarajatlar yuqori darajada saqlanib qoldi va umumiy xarajatlarning 
77,6 foizini tashkil etdi. Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki viloyat 
2014 yilgacha respublika byudjetidan subventsiya olib kelgan bo‘lsa, joriy yilda viloyat subventsiya oluvchi hududlar safidan chiqdi.
   2015 yilda sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida jami 559 mlrd.so‘m miqdoridagi investitsiyalar o‘zlashtirilishi hisobiga 1725 ta loyihalar amalga oshirildi hamda 11,6 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. 
   O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "2013-2015 yillarda Xorazm viloyati sanoat salohiyatini rivojlantirish Dasturi to‘g‘risida”gi qarorlariga asosan o‘tgan 3 yil davomida 308,5 mln. dollar investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirilishi hisobiga 432 ta sanoat korxonasi o‘z faoliyatini boshladi. Natijada, sanoat sohasida 2015 yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2,4 trln. so‘mga etkazilib, ushbu ko‘rsatkich 2012 yilga nisbatan 2,1 martaga oshdi.
   Bugungi kunda viloyatda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining mashinasozlik va metallni qayta ishlash sohasiga 31,0 foizi, engil sanoat sohasiga 27,2 foizi, oziq-ovqat sanoati tarmog‘iga 17,7 foizi  va boshqa tarmoqlarga 16,6 foizi to‘g‘ri kelmoqda.
Ushbu o‘zgarishlarga tarmoq ishlab chiqarish tarkibini tubdan yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida erishildi. 
   Jumladan, "GM Uzbekistan” AJ Xorazm filiali tomonidan bugungi kungacha 48 ming 894 dona "Damas”, 2 ming 984 dona "Shevrolet Orlando” va 1 ming 431 dona "Labo”avtomobillari ishlab chiqarildi. Bundan tashqari, "O‘zXMJ” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi tomonidan esa jami 233 ta qishloq xo‘jaligi texnikalari, shundan 149 ta ekskavator, 72 ta buldozer va 12 ta yuk ortgich texnikalari ishlab chiqarildi.
   Shuningdek, mahalliylashtirish dasturiga asosan Xiva tumanida "Xiva maishiy texnika” korxonasida 1 ming 200 dona muzlatkich va sovutkichlar, Qo‘shko‘pir tumanida "Qo‘shko‘pir Agro Invest" korxonasida 1 mln. dona svetodiod yoritqichlar ishlab chiqarilib, viloyatimiz aholisiga etkazib berilmoqda. Ana shunday ijobiy o‘zgarishlar natijasida yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoatning ulushi 2010 yilga nisbatan 5,9 foizdan 15,2 foizga etib, bugungi kunda 2,6 barobarga ortdi.
   O‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi 117 mlrd. so‘mni, shundan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 5,5 mlrd. so‘mni tashkil etdi.
   Muhtaram Prezidentimizning maxsus qarorlariga asosan Urganch shahrida keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirishga qaratilgan 2013-2017 yillarga mo‘ljallangan dastur doirasida o‘tgan uch yil davomida 1 trln. 190 mlrd. so‘mlik qurilish-bunyodkorlik ishlari bajarildi. 
   Shovot kanali atrofida rekonstruktsiya ishlari bajarilib, aholi dam olish maskanlarini tashkil qilindi. Shaharning drenaj tizimlari qayta tiklandi. 
   Bu ishlar natijasida shahardagi er osti suvlarining sathi pasayib, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish uchun katta imkoniyatlar yaratildi.
   Ayniqsa, "Urganch” xalqaro aeroportining binolarini rekonstruktsiya qilinishi viloyatimizda turizm sohasini rivojlantirishga muhim omil bo‘ldi.
   Xorazmlik yoshlarning istiqboli uchun har tomonlama xizmat qiladigan, ulkan yopiq sport maneji, gimnastika zali, basseyn, "Basketbol” va "Badminton” markazlari, Toshkent axborot-texnologiyalari universiteti (TATU) Urganch filialining yangi binosi, "Turizm va mehmonxona xizmati” kasb-hunar kolleji, Urganch shahridagi 2-son bolalar musiqa va san’at maktablari yangidan qurilib foydalanishga topshirildi.
   Bugun mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar negizida avvalambor aholi turmush farovonligini oshirish, ularga qulay shart-sharoitlar yaratib berish kabi ustuvor vazifalar o‘z samarasini bermoqda. Xususan, qishloq aholi punktlari tashqi qiyofasini yanada yaxshilash, namunaviy loyihalar asosida uy-joylar qurilishi ko‘lamini kengaytirish hisobiga qishloq aholisining turmush darajasi va sifatini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
   Hukumat kafolati ostida ajratilayotgan mablag‘lar va imtiyozli kreditlar asosida o‘tgan yilda jami 146,0 mlrd. so‘mga yaqin mablag‘lar o‘zlashtirildi va 22 ta massivda 865 ta uy-joy qurilib, egalariga topshirildi. Bundan tashqari ushbu massivlarda 19 ta bozor infratuzilma ob’ektlari qurib ishga tushirildi. 
   O‘tgan 2015 yilda viloyatda tashqi muhandislik va infratuzilma ob’ektlari, jumladan, 89 km uzunlikdagi elektr tamoqlari, suv va tabiiy gaz ta’minoti borasida mos ravishda 115 km va 32 km tarmoqlar yangidan qurildi va rekonstruktsiya qilindi. Natijada 10,8 ming xonadonlarda tabiiy gaz va 31,7 ming nafar aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi.
   Hududiy investitsiya dasturi doirasida jami 25 mln. dollarlik, shundan 15,8 mln. dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etilib, 14 ta loyiha ishga tushirildi. Xususan, Shovot tumanidagi "Shovot tekstil" qo‘shma korxonasiga Janubiy Koreya va Shveytsariya davlatlaridan 14,3 mln. dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etilib, ip kalava ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilib, 6,1 mln. dollarlik mahsulotlar eksport qilindi.
   Hududiy eksport dasturiga asosan 2015 yilda jami 45,7 mln. dollarlik mahsulotlar eksport qilinib, 2014 yilga nisbatan 3,3 barobarga o‘sdi. Hisobot davrida 12 ta yangi korxona eksport faoliyatiga jalb etildi va ular tomonidan 
2,2 mln. dollarlik mahsulot va xizmatlar eksport qilindi. Shuningdek, Rossiya va Qozog‘iston davlatlarida 5 ta yangi savdo uylari tashkil etildi. Shu bilan birga, 2015 yil davomida 862 ming dollarlik 3 ta yangi turdagi mahsulotlar eksporti o‘zlashtirildi.
Bundan tashqari, "Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi” tomonidan 2015 yilda 16 ta sub’ektga jami 12 mln. dollar miqdoridagi mahsulot hamda xizmatlarni eksport qilishda amaliy yordam ko‘rsatildi.
   Bugun mamalakatimizda barcha sohalardagi kabi qishloq xo‘jaligida ham ishlab chiqarishni rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarish eng muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lmoqda. Bu boradagi tarkibiy qayta o‘zgartirishlarni davom ettirishga, ekin maydonlarini maqbullashtirishni hisobga olgan holda yangi fermer xo‘jaliklarini tashkil qilish, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etishga, sohani kompleks mexanizatsiyalash hamda xomashyo resurslarini qayta ishlashni chuqurlashtirishga qaratilgan bir qator dasturlar amalga oshirilmoqda.
   Viloyatimizda 2015 yil qishloq xo‘jaligi uchun ijobiy natijalar yili bo‘lib, 224 ming tonna g‘alla va 264 ming tonnadan ortiq paxta hosili etishtirildi. Natijada 2014 yilga nisbatan 500 tonna ko‘p g‘alla va 6,6 ming tonna ko‘p paxta hosili olinishiga erishildi.
   Shu bilan birga bugungi kunda kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash, avvalo, kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha zarur sharoitlar yaratish ham eng muhim ustuvor vazifalardan biri bo‘lib kelmoqda.
   2015 yilda viloyatda 60,6 mingta ish o‘rni tashkil etilib, shundan 87,0 foizi qishloq joylariga to‘g‘ri keladi. Shu o‘rinda akademik litsey 
kasb-hunar kollejlari, va oliy ta’lim muassasalarining 24,7 mingdan ortiq bitiruvchisi ishga joylashtirildi. Kollej bitiruvchilarining tadbirkorlik faoliyatlarini boshlashlari uchun 2015 yilda tijorat banklari tomonidan 
15,6 mlrd so‘m miqdorida imtiyozli mikrokreditlar ajratildi. (Bu oldingi yilga nisbatan 3,5 mlrd. so‘m ko‘pdir)
   "Keksalarni e’zozlash yili” dasturi doirasida 189 mlrd. so‘m miqdorida mablag‘ sarflanib, reja 103,3% ga bajarildi. 2015 yilda 527 nafar keksalarimizning uylari joriy va kapital ta’mirlandi. Shuningdek, 
1984 nafariga sihatgoh yo‘llanmalari berildi, 164 nafar ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 
   O‘tgan yil davomida erishilgan ijobiy natijalar bilan birgalikda ayrim hududlar va sohalar bo‘yicha mavjud imkoniyatlardan to‘la va samarali foydalanilmay bir qator kamchiliklar ham kuzatildi.
   Xususan, xisobot davrida asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlardan yalpi hududiy mahsulot 110,1 (prognoz 110,7%) foizni tashkil etib, belgilangan prognoz bajarilmagan bo‘lsa, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish prognozga nisbatan 4,8 foizga va jami xizmatlar 2,2 foizga kam bajarildi. Hisobot davrida Qo‘shko‘pir (subventsiya ulushi 59%), Yangibozor (57%), Yangiariq (54%), Gurlan (54%) va Shovot (51%) tumanlarining viloyat byudjetiga qaramligi 50 foizdan ortib, viloyat byudjetidan subventsiya olishga majbur bo‘lmoqdalar. 
   Hisobot davrida mahalliylashtirish dasturiga Bog‘ot, Shovot va Yangiariq tumanlarida birorta ham loyihalar kiritilmadi. Viloyatda hududiy eksport ko‘rsatkichlari 114,7 foizga bajarilgan bo‘lishiga qaramasdan, Dasturga kiritilgan 7 ta jumladan, Urganch shahrida 2 ta, Gurlan, Qo‘shko‘pir, Xazorasp, Xonqa va Xiva tumanlarida 1 tadan korxonalarda umuman mahsulot eksport qilinmadi.
   O‘tgan yil davomida tabiiy gazdan bo‘lgan debitor qarzdorlik 788 mln. so‘mga, elektr energiyadan bo‘lgan qarzdorlik 3,9 mlrd. so‘mga ortdi.
   Hisobot davrida avval yaratilgan 1 ming 617 ta ish joylari qisqarib ketishiga yo‘l qo‘yilgan. Buning asosiy qismi Urganch shahri (591 ta), 
Urganch (206 ta) va Yangibozor (147 ta) tumanlariga to‘g‘ri kelmoqda. Kollej bitiruvchilarini o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirish masalasi qoniqarsiz holatda. Jumladan, o‘tgan yili bitiruvchilarning 64,8 foizi 
(15,5 ming nafari) o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirilgan, xolos. Bu boradagi ishlar Shovot (54,4%), Xazorasp (54,8%) va Yangibozor (62,2%) tumanlarida o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.
   O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov tomonidan belgilab berilgan 2016 yil iqtisodiy dasturiga asosan istiqboldagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishi–ishlab chiqarishni uzluksiz texnologik va texnik jihatdan yangilash, ichki zaxiralarni doimiy ravishda izlash, iqtisodiyotda chuqur tarkibiy o‘zgartirishlarni amalga oshirish, sanoatni modernizatsiyalash va diversifikatsiyalashdan kelib chiqib, quyidagilar 2016 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari etib belgilandi:
   1. Boshlangan tizimli demokratik islohotlarni va mamlakatni modernizatsiyalashni, iqtisodiyotda, eng avvalo sanoat va qishloq xo‘jaligida chuqur tarkibiy o‘zgartirishlarni so‘zsiz davom ettirish, xususiy mulkchilik, tadbirkorlik va kichik biznesni jadal rivojlantirish va ularning manfaatlarini himoya qilish, iqtisodiyotda davlat ulushini izchil kamaytirish, makroiqtisodiy mutanosiblikni ta’minlash;
   2. 2015-2019 yillarda muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish dasturining asosiy tadbirlarini so‘zsiz amalga oshirish bo‘yicha boshlangan ishlarni davom ettirish;
   3.Qishloq xo‘jaligida islohotlarni va tarkibiy o‘zgartirishlarni yanada chuqurlashtirish, er va suv resurslaridan samarali foydalanish;
   4. Ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholi turmushi darajasi va sifatini yanada oshirish;
   5. Iqtisodiyotning raqobatdoshligini tubdan oshirish, eksport qiluvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, eksportda fermer xo‘jaliklari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ishtirokini har tomonlama rag‘batlantirish;
   6. Iqtisodiyot tarmoqlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, "Elektron hukumat" tizimi yaratilishini tubdan jadallashtirish;
   7. "Sog‘lom ona va bola yili" Davlat dasturini amalga oshirish.
   Viloyatning 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha Respublika Prezidenti I.A.Karimov tomonidan tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalarni so‘zsiz bajarilishini ta’minlash har bir rahbar zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklaydi.
   Shundan kelib chiqqan holda mavjud imkoniyatlardan va resurslardan samarali foydalangan holda oldimizga qo‘yilgan vazifani bajarish va bildirilgan ishonchni oqlash uchun astoydil mehnat qilish har birimizning burchimizdir.
   Shu bilan birgalikda mahalliy Kengashlar deputatlari o‘z saylov okruglarida mazkur qaror bajarilishini borishini muntazam ravishda nazorat-tahlil olib borishlari va yuzaga kelayotgan masalalarni o‘z vaqtida hal etish bo‘yicha "deputatlik so‘rovi” institutidan samarali foydalanish zarur bo‘ladi.
   Viloyatni har tomonlama taraqqiy ettirish va aholining turmush farovonligini yanada yaxshilash, iqtisodiyotni barqaror rivojlanishini ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlarida chuqur tarkibiy o‘zgartirishlarni amalga oshirish hamda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish va pirovardda aholining turmush farvonligini yuksaltirishni ta’minlash maqsadida Xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashi 

Q A R O R   Q I L A D I:
1. Xorazm viloyati hokimi P.Bobojonovning "2015 yilda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda iqtisodiyotni isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirishlar va modernizatsiyalashni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha 2016 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari to‘g‘risida”gi hisoboti ma’qullansin.
2. Xalq deputatlari viloyat Kengashining doimiy komissiyalari raislari, viloyat hokimining o‘rinbosarlari, xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari raislari-shahar va tumanlar hokimlari, xalq deputatlari viloyat Kengashiga siyosiy partiyalardan saylangan deputatlik guruhlari rahbarlariga:
- o‘n kun muddatda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 
103-moddasi hamda "Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunning 
251–moddasida belgilangan tuman, shahar hokimining hisoboti tegishli xalq deputatlari Kengashining viloyat, tuman, shaharning o‘tgan yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yakunlari va joriy yilga mo‘ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisida eshitilishini ta’minlash;
- tuman, shahar hokimining hisoboti tegishli xalq deputatlari Kengashining majlisida eshitilishini Oliy Majlis Senati Kengashining 
2015 yil 22 iyundagi KQ-28-II-sonli qaroriga asosan qabul qilingan Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining "Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashining Reglamentiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarorlari belgilangan tartib asosida amalga oshirilishini ta’minlash tavsiya etilsin.
3. Xorazm viloyati hokimi P.Bobojonovga manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda:
-2015-2019 yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va modernizatsiyalash dasturida, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha o‘rtacha muddatli istiqbolga qabul qilingan sakkizta maqsadli dasturiy hujjatlarda 2016 yil uchun belgilangan maqsadli parametrlar va aniq tadbirlar so‘zsiz bajarilishi ustidan qat’iy nazoratni ta’minlash;
-viloyat hokimligi majlislarida tegishli boshqarmalar, idoralar, aktsiyadorlik kompaniyalari, uyushmalar va boshqa xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida, respublika hududlarida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi va amaliy natijadorligi to‘g‘risidagi hisobotlarini muntazam ravishda eshitib borish;
-O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va Hukumatning iqtisodiyotni yanada isloh qilish, chuqur tarkibiy o‘zgartirishlar va modernizatsiyalash, xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlashga doir qabul qilingan qarorlari, dasturiy chora-tadbirlar ijrosini yilning har choragida viloyat faollar yig‘ilishi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashi majlislarida ko‘rib chiqish; 
-manfaatdor vazirliklar, idoralar, aktsiyadorlik kompaniyalari, uyushmalar bilan birgalikda uch oy muddatda yuqori salohiyatga ega bo‘lgan xomashyo va yarim tayyor mahsulotlarning har bir istiqbolli turi bo‘yicha tubdan yangi dasturiy kompleks yondashuv asosida 2020, 2025 va 2030 yillarga mo‘ljallangan, harajatlarning maqsadga muvofiqligini va o‘zini qoplashini asoslagan holda, xomashyodan tortib pirovard iste’molga tayyor mahsulotgacha chuqur qayta ishlashning to‘liq 3-4 bosqichli tsiklini nazarda tutuvchi ularni chuqur qayta ishlash dasturini ishlab chiqish;
-tarmoqlarni rivojlantirish va hududlarni kompleks rivojlantirishning prognoz parametrlarini so‘zsiz bajarish, ishlab chiqarish va infratuzilma ob’ektlarini belgilangan muddatlarda ishga tushirish maqsadida, ularga etkazilgan ko‘rsatkichlarni, shu jumladan barcha mavjud resurslar va rezervlarni jalb etish hisobiga bajarish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish;
-idoraviy mansub tashkilotlar, korxonalar, shuningdek hududlar bo‘yicha iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning prognoz parametrlari bajarilishining doimiy monitoringini olib borsinlar, zaruriyat bo‘lganda mavjud masalalarni hal etish va yo‘l qo‘yilgan qoloqlikning o‘rnini to‘ldirish yuzasidan tezkor chora-tadbirlar ko‘rish tavsiya etilsin. 
4. Viloyat Iqtisodiyot boshqarmasi (Davletov), yangidan quriladigan va rekonstruktsiya qilinadigan ishlab chiqarish quvvatlari loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslanishini, texnika va texnologiyalarni ekspertizadan o‘tkazib, sanoat tarmoqlari korxonalari zamonaviy texnologik asbob-uskuna va ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlanganligining holatini o‘rganish ishlarini yil mobaynida muntazam asosda tashkil etsin. Bir oy muddatda tekshiruvlar va texnik audit o‘tkazish jadvalini ishlab chiqsin hamda tekshiruvlar natijalari bo‘yicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan viloyat hokimligiga aniq takliflar kiritsin.
5. Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish viloyat boshqarmasi (Raxmatullaev) Iqtisodiyot Bosh boshqarmasi (Davletov), Moliya boshqarmasi (Davlatov), xo‘jalik birlashmalari va aktsiyadorlik jamiyatlari bilan birgalikda ishlab chiqarishlarni xususiylashtirish va aktsiyadorlashtirish dasturida nazarda tutilgan korxonalarning ustav kapitallaridagi davlat ulushlari va aktivlarini xususiy mulkdorlarga sotish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rsin, zarar ko‘rib ishlayotgan va samarasiz (asbob-uskunalari eski bo‘lgan, sifati past mahsulot ishlab chiqarayotgan, debitorlik va kreditorlik qarzlari mavjud bo‘lgan, ushbu holatdan chiqib ketishning aniq dasturi bo‘lmagan) korxonalar joriy yilning 
I choragida tugatilishini yakunlasin, potentsial investorlar bilan ishlashni tizimli asosda olib borsin.
6. Viloyat Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo boshqarmasi (Abdirimov), TIF Milliy bank qoshidagi "Eksportni qo‘llab quvvatlash” jamg‘armasi (Atamurotov) bilan birgalikda eksport faoliyatiga yangi ishtirokchilarni jalb qilish, mahsulotlar eksportini kengaytirish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish uchun shaxsiy mas’uliyat yuklansin.
7. Viloyat Iqtisodiyot bosh boshqarmasi (Davletov), Moliya boshqarmasi (Davlatov), Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo boshqarmasi (Abdirimov), Davlat bojxona boshqarmasi (Valiev)lar:
bir oy muddatda eksport qiluvchi korxonalarga berilayotgan imtiyozlar tizimini tanqidiy ko‘rib chiqsin, eksport qiluvchi korxonalarni qo‘shimcha ravishda rag‘batlantirish, bojxona tartibotlarini yanada soddalashtirish, ularni amalga oshirish muddatlarini qisqartirish, tashqi savdo operatsiyalarini o‘tkazganlik uchun tariflarni pasaytirish, mahsulotlarni eksport qilish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha hujjatlar va ruxsat beruvchi tartib-taomillarni rasmiylashtirishning elektron shaklini keng joriy etish bo‘yicha aniq takliflar tayyorlasinlar va viloyat hokimiga kiritsinlar.
8. Moliya boshqarmasi (Davlatov), Markaziy bank bosh boshqarmasi (Babajanov), Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bank viloyat filiali (Masharipov)lar: bir oy muddatda viloyat hokimligiga Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining faoliyatini yanada takomillashtirish, joriy yilda uning ustav kapitali miqdorini kamida ikki baravarga ko‘paytirish, shuningdek uning vakolatlari, funktsiyalarini va Jamg‘arma tomonidan ko‘rsatiladigan moliyaviy xizmatlar turlarini kengaytirsin.
9. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Sh.Xo‘janiyozova, Iqtisodiyot bosh boshqarmasi (Davletov), shahar va tumanlar hokimlari:
-tarmoqlarni rivojlantirish va hududlarni kompleks rivojlantirishning prognoz parametrlarini so‘zsiz bajarish, ishlab chiqarish va infratuzilma ob’ektlarini belgilangan muddatlarda ishga tushirish maqsadida, ularga etkazilgan ko‘rsatkichlarni, shu jumladan barcha mavjud resurslar va rezervlarni jalb etish hisobiga bajarish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni o‘n kun muddatda ishlab chiqsinlar;
-tashkilotlar, korxonalar, shuningdek hududlar bo‘yicha iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning prognoz parametrlari bajarilishining doimiy monitoringini olib borsinlar, zaruriyat bo‘lganda mavjud masalalarni hal etish va yo‘l qo‘yilgan qoloqlikning o‘rnini to‘ldirish yuzasidan tezkor chora-tadbirlar ko‘rish vazifasi topshirilsin.
10. Viloyat hokimligi qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyati mudiri F.Sharipov, Qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi (Raximov), Iqtisodiyot boshqarmasi (Davletov), Moliya boshqarmasi (Davlatov), viloyat Fermerlari kengashi (Sapaev), shahar va tumanlar hokimlari bilan birgalikda:
2016 yilda viloyat bo‘yicha g‘o‘za ekin maydonlarini optimallashtirish va paxtani navlar bo‘yicha joylashtirish yuzasidan takliflarni tasdiqlash uchun bir hafta muddatda kiritsin;
2016-2020 yillarda qishloq xo‘jaligini yanada isloh qilish va rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan dasturiy tadbirlarni 2016 yilda amalda joriy etishning yo‘l xaritalarini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin, ularning amalga oshirilishi yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatsin.
11. Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Sh.Xo‘janiyozova, viloyat hokimining o‘rinbosari R.Ro‘zmetov shahar va tumanlar hokimlari bilan birgalikda:
-2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiyalash va diversifikatsiyalashni ta’minlash chora-tadbirlari dasturida hamda 2016 yilgi Investitsiya dasturida 2016 yilga mo‘ljallangan ob’ektlar so‘zsiz ishga tushirilishi, davom etadigan va yangidan boshlanadigan investitsiya loyihalari bo‘yicha loyihalash va qurilish-montaj ishlarining zarur hajmlarda belgilangan muddatlarda amalga oshirsin;
-texnologik uskunalar etkazib beruvchilarni aniqlash bo‘yicha tender va tanlov savdolari o‘z vaqtida o‘tkazilishi, ishlab chiqarish quvvatlarini va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini qurish va rekonstruktsiya qilish bo‘yicha yangidan boshlanadigan investitsiya loyihalari doirasida ular bilan shartnomalar tuzsin;
-buyurtmachilar tomonidan shu yil 25 yanvargacha bo‘lgan muddatda 2016 yilgi Investitsiya dasturiga kiritilgan barcha ob’ektlar bo‘yicha pudrat tashkilotlari bilan shartnomalar tuzish yakunlasin;
-2016 yilda qurish, rekonstruktsiya qilish va ta’mirlashning manzilli ro‘yxatlariga kiritilgan yangidan boshlanadigan ob’ektlar bo‘yicha moliyalashtirish o‘z vaqtida boshlasin;
-2016 yilgi Investitsiya dasturining bajarilishini har oyda viloyat hokimligi muhokama majlislarida ko‘rib chiqilishini ta’minlasin.
"Qishloq qurilish invest" MChJ injiniring kompaniyasi (T.Ro‘zmetov) bilan birga:
-Markazlashtirilgan kapital qo‘yilmalar hisobiga moliyalashtiriladigan loyihalar bo‘yicha pudrat tashkilotlarini aniqlashga doir tanlov savdolarining belgilangan muddatlarda tugallanishi yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatsinlar, 2016 yilgi pudrat ishlari dasturlarining o‘z vaqtida bajarilishi yuzasidan buyurtmachilar, loyihalash va qurilish tashkilotlari xizmatlarining ishlari aniq muvofiqlashtirilishini ta’minlasinlar.
-Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 14 sentyabrdagi 264-son qaroriga muvofiq tuzilgan Investitsiya loyihalari doirasida tovarlar, ishlar va xizmatlarni xarid qilish bo‘yicha idoralararo tender komissiyalari raislari xalqaro moliya institutlarining mablag‘lari ishtirokida moliyalashtiriladigan yangidan boshlanadigan va davom etadigan investitsiya loyihalari bo‘yicha tender tartib-taomillarini tugallash, kontraktlar tuzish va vakolatli organlarda ro‘yxatdan o‘tkazish jadvallari bir hafta muddatda tasdiqlanishini ta’minlasinlar.
12. Viloyat hokimligi kompyuterlashtirish guruhi raxbari (Sadiqov), Aloqa axborotlashtirish (Xayitboev), Iqtisodiyot bosh boshqarmasi (Davletov), Moliya vazirligi (Davlatov), boshqa manfaatdor tashkilot va idoralar bilan birgalikda:
-bir oy muddatda "Elektron hukumat”ning axborot tizimlari va ma’lumot bazalari joriy etilishi uchun mas’ul bo‘lgan vazirliklar va idoralarda ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini tanqidiy baholasin hamda davlat dasturiga kiritilgan loyihalarning so‘zsiz va o‘z vaqtida amalga oshirilishi yuzasidan qo‘shimcha tadbirlar ishlab chiqsin;
-2013-2020 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish Kompleks dasturida 2016 yil uchun nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini tanqidiy baholasin va bu boradagi ishlarni jadallashtirsin, bunda elektron hukumatning uchta markaziy ma’lumotlar  bazalari (jismoniy va yuridik shaxslar ma’lumotlar bazalari, ma’lumotnomalar va klassifikatorlar) va axborot tizimlarining oltita komplekslari belgilangan muddatlarda so‘zsiz ishga tushirilishini, kamida 2,0 ming km tolali-optik aloqa liniyalarini, 3G va 4G LTE texnologiyalari bo‘yicha mobil aloqa tarmoqlarini  qurilishi va ishga tushirilishini, 2017 yilda respublikaning barcha hududlarini raqamli televideniega o‘tkazish bo‘yicha mustahkam texnik baza yaratilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratsin.
13."Shimolgazta’minot" UK (Bekchanov) va "Tuyamuyin-Urganch” MSKFB (Islomov)larga idoraviy mansub tashkilotlarda va hududiy korxonalarda debitorlik qarzini qisqartirish va moliyaviy-iqtisodiy ishlarni yaxshilash yuzasidan ular tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning etarli emasligi ko‘rsatib o‘tilsin.
14.Viloyat hokimning birichi o‘rinbosari Sh.Xo‘janiyozova, Markaziy bank (Babajanov), Iqtisodiyot bosh boshqarmasi (Davletov), Moliya boshqarmasi (Davlatov) va Davlat soliq boshqarmasi (Temurov), uyushmalar va yirik korxonalar, tijorat banklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda korxonalarning moliyaviy ahvolini tanqidiy tahlil qilish asosida 2016 yilga belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarini o‘z vaqtida bajarish uchun aniq korxonalarning aylanma mablag‘larni to‘ldirishga bo‘lgan ehtiyojlari to‘g‘risidagi takliflarni ko‘rib chiqish uchun Muddati o‘tkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlarni qisqartirish hamda byudjetga to‘lovlar intizomini mustahkamlash bo‘yicha viloyat komissiyasiga kiritsinlar.
Tarmoqlar va hududlar bo‘yicha debitorlik va kreditorlik qarzlarini qisqartirish, etkazib beruvchilar va iste’molchilarning o‘zaro hisob-kitoblar o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishi uchun javobgarligini kuchaytirish yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlarning natijalari har chorakda Muddati o‘tkazib yuborilgan debitorlik va kreditorlik qarzlarini qisqartirish hamda byudjetga to‘lovlar intizomini mustahkamlash bo‘yicha viloyat komissiyasi majlislarida ko‘rib chiqilsin.
15. Viloyat hokimning birichi o‘rinbosari Sh.Xo‘janiyozova, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boshqarmasi (Qurbonov), shaharlar va tumanlar hokimlari bilan birgalikda:
-2016 yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi parametrlarining so‘zsiz bajarilishini ta’minlash yuzasidan tizimli ishlarni tashkil etsinlar.
-Shaharlar va tumanlar hokimlari zimmasiga eng avvalo, yoshlarni, ayniqsa qishloq joylarda ishga joylashtirishning 2016 yil uchun belgilangan maqsadli parametrlarini ta’minlash yuzasidan shaxsiy mas’uliyat yuklansin.
Dastur parametrlarining hamda kasb-hunar kollejlari va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish chora-tadbirlarining bajarilishi har chorakda viloyat hokimligi majlislarida ko‘rib chiqsin. 
16. Viloyat hokimning o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi S.Abdikarimova, viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi (Zaitov), Iqtisodiyot bosh boshqarmasi (Davletov), Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza boshqarmasi (Qurbonov), shaharlar va tumanlar hokimldari bilan birgalikda:
-Kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning 2015/2016 o‘quv yili bitiruvchilarini aniq tashkilotlarga ish beruvchilarga biriktirish yo‘li bilan ularni ishga joylashtirish, ta’lim muassasalari, bitiruvchilar va ish beruvchilar o‘rtasidagi uch tomonlama shartnomalar shartlariga rioya etilishini nazorat qilish samaradorligini oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rsin;
-Shaharlar va tumanlar hududlarida 3-4 yildan keyin ishga tushiriladigan yangi ob’ektlarni hamda ularni ta’minlash uchun, zarurat bo‘lganda, yangi mutaxassisliklar ochgan holda aniq kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olgan holda ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarga o‘qishga qabul qilish rejasini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan joriy yilning 20 apreligacha bo‘lgan muddatda viloyat hokimiga aniq takliflar kiritsinlar.
17. Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boshqarmasi (Qurbonov) xalq deputatlari viloyatlar Kengashlari deputatlari bilan birgalikda joylarda yangi ish o‘rinlari tashkil etish sifati va natijadorligi yuzasidan ishlarning holati muntazam asosda o‘rganilishini ta’minlasin, bunda kasanachilik sohasidagi bandlikka, hisobotlarda faqat bozorlarda sotish uchun tovarlar ishlab chiqaruvchi ish o‘rinlarining aks ettirilishiga asosiy e’tibor qaratgan holda ish tashkil etish tavsiya etilsin.
18. Xalq deputatlari viloyat Kengashining Mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlar va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi raisi E.Bobojonovga mazkur sessiya qarorida belgilangan vazifalarning bajarilishi bo‘yicha mutasaddi rahbarlarning hisobotini eshitish hamda  2016 yilning har choragida doimiy komissiya majlisida muhokama etib borish va xalq deputatlari viloyat Kengashiga axborot berish topshirilsin.
19. Xorazm viloyat teleradiokompaniyasi (Matqurbonov), "Xorazm haqiqati” va "Xorezmskaya pravda gazetalari taxrirriyat (Raximberganova)lariga viloyatda 2016 yil iqtisodiy dasturining ustuvor vaziflrini bajarilishini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning borishi haqida ommaviy axborot vositalarida maxsus ruknlar ostida teleko‘rsatuvlar va maqolalalar berib borilishini ta’minlash tavsiya etilsin.
20. Mazkur qaror matbuotda e’lon qilinsin.
21. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Xalq deputatlari viloyat Kengashining Mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlar va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi raisi E.Babajanov zimmasiga yuklatilsin.

Xalq deputatlari Xorazm viloyat 
Kengashining oltinchi sessiyasi raisi R.Saburov